Jahon | 23:50 / 01.03.2021
17011
7 daqiqa o‘qiladi

Sarkozi birinchisi emas: qamoqqa olingan sobiq prezidentlar

1 mart kuni Parij sudi Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozini uch yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sobiq prezident belgilangan muddatning 2 yilini shartli ravishda o‘taydi.

Forbes Sarkozi va u kabi ozodlikdan mahrum qilingan sobiq prezidentlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Fransiyaning 23-prezidenti Nikolya Sarkozi
Prezidentlik davri: 2007-2012

Sadak Souici / ZUMA / TASS

1 mart kuni Parij sudi Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozini korrupsiya va amalidan foydalanib ta'sir ko‘rsatishda ayblab uch yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sobiq prezident belgilangan muddatning 2 yilini shartli ravishda o‘taydi.  

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Sarkozi 2007 va 2012 yilgi saylovoldi kampaniyasi davomida milliarder Lillian Betankur va hatto Liviya inqilobi yetakchisi Muammar Qazzofiydan pul olgan. U o‘z saylov kampaniyasiga Lillian Betankur tomonidan pul ajratilgani bo‘yicha ishni o‘rganayotgan sudyaga lavozimi ko‘tarilishini va Monakodan uy taklif qilgan. Ayblovga isbot sifatida Sarkozi va advokatining telefon suhbati keltirilgan.

Qirg‘izistonning 4-prezidenti Almazbek Atamboyev
Prezidentlik davri: 2011-2017

Igor Kovalenko / EPA / TASS

2019 yil avgustda qo‘lga olingan Almazbek Atamboyev bir qator jinoyatlarda ayblanib, 11 yil-u 2 oy qamoq jazosiga hukm qilingandi. Unga qo‘yilgan asosiy ayblov sifatida kriminal Aziz Batukayevni ozodlikka chiqarish keltirilgandi. 2013 yilda 16 yil qamoq jazosiga hukm qilingan Batukayev muddati yakunlanmay turib ozodlikka chiqarilgan. Atamboyev prezidentlikdan ketgach, bu ish bo‘yicha tekshiruv boshlandi. Atamboyev aybini tan olmagach, harbiylar uning uyiga bostirib kirib, qo‘lga olishgandi.

2020 yil oktyabrda Qirg‘izistonda o‘tkazilgan parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan qirg‘izistonliklar namoyishga chiqishdi va namoyishchilar Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasida saqlanayotgan Almazbek Atamboyevni ozodlikka chiqarishdi. Atamboyev 10 oktabr kuni qaytadan qo‘lga olindi.

Braziliyaning 35-prezidenti Luis Inasiu Lulu da Silva
Prezidentlik davri: 2003-2011

Eraldo Peres / AP / TASS

Lula da Silva 2016 yil martda pul yuvish va yolg‘on guvohlik berishda ayblanib qo‘lga olingandi. Tergovchilarning ta'kidlashicha, u Petrobras kompaniyasi bilan ishlaydigan kompaniyadan pora sifatida xonadon olgan va buni yashirgan. 

2017 yil 12 iyulda Lula da Silva 9,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. 2018 yil yanvarida jazo muddati 12 yil-u bir oyga uzaytirildi.

Koreya Respublikasining 11-prezidenti Pak Kin Xe
Prezidentlik davri: 2013-2017

Lee Jin-man / AP / TASS

2018 yil 27 fevralda Seul okrugi markaziy prokuraturasi Pak Kin Xeni pora olish, mansabini suiiste'mol qilish va tovlamachilikda ayblab, uni 30 yilga ozodlikdan mahrum qilish va 118,5 mlrd von (105,7 mln dollar) jarima to‘lash jazosi berilishini so‘radi. 6 aprelda Pak 24 yilga ozodlikdan mahrum etildi va 16,8 mln dollar jarimaga tortildi. 20 iyul kuni u davlat mablag‘larini talon-toroj qilishda aybdor deb topildi va jazo muddatiga yana sakkiz yil qo‘shildi. 

