O‘zbekiston | 17:22 / 10.02.2021
36886
3 daqiqa o‘qiladi

Har qanday majlisbozlikni yig‘ishtirish kerak - prezident

Prezident bosh vazirga mahalla raislari va uchastka nozirlarini hokimiyatga majlisga chaqirishni qat'iyan taqiqlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»dagi rejalashtirilgan vazifalar bo‘yicha selektor o‘tkazilmoqda. Tadbirda barcha vazirliklar, viloyatlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, davlat rahbari yana bir bor majlisbozliklarni kamaytirish zarurligi haqida gapirgan.

 «Davlat dasturi bo‘yicha menga xalqimizdan kelib tushgan 2 mingdan ortiq takliflarni olib kelishdi. Men bundan juda xursand bo‘ldim. Chunki xalqimiz o‘yg‘onmoqda.

Har qancha qiyin bo‘lmasin, joriy yilda 500 ming nafar yoshlar va 200 ming ayollarni ish bilan ta'minlash hamda «temir daftar»ga kirgan 300 ming nafar kishini kambag‘allikdan chiqarish lozim.

Agar barcha topshiriqlarga qunt bilan, aql va sadoqat bilan yondashilsa, hammasini bajarsa bo‘ladi.

Shu bilan birga, 33ta «qizil» tuman va og‘ir ahvoldagi 970ta mahallaning yo‘li, ichimlik suvi va elektr ta'minoti, irrigatsiya tarmog‘i yaxshi bo‘lishini, daromad manbalari ko‘payishini odamlar kutyapti.

Biz bu yil marrani juda katta olyapmiz. Nima uchun?

Avvalo, ko‘pni ko‘rgan, qiyinchiliklarda toblangan mard va matonatli xalqimizning buyuk bunyodkorlik salohiyatiga, o‘tgan davrda yaratilgan iqtisodiy poydevorga ishonib, mana shunday ulkan reja va vazifalar ijrosiga kirishmoqdamiz.

Buni men pandemiya boshlanganda, 2020 yil 15 martdayoq aytganman. Temir intizom kerak. Har qanday majlisbozlikni yig‘ishtirish kerak. Yig‘ilishlarni faqat mahallalarda o‘tkazinglar, xalq bilsin.

Bosh vazirga topshiriq – mahalla raislari va uchastka nozirlarini hokimiyatga majlisga chaqirish qat'iyan taqiqlanadi.

Bu «uchastkovoy»larga boshliq bo‘lmagan odamning o‘zi yo‘q ekan. Ichki ishlar tizimi masalasini o‘zi yaqin orada alohida ko‘rib chiqamiz», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid