Jamiyat | 14:03 / 02.03.2021
11033
3 daqiqa o‘qiladi

Asakacha ish uslubi: o‘rganilmayotgan va e'tiborsiz qoldirilayotgan muammolar

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarga tashriflari chog‘ida va o‘tkazayotgan yig‘ilishlarda, uchrashuvlarda oshkoralik haqida, jurnalistlarga ishonishi, ularga suyanishi haqida bot-bot takrorlamoqda. Biroq ayrim mutasaddilar bu siyosatning mohiyatiga hamon tushunmayotgan ko‘rinadi.

Kun.uz’ning Andijon viloyati hayotini yoritish uchun ochilgan hududiy Telegram kanalida Asaka tumanidan bir necha bora tanqidiy materiallar, fuqarolarning murojaatlari e'lon qilindi. Maqsad — muammolar bartaraf etilib, aholining yashash tarzi yanada yaxshilanishi edi.

Lekin tuman hokimligi mutasaddilari ko‘tarilgan masalalarga nisbatan «pinagini ham buzayotgani yo‘q». Bu nimadan darak: mas'ullarga «Tanqid va murojaatlarga javob bermaysan, o‘rganmaysan, bugun bittasiga raddiya yoki munosabat bildirsang, ertaga boshqasi yozadi», qabilida topshiriqlar berilayotganidanmi?

Keling, kanalda yoritilgan misollarga o‘tamiz.

20 yanvar kuni tumandagi dehqon bozori oldidagi avtomobillarning pala-partish joylashishi oqibatida yo‘llar to‘silib qolayotgani, mazkur holat piyodalar va qolgan haydovchilarga noqulaylik tug‘dirayotgani;

17 fevral kuni «Chek» MFYda joylashgan xonadonlar oldidan o‘tgan ariqdagi suv sabab uylar nurab tushayotganligi;

23 fevral kuni «Do‘rmon» MFY, Do‘rmon ko‘chasiga ichimlik suvi tushirish ishlari oxiriga yetkazilmay tashlab ketilgani;

25 fevral «Kun fotosi» rukni ostida tumandagi «Arg‘in» MFY, Jonon ko‘chasidagi holat haqidagi xabarlar e'lon qilingan.

Ammo, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritilayotgan tumandagi muammolar ham mas'ullar tomonidan o‘rganilmay, bartaraf etilmay, shunchaki bepisandlik bilan chetga surib qo‘yilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Tuman hokimligining rasmiy Telegram kanalida esa hokimning fuqarolarni qabul qilgani va sport musobaqalari yoritib boriladi, xolos. Fuqarolar murojaat qilishi uchun esa hech qanday aloqa vositalari haqida xabar ham, bildirgi ham yo‘q.

Asaka tuman hokimligidan respublikada olib borilayotgan ochiqlik siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda tumandagi aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etishda faollik ko‘rsatishini so‘rab qolamiz.

Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid