O‘zbekiston | 19:06 / 09.03.2021
6577
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Turkiya delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 mart kuni Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Turkiya ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari oliy darajadagi muntazam muloqotlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va uni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Mavlud Chovusho‘g‘li samimiy qabul uchun O‘zbekiston prezidentiga minnatdorlik bildirdi  hamda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

Suhbat chog‘ida o‘tgan yil fevral oyida Anqara shahrida o‘tgan Strategik hamkorlik kengashining davlat rahbarlari darajasidagi birinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda navbatdagi sammitni mamlakatimizda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy sohada hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida mamlakatimizda yangi investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Faol hududlararo muloqotni rivojlantirish, qo‘shma ta'lim va madaniy-gumanitar dasturlarni ilgari surishdan ikkala mamlakat ham manfaatdor ekani ta'kidlandi.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy sheriklik, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mavzuga oid