O‘zbekiston | 23:05 / 04.02.2021
23106
2 daqiqa o‘qiladi

Buxorodagi gaz portlashida 12 kishi jabrlangan. Jinoyat ishi ochildi

Jabrlanganlardan 3 nafari uy ichida, 9 nafari esa transport vositalarida ketayotgan yo‘lovchilar bo‘lgan. Bir kishi og‘ir ahvolda. 10 nafar jabrlanuvchi o‘rta og‘ir tan jarohati olgan.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Buxoro viloyati IIB Buxoro shahrining Islom Karimov ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli uydagi portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Viloyat prokuraturasi xabariga ko‘ra, jabrlanuvchilar soni – 12 nafar. Ulardan biri og‘ir ahvolda.

Jabrlanganlar Favqulodda vaziyatlar vazirligining dastlabki xabarida 3 nafar, keyinroq viloyat hokimligi bergan axborotda esa 6 nafar ekani aytilgandi.

«Ko‘p qavatli uyda bo‘lgan A.Mirzayev, N.Samadov va I.Sotiboldiyevlar, portlash jarayonida yo‘ldan transport vositalarida yo‘lovchi sifatida ketayotgan F.Jo‘rayeva, Sh.O‘rinova, N.Roziqova, B.Jo‘rayev, M.Mahmudova, B.Sobirova, Sh.Idiyeva, F.Yuldasheva va Sh.Asadovalar turli darajadagi tan jarohatlari olib, RShTYoIM Buxoro filialiga olib kelingan.

A.Mirzayev og‘ir, Sh.Asadova yengil va qolgan barcha fuqarolar o‘rta og‘ir tan jarohati olishgan. Hozirda ularga shifokorlar tomonidan tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.

Yetkazilgan tan jarohatlari bo‘yicha sudga oid tibbiyot va zarar yetkazilgani bo‘yicha sudga oid baholash hamda sudga oid qurilish texnikaviy ekspertizalar tayinlandi.

Holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi TB tomonidan JKning 259-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi», – deyiladi Buxoro viloyati prokuraturasi xabarida.

Foto: Buxoro viloyati prokuraturasi

Eslatib o‘tamiz, portlash 4 fevral kuni soat 17:30da, «White Group Trading» MChJ tomonidan qurilgan 9 qavatli uyning 3-qavatida ro‘y berdi.

Hodisa tabiiy gazni ulash jarayonida gazning quvurdan sizib chiqishi natijasida yuzaga kelgan.

Mavzuga oid