Jahon | 11:33 / 10.03.2021
3883
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Kataloniyaning sobiq rahbarini deputatlik daxlsizligidan mahrum qildi

Yevroparlament a'zolarining ko‘pchilik qismi ovozi bilan Kataloniya ma'muriyatining sobiq rahbari Karlos Puchdemon hamda uning safdoshlari Antoni Komin va Klara Ponsati deputatlik daxlsizligidan mahrum qilindi. Rasmiy Madrid ularni qo‘lga olish payida.

Foto: Getty Images

Ispaniyadan mustaqil bo‘lish uchun kurashga kirishgan Kataloniya muxtoriyatining sobiq rahbari va uning ikki safdoshi deputatlik daxlsizligidan mahrum bo‘lishdi. Yevroparlament 8 mart oqshomida shunday qarorga keldi. Konservatorlar, sotsial-demokratlar va liberallar fraksiyalari parlament immunitetidan mahrum qilishga ovoz berishgan bo‘lsa, yashillar va so‘llar fraksiyalari qarshi ovoz berishgan.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 700 deputatning 400 nafari Puchdemon va uning safdoshlari Antoni Komin hamda Klara Ponsatidan daxlsizlik huquqi olib qo‘yilishiga ovoz berishdi. Endi ular ispan hukumatiga topshirilishi kutilmoqda.

Rasmiy Madrid Yevroparlament pozitsiyasini olqishladi. «Ovoz berish jarayoni Kataloniya masalasi Yevropa emas, Ispaniya darajasida hal qilinishi kerakligini ko‘rsatdi», deydi Yevroittifoq vakili Arancha Gonsales.  

2019 yilda uchovlon Yevroparlamentga saylangan edi. Biroq Ispaniya xalal berishga uringani bois, ular vazifasini bajarishga kirisha olishmadi. Bu rasmiy Madridning Puchdemon va uning safdoshlarini ekstraditsiya qilishga birinchi urinishi emas. Ularning parlament immuniteti tufayli Belgiya (Puchdemon va Komin qochgan joy) va Shotlandiya (Ponsati yashiringan) Ispaniyaning talablariga ijobiy javob qaytara olmagan edi.

Puchdemon, Komin va Ponsati 2017 yilda Kataloniyani Ispaniyadan mustaqil qilishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng sud hukmidan qochib, Pireney yarim orolini tark etishgandi. 2019 yilda Ispaniya Oliy sudi Kataloniya sobiq rahbarini hibsga olishga ikkinchi bor xalqaro order berdi. Bunga g‘alayonga undash va davlat mablag‘larini rastrata qilish sabab sifatida ko‘rsatilgan.

2021 yilning fevralida Kataloniya parlamentida Ispaniyadan mustaqil bo‘lishni yoqlovchi millatchi partiya bloki g‘alaba qozongan. 

Mavzuga oid