Jahon | 21:20 / 07.03.2021
23822
2 daqiqa o‘qiladi

Yer markazida fanga noma'lum struktura aniqlandi

Avstraliya milliy universiteti geofizigi Joann Stivenson va uning hamkasblari Yer yadrosi ichida noma'lum struktura belgilarini aniqlashdi.  

Foto: sciencealert.com

Olimlar Yer yadrosi bir jinsli emas ekanini va o‘zida kichikroq o‘lchamdagi yana bir “ichki” yadroni saqlashini aniqlashdi. “Bu juda qiziq va kitoblarni yangidan yozishimizga to‘g‘ri kelishi mumkinligini anglatadi”, deb aytishgan olimlar.     

An'anaviy farazlarga ko‘ra, Yer 4ta asosiy qatlamdan: po‘stloq, mantiya, tashqi va ichki yadrodan tashkil topgan. Biroq Yer po‘stlog‘i ostidagi qatlamlar haqidagi bilimlar vulqonlar va seysmik to‘lqinlar haqidagi bilimlarga asoslangan. 

Avstraliyalik geofiziklar seysmik to‘lqinlar Yer orqali qanday o‘tishi haqida o‘nlab yillar davomida yig‘ilgan ma'lumotlarni taqqoslash uchun maxsus algoritmdan foydalanishdi. 

Tadqiqot ichki yadroda chuqurlikning sezilarli o‘zgarishlarini ko‘rsatmagan. Biroq to‘lqinlar yo‘nalishining 54 darajaga o‘zgargani aniqlangan.
 
“Biz temir tuzilishi o‘zgarishiga ishora qiluvchi isbotlarni topdik. Ular sayyoramiz tarixida ikkita alohida sovish davri bo‘lganini anglatishi mumkin”, deb tushuntirgan Stivenson. 

Yangi kashfiyot ba'zi tajribaviy ma'lumotlar nima uchun Yer tuzilishining hozirgi modellariga mos kelmasligini tushuntirishi mumkin. Olimlar oxirgi yillarda “eng ichki qatlam” borligi haqidagi taxminlarni ilgari surib kelishadi, chunki ichki yadroni tashkil qiluvchi temir kristallari turli strukturaviy joylashuvga ega.

Mavzuga oid