Jahon | 12:41 / 02.02.2021
12576
8 daqiqa o‘qiladi

Vaksina mojarosi. Yevroittifoq va AstraZeneca o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘ldi

Yevroittifoq AstraZeneca kompaniyasiga buyurtma bergan koronavirus vaksinasini to‘lig‘icha ololmayapti. Nega bunday bo‘lyapti, voqealarga Buyuk Britaniyaning nima daxli bor va Yevroittifoq endi nima qiladi?

Foto: EPA/Vostock-photo

Shunday bo‘lgan taqdirda bu preparat Yevroittifoq ruxsat bergan Covid-19’ga qarshi uchinchi vaksina bo‘ladi. Shunga qaramay, Yevroittifoq ommaviy emlash tempi bo‘yicha dunyoning boshqa davlatlaridan ancha ortda qolmoqda. Yevrokomissiya va AstraZeneca o‘rtasida esa jiddiy ziddiyat kelib chiqdi.

Rasmiy Bryussel va AstraZeneca o‘rtasidagi kelishmovchilikning mohiyati nimada?

2020 yilning avgustida imzolangan shartnomaga ko‘ra, Yevroittifoq kompaniyadan 400 million dozada vaksina olishi kerak. YeI vakilining aytishicha, AstraZeneca kelishuv doirasida 336 million yevro bo‘nak olgan.

Biroq joriy yilning 22 yanvarida kutilmaganda AstraZeneca ishlab chiqarish quvvatlari yetishmovchiligi bois mart oxirigacha kelishilgan hajmda vaksina yetkazib berolmasligini ma'lum qildi. 2021 yilning ilk choragida farmkompaniya Yevroittifoqqa 31 million dozadan ortig‘ini yetkazib berolmaydi. Bu esa rejalashtirilgandan 60 foizga kamroq.

AstraZeneca bosh direktori Paskal Suaro kechikishlar Belgiya va Niderlandiyadagi zavodlarda yuzaga kelgan texnik masalalar bilan bog‘liqligini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya o‘ziga bog‘liq bo‘lgan barcha muammolarni hal qilish harakatida, lekin bunga vaqt kerak.

AstraZeneca dastlab Buyuk Britaniya ehtiyojlarini qondiradimi?

Voqealarning bunday rivoji Bryusselning jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi.

«Yangi reja bizni qoniqtirmaydi. YeI vaksina tadqiqotlari va ishlab chiqarishini moliyalashtirdi va bundan naf ko‘rishni istaydi», deya bayonot bergan YeIning sog‘liqni saqlash ishlari bo‘yicha komissari Stella Kiriakides va AstraZeneca’dan shartnomada ko‘rsatilgan talablarni to‘la bajarishni talab qilgan.

AstraZeneca Yevroittifoqqa zarur miqdordagi vaksina yetkazib bera olmasdan, Buyuk Britaniyaga atalgan vaksina partiyasini kamaytirmoqchi emas. Yevroittifoqda ularga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan vaksinalarning bir qismi Buyuk Britaniya va Yevroittifoqqa kirmaydigan boshqa davlatlarga yetkazilishi oqsashning asosiy sabablaridan biri, degan gumon tobora urchib bormoqda.

Paskal Sorit esa, o‘z navbatida, kompaniyaga tirkalayotgan bu kabi ayblovlarni rad etdi. AstraZeneca rahbari OAVga bergan intervyusida Yevroittifoq bilan tuzilgan shartnomada na dozalar adadi, na yetkazib berish grafigi ko‘rsatilganini alohida ta'kidlab o‘tdi.

«Yevroittifoq bilan shartnoma Buyuk Britaniya bilan kelishuvdan 3 oy o‘tib imzolangan. Bu davr mobaynida kompaniya muammolarni bartaraf etib ulgurgan. Shuning uchun Britaniyaga vaksina yetkazish ancha ravon uzilishlarsiz davom etmoqda.

AstraZeneca o‘z vaksinasini «qanaqadir foyda uchun» sotayotgani yo‘q. Bu vaksinadan foyda qilinayotgani yo‘q va Yevropaga adolat bilan munosabatda bo‘linyapti», degan u.

Yevroittifoq: AstraZenecaning dalillari ishonchli emas

Yevrokomissiya kompaniyadan shartnoma shartlarini bajarishni talab qilishda davom etmoqda. Hatto natijada AstraZeneca Buyuk Britaniyaga avvalgi hajmda vaksina yetkazib bera olmay qolsa ham.

«Shartnomalarda alohida davlatlarga birinchi bo‘lib yetkazib berish degan band yo‘q. AstraZeneca vaksinalarni Buyuk Britaniyadagi ikkita va Yevroittifoqda ham ikki zavodda ishlab chiqarmoqda», degan yevrokomissar Kiriakides.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda qaysi zavodda ishlab chiqarilgan vaksina qaysi davlatga yetkazilishi ko‘rsatilmagan. Yevroparlament deputati Peter Lize ham kompaniyaning argumentlari ishonchga sazovor emasligini aytib o‘tdi. Axir vaksinani Buyuk Britaniyadan Yevropa qit'asi bo‘ylab istalgan davlatga muammosiz yetkazish mumkin.

