O‘zbekiston | 20:40 / 17.02.2021
5755
4 daqiqa o‘qiladi

Mansabdorlar ustidan tushgan shikoyatlarning 1250 tasi asosli bo‘lib chiqdi - Ombudsman

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) quyi palatada 2020 yilgi faoliyati yuzasidan hisobot berdi. Ma'lum bo‘lishicha, mansabdor shaxslarning harakati yoki harakatsizligi ustidan ombudsmanga kelib tushgan shikoyatlarning 1250 tasi bo‘lib chiqqan.

Feruza Eshmatova / Arxiv foto: Kun.uz

Ta'kidlanishicha, 2020 yilda ombudsman nomiga O‘zbekiston fuqarolari, xorijliklar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 14 975 ta murojaat kelib tushgan.

Murojaatlarning 33,5 foizi inson va fuqaroning shaxsiy huquq hamda erkinliklariga, 37,3 foizi ijtimoiy, 25,3 foizi iqtisodiy, 3,0 foizi siyosiy va 0,7 foizi ekologik huquqlarga tegishlidir.

2020 yilda ombudsman parlament nazorati sub'yekti sifatida 4 486 ta murojaatni ko‘rib chiqishni o‘z nazoratiga olgan hamda ular bo‘yicha davlat va jamoat tashkilotlariga 4 987 ta so‘rov yuborgan.

Foto: Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Ombudsman Feruza Eshmatovaning ma'lum qilishicha, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida tashkilotlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakati yoki harakatsizligi ustidan shikoyatlar 1250 ta holatda asosli bo‘lib chiqqan.

Murojaat etuvchilarning dalil-isbotlari 625 ta holatda o‘z tasdig‘ini topmagan, 1848 ta holatda tashkilotlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lib chiqqan hamda murojaat etuvchilarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlari buzilmagani aniqlangan. Ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan murojaatlarning 763 tasi ayni paytda o‘rganilmoqda.

Ombudsmanga kelib tushgan 7 946 ta murojaat taalluqliligiga ko‘ra davlat organlari, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va mansabdor shaxslarga yuborilgan. 2543 ta murojaat yuzasidan amaldagi qonun hujjatlari normalariga oid tushuntirishlar va bu murojaatlarda ko‘tarilgan muammolarni hal etishga doir tavsiyalar berilgan.

Qayd etilishicha, Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi jamoatchilik vakillaridan iborat Ekspert guruhi 2020 yil davomida qamoqda saqlash joylarida 76 ta monitoring tashriflari amalga oshirgan.

Xususan, monitoring tashriflarining 42 tasi jazoni ijro etish muassasalarida (16 tasi manzil-koloniyalarda va 26 tasi jazoni ijro etish koloniyalarida), 9 tasi vaqtincha saqlash hibsxonalarida, 8 tasi ichki ishlar bo‘limlarida, 6 tasi tergov hibsxonalarida, 5 tasi maxsus qabulxonalarda, 2 tasi reabilitatsiya markazlarida hamda 4 tasi karantin markazlarda bo‘lib o‘tgan.

2020 yilda o‘tkazilgan monitoringlarning 10 tasi karantin cheklovlari kuchaytirilgan vaqtda amalga oshirilgan.

Taqqoslash uchun, 2019 yilda 38 ta (20 tasi JIEMda, 6 tasi tergov hibsxonalarida va 12 tasi reabilitatsiya markazlarida) monitoringlar o‘tkazilgan.

Monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklar hamda o‘z yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga maxsus axborot kiritilgan.

«Bundan tashqari, mahkumlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida JIEMlarda jazo muddatini o‘tayotgan keksa yoshdagi hamda nogironligi bo‘lgan va sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, turli kasalliklar bilan davolanayotgan mahkumlar tarkibi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tahlil etildi.

Tahlillarga ko‘ra, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 58 nafar 70 yoshdan oshgan erkak hamda 60 yoshdan oshgan ayol mahkumlar ro‘yxati Afv etish masalalari bo‘yicha komissiyaga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi», – dedi ombudsman Feruza Eshmatova deputatlar oldidagi hisobotida.

Mavzuga oid