Toshkentda mudhish jinoyat sodir etgan guruhga sud hukmi o‘qildi
Toshkentda 31 yoshli tadbirkorni o‘ldirib, uning jasadini bo‘laklarga ajratib, chuqurga ko‘mib yuborgan shaxs va uning jinoiy sheriklariga sud hukmi o‘qildi. Jinoyatchilardan biri 2014 yilda «Zulfiya» mukofoti sohibasi bo‘lgan.
«Bir jinoyat izidan» ko‘rsatuvida ma'lum qilinishicha, 2020 yilning 8 may kuni Uchtepa tuman IIO FMBga fuqaro Nigora Payzibekova murojaat qilib, 1989 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Ravshan Rahmatullayev 2020 yil 7 may kuni soat 10:00larda «do‘stlarim bilan tog‘ga dam olishga ketyapman» deb, o‘zining boshqaruvidagi Lacetti rusumli mashinasida uydan chiqib ketib, shundan keyin qaytib kelmaganini xabar qilgan.
Toshkent shahar prokuraturasiga ko‘ra, Payzibekovaning murojaatiga asosan dastlab JK 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Aniqlanishicha, Yunusobod tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan Jamoliddin Orifboyev o‘zining tanishi bo‘lgan Rahmatullayev Ravshandan 2020 yil yanvarida keyinchalik sotib olish sharti bilan Spark mashinasini ijaraga olgan. Jamoliddin oylik cho‘talni o‘z vaqtida to‘lamagani sababli Ravshan bilan og‘zaki aytishib qolgan va avtomobilni qaytarib olgan. Ravshan boshlang‘ich to‘lov sifatida berilgan 2000 dollarning 1000 dollarini mashinasining yukxonasidan Jamoliddinga olib bergan. Yukxonadagi katta miqdordagi pulni ko‘rib qolgan Jamoliddinning niyati buzilgan.
Shundan so‘ng, muqaddam o‘g‘rilik va bosqinchilik jinoyatlari uchun sudlangan Jamoliddin Ravshanning juda ko‘p miqdordagi pul va moddiy boyliklarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida Maqsud Mahkamov va muqaddam karate bo‘yicha jahon chempioni hamda «Zulfiya» mukofoti sohibasi bo‘lgan Sevara Abdulhakimova bilan oldindan jinoiy guruh tashkil etgan. Jinoiy guruhdagi vazifalar taqsimotiga ko‘ra, Jamoliddin telegramdagi feyk akkaunt orqali Ravshanga o‘zini qiz bola sifatida tanishtirib, 3 oy davomida u bilan yaqindan tanishgan va yakunda uni uchrashuvga taklif etgan. Sevara esa 2020 yil 7 may kuni uchrashuvga chiqib, Ravshanga o‘zini u bilan gaplashib yurgan qizning singlisi sifatida tanishtirgan va opasining oldiga olib borishini aytib, uni Jamoliddinning Yunusoboddagi uyiga olib borgan.
Jamoliddin o‘zining jinoiy sherigi Maqsud bilan birgalikda Ravshanning uyga kelishini kutgan. Ular Ravshanni uyda kutib olib, uni do‘pposlab, bo‘yin qismidan bo‘g‘ib, stulga o‘tirg‘izib, oyoq-qo‘llarini ip bilan bog‘lab, uning yonida bo‘lgan 400 AQSh dollari hamda 1 mln so‘m pul mablag‘larini bosqinchilik bilan qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng, Ravshanni uyda majburlab ushlab turib, undan bosqinchilik yo‘li bilan pul olishda davom etishgan. Ya'ni Ravshanning telegram akkauntidan uning otasi va onasiga xabar yuborib, mashina olish uchun 29 ming dollar kerakligini, uni biznes hamkori Muzaffar Sagatov orqali berib yuborishlarini so‘ragan. Ravshanning otasini ishontirish uchun uni telefonda ham otasiga shu gaplarni aytishga majburlashgan.
Shundan so‘ng Muzaffar Sagatov Ravshanning telefonda bergan topshirig‘iga asosan 29 ming AQSh dollarini otasining yoniga borib olgan hamda ushbu pulni Yunusobod tumani Markaz-5 dahasida o‘zini «Aziz» deb tanishtirgan Jamoliddinga berib yuborgan.
O‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirgan Jamoliddin 2020 yil 8 may kuni soat 02:30larda oyoq-qo‘llari bog‘langan Ravshanni mashina yukxonasida Yashnobod tumanida ijaraga olgan xonadoniga olib borgan va u yerda ham Ravshandan pul talab qilgan. Ravshandan rad javobini olgach, uning yuz va bosh qismiga urib, bo‘ynidan bo‘g‘ib, og‘ir tan jarohati yetkazish orqali qasddan o‘ldirgan. Jamoliddin jinoyatni yashirish maqsadida 2020 yil 8 may kuni Qo‘yliq dehqon bozoridan yollanma ishchilar olib kelib, hojatxona uchun deb chuqur qazdirgan hamda xuddi shu kuni Ravshanning boshi, qo‘llari va oyoqlarini tanasidan ajratib, bo‘laklarga bo‘lib, chuqurga ko‘mib yuborgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi hukmi bilan Jamoliddin Orifboyev Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining «b», «i» bandlari (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni; tamagirlik niyatida qasddan o‘ldirish), 134-moddasi (qabrni tahqirlash), 164-moddasi 4-qismining «a» bandi (juda ko‘p miqdorda bosqinchilik), 169-moddasi 3-qismi «a» (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan o‘g‘rilik) bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga jazolar qisman qo‘shiluvi bilan uzil-kesil 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Maqsud Mahkamov Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismining «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.
Sevara Abdulhakimova sud jarayonida Jamoliddinning asl maqsadidan bexabar bo‘lganini, Ravshanni urmaslikni iltimos qilganida, o‘zi ham kaltak yeganini, bo‘lgan voqeadan keyinroq xabar topganini aytib, marhumning yaqinlaridan kechirim so‘ragan.
U Jinoyat kodeksining 164-modda 4-qismi «a» (juda ko‘p miqdorda bosqinchilik) bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga nisbatan 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Mavzuga oid
18:12 / 09.11.2024
Bir chuqurdagi ikki murda – Payariqdagi qotillik tafsiloti
19:18 / 02.11.2024
Archazordan topilgan odam boshi – Qo‘shtepadagi qotillik tafsiloti
19:02 / 31.10.2024
Navoiydagi cho‘lda 10 nafar yigit pichoqlashdi
11:44 / 30.10.2024