2018 yil avgustda Seul apellyatsion sudi jazo muddatini o‘zgartirdi — Pak Kin Xe 25 yilga ozodlikdan mahrum qilindi va 17,8 mln dollar miqdorida jarima to‘lashga hukm qilindi. U qamoqdan 2039 yilda, 87 yoshida chiqadi.

Misrning 5-prezidenti Muhammad Mursiy
Prezidentlik davri: 2012-2013

ZUMA / TASS

Muhammad Mursiy 2013 yildagi tartibsizliklardan so‘ng prezidentlikdan chetlashtirilgandi. 26 iyulda Mursiy qamoqqa olindi. U qamoqxonaga o‘t qo‘yish, qamoqxona hisobotlarini yo‘q qilish, «HAMAS» harakati bilan hamkorlik qilish, mahbuslar, politsiyachi va askarlarni o‘ldirish hamda odam o‘g‘irlashda ayblandi.

2015 yil 21 aprelda Muhammad Mursiy 20 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. 16 may kuni Mursiy va uning o‘n olti nafar tarafdori o‘lim jazosiga hukm qilindi. 2016 yil 18 iyunda xalqaro hamjamiyat bosimi ostida sud o‘lim jazosini bekor qildi va Mursiy bir umrga ozodlikdan mahrum etildi. Mursiy 2019 yil 17 iyunda yurak xurujidan vafot etdi. 

Misrning 4-prezidenti Husni Muborak
Prezidentlik davri: 1981-2011

Ahmed Abdel Fattah / AP / TASS

2011 yil yanvarda Misrda Husni Muborakning 30 yillik hukmronligiga qarshi namoyishlar boshlandi. 11 fevral kuni Muborak iste'foga chiqdi va 13 aprelda hibsga olindi.

O‘sha paytdagi amaldagi prezident Muhammad Mursiy sud qarorini bekor qildi va ishni qayta ko‘rib chiqishni buyurdi. 2013 yil 21 avgustda sud Husni Muborakni ozodlikka chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Muborak 2014 yil 21 mayda korrupsiyada aybdor deb topildi va uch yilga ozodlikdan mahrum etildi. Biroq 29 noyabrda u oqlandi. 2015 yil 9 mayda Muborak prezident saroyi va qarorgohini ta'mirlash uchun ajratilgan 125 mln misr funtini (14 mln dollar) o‘zlashtirgani uchun uch yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Muborakning farzandlari A'lo va Jamol aynan shu ayblov bilan to‘rt yilga qamaldi.

Muborak 2015 yil 13 mayda ozodlikka chiqdi. Noyabrda kassatsiya sudi ishni qayta ko‘rib chiqishni boshladi. 2016 yil 9 yanvarda oliy apellyatsiya sudi sobiq prezidentga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirdi.

Husni Muborak 2020 yil 25 fevralda vafot etdi.

Peruning 45-prezidenti Alberto Fuximori
Prezidentlik davri: 1990-2000

Luis Camacho / Xinhua / TASS

2007 yil 11 dekabrda Peru oliy sudi Alberto Fuximorini mansabini suiiste'mol qilganligi uchun olti yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi va 92 ming dollar jarima to‘lashga hukm qildi. 2009 yil 7 aprelda u 1990-yillarda 25 kishini o‘ldirishga javobgar bo‘lgan «o‘lim eskadronlari»ni tashkil etishda ayblanib 25 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

2009 yil iyulda Fuximori 15 mln dollar pora olgani uchun 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi, 2009 yil sentyabrda esa telefondagi suhbatlarni noqonuniy ravishda tinglashni tashkil etgani va 2000 yildagi saylovoldi kampaniyasida jurnalistlar, siyosatchi va biznesmenlarni sotib olish uchun budjet mablag‘laridan foydalanishda ayblanib yana olti yil qo‘shimcha muddat oldi.

2017 yil 24 dekabrda Peru rahbari Pedro Kuchinski Fuximorini afv etdi. 2018 yil 3 oktyabrda sud qarori bilan afv bekor qilindi. Ammo tez orada Peru kongressi jazo muddatining uchdan bir qismini o‘tab bo‘lgan keksa yoshdagi mahkumlarni (Fuximori o‘shanda 79 yoshda edi) uy qamog‘iga o‘tkazishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qildi.

Mavzuga oid