O‘zbekiston | 21:49 / 15.02.2021
3952
4 daqiqa o‘qiladi

Maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi ishlab chiqildi

Aholi va tadbirkorlarga yengillik yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining «Maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori loyihasi ishlab chiqilib, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirdi.

«Bugungi kunda 49 turda litsenziyalanadigan faoliyat turlari mavjud bo‘lib, ushbu tartib-taomillardan o‘tish va faoliyatni nazorat qilishning unifikatsiyalashgan tartibi o‘rnatilmagan. Ya'ni, har bir litsenziyalanadigan faoliyat turlari bo‘yicha alohida nizomlar tasdiqlangan.

Shu sababli, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini soddalashtirish hamda ularni yagona hujjatga birlashtirish maqsadida birinchi navbatda 30ta faoliyat turi tanlab olindi.

Mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan nizom loyihasi va unga ilova qilinayotgan pasportlar «konstruktor» usulida tayyorlangan bo‘lib, kelgusida boshqa litsenziyalanadigan faoliyatlarning pasportlarini ishlab chiqish va ushbu nizomga ilova qilish orqali kengaytirish mumkin.

Mavjud 31 turdagi litsenziyalar uchun alohida nizomlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi natijasida normativ-huquqiy hujjatlar soni sun'iy oshib ketishiga, bir xil mazmundagi tartibga solish jarayoni har bir hujjatda qaytarilishiga va huquqni qo‘llash amaliyotida anglashilmovchilik va qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin. Shu sababli litsenziyalanadigan faoliyatlar asosini belgilaydigan tartiblarni unifikatsiyalash zarurati yuzaga kelmoqda.

Lisenziyalanadigan faoliyatlarni turli normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinishi foydalanuvchilarga turli noqulaylik va qiyinchiliklar olib kelayotgan edi», deydi Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev ushbu tizimni joriy etish zarurati haqida.

Qaror loyihasining mazmuni

Loyihaga asosan, Maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizom tasdiqlanmoqda.

Nizom bilan maxsus elektron tizim orqali litsenziyalashning umumiy qoidalari, faoliyatni amalga oshirishning umumiy talablari va shartlari, litsenziya olish uchun ariza berish va uni ko‘rib chiqish tartibi, litsenziyani qayta rasmiylashtirish, muddatini uzaytirish, litsenziyani o‘zgartirish va faoliyatning kichik turiga litsenziya olish tartiblari, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, bekor qilish va tugatish, faoliyatni nazorat qilish tartibi va javobgarlik, litsenziyalovchi organlar qarorlariga (xatti-harakatlariga) nisbatan ma'muriy shikoyat berish va uni ko‘rib chiqish tartibi hamda litsenziyalar reyestrini yuritish jarayoni batafsil yoritilgan.

Nizom loyihasida ma'muriy shikoyatlar berish va uni ko‘rib chiqish jarayoni «Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiqlashtirilgan.

Xususan, litsenziya berish to‘g‘risidagi qaror respublika darajasidagi vakolatli organ tomonidan qabul qilinsa, vakolatli organning xatti-harakatlari yoki qarorlari ustidan Apellyatsiya kengashiga murojaat qilishi belgilanmoqda. Nizomda Apellyatsiya kengashining tarkibi va uning vakolatlari aniq belgilanmoqda.

Nizomning 1-31 ilovalari bilan har bir litsenziyalanadigan faoliyatning pasportlari tasdiqlanmoqda.

Pasportlarda har bir litsenziyaning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib asosiy ma'lumotlar joy olgan. Bunda, litsenziyani olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar, faoliyat talab va shartlari batafsil va aniq ko‘rsatilmoqda. Vakolatli organ tomonidan nazorat tadbirlari amalga oshirilganda pasportlarning 9-bandida ko‘rsatilmagan talab va shartlarga rioya etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kutilayotgan natijalar

Loyiha tadbirkorlik sub'yektlariga qulay biznes muhitini yaratishga, litsenziya berish va ushbu faoliyat ustidan nazoratni amalga oshirishning yagona va shaffof mexanizmini yaratilishiga, ushbu jarayonlarda korrupsiyaviy ushbu jarayonlarda korrupsiyaviy holatlar yuzaga kelishining oldini olishga, lisenziatlar huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Ushbu hujjatlarni yagona normativ-huquqiy hujjatda belgilanishi aholiga va tadbirkorlik sub'yektlariga, qolaversa vakolatli organlarga ham qulayliklar yaratadi.

Jamoatchilik muhokamasida kelib tushgan takliflar asosida loyiha yanada takomillashtiriladi.

Mavzuga oid