O‘zbekiston | 21:28 / 16.02.2021
38302
2 daqiqa o‘qiladi

Qurolli kuchlar tarkibidagi serjantlarning ish haqi oshirilishi kutilmoqda

O‘zbekistonlik harbiylarning ham maoshi oshirilishi mumkin. Mudofaa vaziri matbuot kotibi Bahrom Zulfiqorovning aytishicha, mazkur masala yaqinda bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida muhokama qilingan va tez orada serjantlar tarkibining oyligi oshirilishi kutilmoqda.

«Yaqinda bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida serjantlar tarkibini yanada ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning oylik maoshini ko‘tarish masalasi muhokama qilindi. Ayni paytda tegishli hujjat loyihasi tayyorlanib, hukumatga kiritilgan. Tez kunlarda bu ushbu hujjat qabul qilinib, amaliyotga joriy qilinadi va serjantlar tarkibining oyligi oshiriladi.

Shu kungacha ham ularning oylik maoshlari yetib kelgan. To‘g‘ri, ayrim joylarda to‘ychilik deydi, boshqa deydi, o‘zimizning mentalitetimizdan kelib chiqib insonning ehtiyoji kengayaveradi, lekin bugungi kunda bu masalaga davlatimiz e'tibor qaratmoqda», deya Bahrom Zulfiqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 12 fevral kuni Ichki ishlar vazirligi hay'atining kengaytirilgan yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar xodimlari ish haqi 30 foizga, jamoat xavfsizligini ta'minlashga bevosita jalb etilgan xodimlar ish haqi esa 60 foizga oshirilishini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid