Jahon | 22:58 / 06.03.2021
6249
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyaning Lion shahrida o‘smir YTHga uchraganidan so‘ng tartibsizliklar yuz berdi

Tartibsizliklar 13 yoshli o‘smir o‘g‘irlangan skuterda ketayotib yo‘l-transport hodisasi oqibatida og‘ir jarohatlanganidan keyin sodir bo‘ldi.

Foto: Twitter/@JDANDOU

O‘smir ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasidan so‘ng tartibsizliklar sodir bo‘lgani bois Lion shahriga 200dan ortiq politsiyachi va jandarmlar jo‘natildi. Bu haqda Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen ma'lum qildi.

"Oxirgi soatlarda Lionda yuz bergan zo‘ravonliklardan so‘ng uchinchi mobil bo‘linmani jo‘natishga qaror qildim. Bugundan boshlab tartibni saqlash uchun 200dan ortiq politsiyachi va jandarmlar jo‘natiladi", - deb yozdi u tvitterda.

Tartibsizliklar 13 yoshli o‘smir o‘g‘irlangan skuterda ketayotib yo‘l-transport hodisasi oqibatida og‘ir jarohatlanganidan keyin sodir bo‘ldi. U og‘ir tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Mahalliy aholi orasida uni politsiya mashinasi ta'qib qilib kelib urib yuborgan degan gap-so‘zlar tarqaldi. Politsiya bu voqeaga aloqasi yo‘qligini, ko‘chadagi harakatni tartibga solganini bildirdi.

Liondagi Dyusher kvartalida politsiya bilan yuz bergan to‘qnashuvlar davomida oltita avtomobil va ikkita mototsikl yoqib yuborilgan. Lion yaqinidagi Riye-la-Pap shahrida 30dan ortiq kishi ikkita avtobus va 13ta yengil mashinaga o‘t qo‘ygan.

Mavzuga oid