Vaksina eksporti nazorat qilinadimi?

Undan tashqari, Yevrokomissiya vaksina eksportini bilvosita nazorat qila boshlashi mumkin. YeIning rejalariga ko‘ra, farmkompaniyalar o‘zlari ishlab chiqargan vaksinalar eksporti haqida Bryusselni ancha avval ogohlantirib qo‘yishlari lozim bo‘ladi.

Bu esa o‘z navbatida, Yevroittifoq va kompaniyaning boshqa mijozlari, aytaylik, Buyuk Britaniya va AQSh o‘rtasida siyosiy ziddiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Stella Kiriakides Yevroittifoq vaksinalar eksportini taqiqlash emas, balki ko‘proq shaffoflikka erishishni istayotganini alohida ta'kidlagan.

Ustiga ustak, Germaniyaning vaksinatsiya bo‘yicha muntazam komissiyasi (Stiko) 28 yanvarda AstraZeneca vaksinasi bo‘yicha xulosasini taqdim qildi. Turdosh vaksinalar bo‘lmish Biontech/Pfizer va Moderna’dan farqli o‘laroq, AstraZeneca vaksinasini faqat 18-64 yosh oralig‘idagi odamlarga qo‘llash mumkin ekani aytildi. Bunga 64 yoshdan kattalarga vaksinaning samaradorligi haqida ma'lumotlar yetarli emasligi sabab bo‘lgan.  

Yevroittifoqda emlash aksiyasi bir joyda turib qoldi

Biroq AstraZeneca bilan muammolarni aytmaganda ham, Yevroittifoqda fuqarolarni emlash tempi hamon sustligicha qolmoqda. Isroil, AQSh va Buyuk Britaniyada bu jarayon ancha tez ketyapti. Umumiy hisobda, Yevroittifoq 8 farmkompaniya bilan 2,3 milliard doza vaksina sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Hozirgi kunda Yevroittifoqqa faqat BioNTech/Pfizer vaksinalari yetkazib berilmoqda, xolos.

Ispaniyada preparat yetishmovchiligi tufayli emlash aksiyasi ikki haftaga to‘xtatib turilishi e'lon qilindi. Germaniyada ko‘plab vaksinatsiya markazlari ishga tushgani ham yo‘q. 80 yoshdan kattalar va tibbiyot xodimlarini emlash esa, kutilganidan ko‘proq vaqt olyapti.

Yevroittifoqning 27 davlatida istiqomat qiluvchi 27 a'zo-mamlakatlarning 450 million aholisidan atigi 8,4 millioni emlandi. Joriy temp saqlanib qolsa, Yevropaning barcha aholisini emlashga ikki yil vaqt ketadi.

AstraZeneca ertaroq va ko‘proq vaksina yetkazib beradi

AstraZeneca kompaniyasi martgacha Yevroittifoqqa qo‘shimcha 9 million vaksina yetkazib beradi. Undan tashqari vaksinani yetkazib berish rejalashtirilganidan bir hafta avvalroq boshlanishi kutilmoqda. Bryussel farmkompaniyani shartnomani bajarmaslikda ayblashni boshlashi ortidan kelib chiqqan mojarodan keyin shu qarorga kelindi.

Shunday qilib, mojaro hozircha sulh bilan tugadi. Lekin Yevrokomissiya vaksina ishlab chiqaruvchi shartnomalarga qay darajada amal qilayotgani qattiq kuzatuvga olinishini va qaysi hollarda Yevroittifoqdan vaksina eksporti to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini ma'lum qildi. Bungacha yevropalik ko‘plab siyosatchilar vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniyalar va boy davlatlarni tanqid qilib kelishayotgan edi.

Ayni damda Avstriya va Germaniya kabi davlatlar Katta Yevropa doirasidagi o‘zaro ko‘mak hali amalda ekanini bayon qilishdi. Rasmiy Vena Portugaliyadan koronavirus bemorlarini qabul qilishga tayyorligini ma'lum qildi. Germaniya esa, Lissabonga harbiy vrachlar otryadini jo‘natadi. Portugaliyada kasalxonalar to‘lib-toshib ketgan, hukumat mamlakatdagi vaziyatni «juda og‘ir» deb baholagan.

Kasallanganlarni chegaradan olib o‘tish sxemasi o‘tgan yili bahorda ro‘y bergan koronavirusning birinchi to‘lqini davridayoq ishlab chiqilgan. O‘shanda mamlakatlarning tibbiyot tizimi pandemiyaga tayyor emasligi ko‘rinib qolgandi. Payshanba kuni Portugaliyada koronavirusdan halok bo‘lganlar sonining kunlik ko‘rsatkichi 300 kishidan oshib ketdi – bu pandemiya boshlanganidan beri antirekord.

Portugaliya o‘tgan hafta o‘z chegaralarini yopdi. Bir necha davlatlar tarixiy rishtalar tufayli yaqin bo‘lgan Braziliyada koronavirusning yangi shtammi aniqlanganidan so‘ng Portugaliya bilan chegaralarni ertaroq yopgandi.

Mavzuga oid