Prezident aurasi yoki tashriflardagi taassurotlar
Qator OAV vakillari singari Kun.uz sayti vakillariga ham O‘zbekiston prezidentining tashriflarini bevosita kuzatish imkoniyati berildi. Yakunlangan hafta davomida sayt xodimlari prezidentning Namangan viloyatiga safarida ham ishlashdi. Quyidagi maqolada imkon qadar rasmiy sahifalarda ko‘rsatilmagan jihatlar jamlangan.
- Nega ko‘pchilik prezident oldida bloknotga yozib turadi?
- Davlat rahbarining oddiy odamlar va rahbarlar bilan so‘zlashishida farq bormi?
- Shavkat Mirziyoyev kimlarni senlaydi?
Dastlab umumiy tushunchalar haqida: davlat rahbarining tadbirlari va tashriflarini yoritib borish uchun maxsus tekshiruvdan o‘tiladi – muxbirlar ham har bir tadbir oldidan qayta tekshiriladi. Bu xavfsizlikning tabiiy talabi.
Prezident tashrif buyuradigan joyga kamida ikki soat oldin boriladi, ayrim paytlar kutish 4-5 soatga ham cho‘zilishi mumkin. Bu ham tushunarli, davlat rahbarining kun tartibi yo‘l-yo‘lakay ko‘p o‘zgarishlarga uchraydi. Bir joyda ko‘proq vaqt sarflanishi keyingi obektga ham tabiiyki ta'sir qiladi.
Lekin jarayonda ishtirok barcha kutishlarni oqlaydi, ya'ni juda qiziq bo‘ladi. Nega?
Davlat rahbari aholi bilan uchrashganda xotirjam tinglaydi, yumshoqlik bilan gaplashadi, odamlarning ko‘nglini ko‘taradi, islohotlar haqida tushuntiradi. Ammo mutasaddilar bilan yig‘ilishlarda, taqdimotlarda butunlay boshqacha muhit hukm suradi (afsuski, ularning ko‘pchiligi boricha yoritilmaydi):
- Prezident oddiy tilda, jaydarichasiga gapiradi;
- Juda ko‘pchilikka «sen» deya murojaat qiladi, bu mutasaddilar tomonidan to‘g‘ri qabul qilinadi, muloqotda yaqinlik muhitini yaratadi;
- Mavzuga aloqador bo‘lmagan har qanday gaplar darhol to‘xtatiladi;
- Prezident bir mavzu bo‘yicha taqdimot o‘tkazilayotganda keskin to‘xtatib, boshqa bir masalani so‘rab qolishi mumkin va bu mutasaddilarni ko‘pincha «terlatib» yuboradi;
- Har qanday loyiha taqdim qilinganda uchta savol berilishi odat tusiga kirgan: amalga oshirishing uchun nima kerak, bundan qanday natija kutiladi, qancha ish o‘rni yaratasan va eng muhimi xalqimiz bundan nima naf ko‘radi?
Namanganda yangragan iqtiboslar:
«Mustaqilligimizga ham 30 yil bo‘ldi mana. Ko‘p narsalarga kechikkanmiz. Lekin endi harakat qilmasak bo‘lmaydi»;
Yoshlarga qarata: «Ahvollar qanday? Chindan yaxshimi yoki eskidan o‘rganib qolingan har doimgi gapmi?» (kulgi ko‘tarildi);
«Bir hokimni o‘n kishi orasidan tanlayman»;
«Ehtiyojni hisobga olib, Rossiyada tonnasini 15 ming rubldan kartoshka zaxira qildirib qo‘ygandik. Uch oygina vaqt saqlandi, hozir shu mahsulotning tonnasini 25 ming rubldan sotishimizni so‘rashyapti»;
«Oldin respublikada «yiliga 2 mlrd dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritildi», deyilardi. Lekin shu ham yolg‘on edi, hozir birgina Namangan viloyatining o‘zi yiliga 2 mlrd dollardan ko‘proq investitsiya jalb qilyapti»
«Ommaviy axborot vositalarini to‘rtinchi hokimiyat deymiz, aslida birinchi hokimiyat»;
«Boburning hayotini qaranglar, u inson biror kun halovatda yashamagan» (xalq deputatlari viloyat sessiyasida aytilgan gap);
«Erkin Vohidov bilan juda ko‘p suhbat qurganman. Og‘ir, bosiq, kengfe'l odam edi. Abdulla Oripov bir kun aylanib yurib uchta she'r yozib berardi. U uchta she'rlarning ma'nosini tushunish uchun o‘nta kitob o‘qish kerak edi. Nasib bo‘lsa, hali bu xotiralarni yozib qoldiraman»;
«400 mingdan ortiq aholi bor Mirzo Ulug‘bek tumanida hokim edim. U vaqtda hech qanday sharoit yo‘q edi. Hozir hokimlarga hamma sharoit yaratib berilgan»;
«Alisher Burxonovich Usmonov 1 million doza vaksinaning 500 ming dozasini o‘zi olib berishini aytdi. Namanganga kelishimni bilib, menga bir narsani yetkazib qo‘yishimni so‘radi. Namanganliklarni yaxshi ko‘raman, birinchi 50 ming dozasini namanganliklarga beraylik, deb aytdi»;
«Toshkentdagi kabinetlarini sog‘ingan rahbarlar Namanganni piyoda kezishadi»;
«Sen meni emas, xalqni rozi qilishni o‘yla» (Namangandagi «Bunyodkor» mahallasiga kutilmagan tashrifda sektor rahbariga aytilgan gap);
«Mana shu sening qiyofang, ishingga berilgan baho. Nahotki daraxt ekib, devorni oqlab qo‘yish ham qo‘lingdan kelmaydi?!» («Bunyodkor» mahallasi raisiga aytilgan gap);
«Bilasan, baribir bajarmaguningcha qo‘ymayman, bo‘shab ketib qutulaman, deb ham o‘ylama» (vazirlar va viloyat mutasaddilariga qarata);
«Bola-chaqasi, qarindosh-urug‘i bo‘lmasa ham bular Namanganga bog‘langan, yurtini tashlab ketgisi kelmaydi. Qariyalar soni kamchilik demay yangi binosini qurib beringlar, Andijon, Farg‘onada sarson bo‘lib yurgan qolganlari ham qaytishadi» («Saxovat uyi»da qolib ketgan 14 nafar qariya haqida);
«Qaranglar, qanday chiroyli bolalar... Hammasiga mening nomimdan sovg‘a beringlar, arzirli bo‘lsin, prezidentni eslab yurishsin» («Mehribonlik uyi»dan qaytishda).
Ko‘pchilik bloknot tutganlar ustidan kuladi. Lekin buning obektiv sabablari bor, elektron qurilmalardan foydalanishga har doim ham ruxsat berilmaydi. Ikkinchi muhim jihat – uchrashuvlar 6-7 soatgacha davom etadi, uni kameraga yoki diktofonga yozib olish mumkin. Lekin tadbirlar yarim kechasi tugaganidan keyin yoritish uchun yana 6-7 soat qayta eshitish qiyin masala. Shunday qilib, bloknot eng qulay vositaga aylanadi.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
12:19 / 07.10.2024
Namanganda o‘zganing fotosuratlarini internetda tarqatishini aytib pul talab qilgan shaxs ushlandi
18:33 / 02.10.2024
Namanganda qadimiy yerosti yo‘laklari, isitish tizimi va sopol quvurlar topildi
21:19 / 05.09.2024
Uchta viloyat chegarasiga o‘zgartirish kiritilmoqda
19:01 / 03.09.2024