Jahon | 14:35 / 12.02.2021
4815
3 daqiqa o‘qiladi

Bryussel pandemiyaga qarshi kurashish doirasida yo‘l qo‘ygan xatolarini tan oldi

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevroparlamentdagi chiqishida rasmiy Bryusselning yevropaliklarni emlash bo‘yicha tanqidga uchrayotgan strategiyasini oqlashga harakat qildi. Shu bilan birga, xatolarga yo‘l qo‘yilganini ham tan oldi.

Shuningdek, Yevroittifoq sarhadlaridan vaksina olib chiqib ketishga yo‘l qo‘ymaslik haqida ham gap ketgan. Bu mavzu janjallarga sabab bo‘lgach, qayta ko‘rib chiqildi. Bunday chora Irlandiya chegarasida chegara va bojxona nazorati tiklanishiga sabab bo‘lishi mumkin edi. Bu esa o‘z navbatida oroldagi hech kim uchun manfaatli emas.

«Irlandiya oroli haqida bir og‘iz gap aytishga izn beringlar. Gap shundaki, ish jarayonida xatoga yo‘l qo‘yildi va shunday qarorga kelindi. Bundan qattiq afsusdaman. Oxir-oqibat hammasini to‘g‘riladik.

Sizlarni ishontirib aytishim mumkinki, men boshchiligimdagi komissiya Buyuk Britaniya Yevroittifoqdan chiqish jarayonida qilganimiz kabi Shimoliy Irlandiyada tinchlik saqlanishi uchun qo‘ldan kelganini qiladi», degan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen.

Yevrokomissiyada, shuningdek, emlash kampaniyasi bilan bog‘liq murakkab jarayonlarga to‘g‘ri baho berilmaganini tan olishdi. Xususan, vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha o‘ta nekbin bo‘lingani va amalda preparatni tasdiqlashda ancha kechikilgani aytib o‘tilgan.

Fon der Lyayyen rasmiy Bryussel ayni damda Yevroittifoq davlatlarida vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishni tezlashtirish niyatida ekanini bildirdi.

«Biz Yevropa dori preparatlari agentligi (YeMA) klinik sinovlar natijalari haqidagi ma'lumotni tezroq ola bilish uchun ma'lumotlar almashinuvini yaxshilashimiz darkor. Hozirda ixtiyorimizda sinovlar o‘tkazilayotgan Yevropaning kasalxonalar tarmog‘i bor. Bu bilan bir vaqtning o‘zida sog‘liqni saqlash bo‘yicha vakilimiz Stella Kiriakidis tekshiruv va litsenziyalash jarayonlarini tezlashtirish uchun huquqiy asoslar ustida ishlaydi», degan u.

Yevropaliklar ayni damda Yevroittifoqda tasdiqdan o‘tgan Pfizer, Moderna va AstraZeneca vaksinalari bilan emlanmoqda. Undan tashqari, Johnson&Johnson, Sanofi-GSK va CureVac kompaniyalari bilan ham shartnomalar tuzilgan. Ammo oxirgi uch kompaniya o‘z preparatlarini tasdiqdan o‘tkazish uchun hali ariza topshirishmagan. Ta'minot masalasida muammolarga qaramay, rasmiy Bryussel yoz oxirlariga borib Yevroittifoqda aholining 70 foizi emlanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid