Jamiyat | 18:38 / 18.02.2021
28898
8 daqiqa o‘qiladi

Payariqda bankning «temir daftar»dagilarga ko‘rsatgan himmati qimmatga tushdi

Samarqand viloyati Payariq tumanidagi oilalarni «temir daftar»dan chiqarishda issiqxonalar qurib berish ko‘zda tutilgandi. Tahririyatga yozishlaricha, imtiyozli kreditlarning imtiyoz davri o‘tib bo‘lsa hamki, issiqxonalar qurib berilmagan, qurilganlari ham sifatsiz.

Tuman prokurori sektori — Markaz qishlog‘ida qurilgan issiqxonalarning ikkitasi bir qorga bardosh bermagan — ikki kunda qulab tushgan. Qolgan ikkitasida esa ish hanuz yakuniga yetkazilmagan. Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida Payariq tumanida bo‘ldi.

Murojaatchilardan birining ishonchli vakili Muhammad Haqqulovning aytishicha, u manfaatlarini himoya qilayotgan shaxs Nizom O‘tashev 2020 yilning yoz oylarida imtiyozli kredit olish maqsadida Xalq bankining Payariq filialiga murojaat qiladi. Maqsad – oilasining iqtisodiy ahvolini yaxshilash. Uning bu niyati avvaliga tezda amalga oshgandek bo‘ladi. Taassufki, u hali issiqxonani tayyor holatda qabul qilmay turib, bank xodimlari uning uyiga imtiyoz muddati tugagan kreditni qaytarish jadvalini tashlab ketishadi.

«N.O‘tashev tomonidan bankka imtiyozli kredit olamiz deb hujjatlar topshirilganidan so‘ng ta'minotchi – «BOBURJON TRADE STAR» MChJ tomonidan issiqxona joyi qazilib, profillar o‘rnatib ketildi. Kelib ishlarini davom ettirishar, ustini ham yopib berar, degan xayolda yurganimizda, uning imtiyoz muddati tugagani to‘g‘risida bankdan xabar berildi.

Qizig‘i, hali issiqxonani qabul qilib olmagandik. Shu sababli tegishli idoralarga e'tiroz bildirdik. Shundan so‘ng joriy yilning 19 yanvar kuni issiqxonaning ustiga plyonka yopib ketishdi. Ikki kun o‘tib qor yog‘di va kechasi issiqxona qulab tushdi», — deydi Muhammad Haqqulov.

Haqqulovning qo‘shimcha qilishicha, u issiqxona qurilishidan avval bu soha bilan daromad qilayotganlarning faoliyatini kuzatgan. U «BOBURJON TRADE STAR» MChJ tomonidan barpo etilgan issiqxonada bir qator kamchiliklar borligini aytmoqda. Bank xodimlari nega ta'minotchiga shuncha mablag‘ni o‘tkazib bergandan so‘ng ishning sifatini kelib bir nazorat qilishmaydi, deya e'tiroz bildirmoqda.

Ma'lum bo‘ldiki, Nizom O‘tashevga issiqxona uchun olti oylik imtiyoz davri bilan 36 oyga 14 foizlik kredit ajratilgan. Kredit miqdori 29 949 999 so‘mni tashkil etmoqda.

Shu mahallada istiqomat qiluvchi yana bir tadbirkor — Anvar Egamovda ham shunga yaqin holat. Aynan «BOBURJON TRADE STAR» MChJ tomonidan avgust oyida issiqxona uchun chuqur qazilib, profillar o‘rnatib ketilgan. 2020 yil dekabr oyi oxirlariga kelib, kreditni qaytarish kerakligi haqida bankdan xat borgan. Tabiiyki, issiqxonadan daromad olib, qarzni qaytarishni niyat qilib yurgan bu oilaning ham qo‘lida tayinli mablag‘ning o‘zi bo‘lmagan. Shartnoma qilingan kundan boshlab «vaqt schyotchigi» ishlay boshlagani sababli, ularning issiqxonasi qurib bitkazildimi-yo‘qmi, bu masala bankni qiziqtirmagan.

Anvar Egamov ta'minotchidan issiqxonani yakuniga yetkazib berishni so‘raganida, «vaqtim bo‘lganda borib ishni tugataman» degan javob olganini aytmoqda. U nafaqat hamqishlog‘ining issiqxonasini qor bosib qolgani, balki o‘ziniki hali qurib bitkazilmaganidan ham xavotirda.

Darvoqe, issiqxonalarni qurib bergan ta'minotchi korxona – «BOBURJON TRADE STAR» MChJning asosiy faoliyat turi margarin va ovqatga ishlatiladigan aralash yog‘lar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ekan. Umuman, ushbu korxonaning issiqxona qurishda tajribasi bor-yo‘qligi, ta'minotchi korxonalar qay tartibda bu loyihaga jalb qilinishini bilish maqsadida Xalq bankining Payariq filialida bo‘ldik.

«Avvalgi yillarda ta'minotchilar hokimlik tomonidan tasdiqlanardi. Endi mijozning o‘zi ta'minotchi bilan kelishyapti va hujjatlarini bankka taqdim qilyapti.

Biz faqat shartnoma summasiga e'tibor qilamiz. Aytaylik, qurilgan issiqxonaga o‘sha ajratilgan miqdordagi mablag‘ sarflanganmi-yo‘qmi, shunga ahamiyat beramiz. Ta'minotchini murojaatchilarning o‘zi topgan, biz aralashmaganmiz. Ammo ushbu firma issiqxona qurish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Qolaversa, prokuror sektorida bo‘lgani uchun prokuratura nazoratida ham bo‘lgan», — dedi Xalq banki Payariq tuman filiali bo‘lim boshlig‘i Anvar Qodirov.

«BOBURJON TRADE STAR» MChJ rahbari Bunyod Mamasoliyev bilan ham telefon orqali bog‘landik.

«Ochig‘i, o‘sha hududning iqlimi va yerining noqulayligi sababli qurgan issiqxonamiz talabga javob bermadi. Qolaversa, buyurtmachilar ham bizga «Neksiya»ning pulini chiqartirib, «Lasetti» talab qilganday bo‘lyapti. Bu mablag‘ga undan ortiq issiqxona qurib bo‘lmaydi. Sarflangan ishchi kuchi, zarari o‘zimizning bo‘ynimizda, ishlatilgan materiallarni qaytarib olib kelamiz. Bank bilan hisob-kitobni o‘zimiz qilamiz, olingan mablag‘ ham qaytariladi», — dedi u.

Tushundikki, ta'minotchi bizga murojaat qilgan fuqarolarning issiqxonasi qurilishini yakuniga yetkazmoqchi emas. Bunyod Mamasoliyevning aytishicha, ular ishchilarga qo‘pol munosabatda bo‘lishgan. «G‘allakor» mahallasi tog‘li joy bo‘lgani uchun issiqxona loyihasi o‘zini oqlamagan. Shu sababli o‘zining zarariga bo‘lsa ham, bankdan issiqxona uchun imtiyozli kredit deya ajratilgan mablag‘ni yana bankka qaytarmoqchi bo‘lyapti.

Bir narsa aniq: men qurilishni oxiriga yetkazmayman, zararni o‘zim qoplayman, deb turgan odamni majburlab bo‘lmaydi. Quruvchi issiqxona uchun ishlatilgan mahsulotlarni olib ketar, mablag‘ bankka qaytarilar ham. Bu endi alohida masala.

Yana bir gap, bank vakili haqiqatan ham ajratilgan mablag‘ issiqxona uchun sarflangani nazorat qilinishini aytgandi. Shunday ekan, u nega hali foydalanishga topshirilmagan issiqxona uchun mijozdan kreditni qaytarishni talab qilyapti?

Anglashiladiki, bank xodimi katta ehtimol bilan bu o‘rinda kamida ikkita yolg‘on ishlatyapti. Birinchidan, «ta'minotchi issiqxona qurish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan», deganda yolg‘on ma'lumot beryapti. Ikkinchidan, bankdan ajratilgan mablag‘ning chindan ham ko‘zda tutilgan manzilga yo‘naltirilganini nazorat qilganmiz, deb aldayapti.

Demak, haqli savol tug‘iladi. Zararni faqat ta'minotchi korxona qoplashi kerakmi yoki ishiga mas'uliyat bilan yondashmayotgan, ko‘r-ko‘rona fuqarodan kreditni qaytarishni talab qilayotgan bank xodimi hammi? Umuman, bu jarayonda bankning biror xodimi ofisdan chiqib, issiqxonaning holati, ajratilgan mablag‘ qay tarzda sarflanayotgani bilan qiziqib ko‘rganmi o‘zi? O‘z nomi bilan «imtiyozli» deyilayotgan kreditning imtiyozi qani? Hali hosil olish u yoqda tursin, qurilish g‘alvalaridan qutula olmayotgan tadbirkorlik orzusidagi «temir daftar»dagilarga bunaqa «himmatning» keragi bormikan?

Shuhrat Shokirjonov, Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbirlari.
Tasvirchi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid