O‘zbekiston | 10:11 / 11.03.2021
5047
4 daqiqa o‘qiladi

«Finlyandiya o‘quv dasturlari o‘rganilmoqda» - Ulug‘bek Toshkenboyev

Joriy yilning 10 mart kuni Ta'lim inspeksiyasi va Finlyandiya Milliy ta'lim agentligi vakillari o‘rtasida oliy ta'lim tizimida o‘quv dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashish masalasiga bag‘ishlangan onlayn seminar tashkil etildi.

Unda Ta'lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev, inspeksiyaning tegishli bo‘lim va boshqarma boshliqlari, «Erasmus+»ning O‘zbekistondagi Milliy ofisi rahbari Aziza Abdurahmonova hamda Finlyandiya Milliy ta'lim agentligi eksperti Annika Sundbek-Lindroos ishtirok etdi.

Ta'lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev ta'lim sifatini oshirishda xalqaro ilg‘or tajribalar, xususan, Finlyandiya tajribasining o‘rganilishi, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalarga to‘xtalib o‘tdi.

«Ta'lim inspeksiyasi, tegishli vazirliklar hamda Finlyandiya vakillari bilan hamkorlikda mamlakatimiz ta'lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan vaqt davomida Finlyandiya tajribasini o‘rganish va uni respublikamizda joriy etishga qaratilgan tizimli vazifalardan iborat «Yo‘l xaritasi» loyihasi ishlab chiqildi.

Shuningdek, finlyandiyalik hamkorlar bilan o‘tkazilgan muntazam muloqotlar natijasida ushbu mamlakatda bugungi kunda qo‘llanilayotgan o‘quv dasturlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi va izchillik bilan o‘rganilmoqda.

Bunda mavzular uchun ajratilgan o‘quv soatlari, ta'lim jarayonlarida o‘qituvchi va o‘quvchiga qo‘yiladigan talablar ham fan yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimlangan ekspertlar guruhlari tomonidan qiyosiy tahlil qilinmoqda.

Mazkur jarayonda Finlyandiya ta'lim tizimining mahalliy sharoitga mos jihatlari yangilanadigan o‘quv dasturlariga singdiriladi», – dedi Ulug‘bek Toshkenboyev.

Muloqot davomida finlyandiyalik ekspert Annika Sundbek-Lindroos Finlyandiyada ta'lim jarayonlari tashkil etilishida o‘qituvchilarni tayyorlash va ularni tanlab olish bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashgan.

«Finlyandiyada o‘qituvchilik kasbi uchun qo‘yilgan eng asosiy talablardan biri - ular magistrlik darajasiga ega bo‘lishi kerak. Chunki o‘qituvchi, avvalo, jamiyatning yo‘naltiruvchi kuchi hisoblanadi. Shuningdek, ushbu kasb ilmiy tadqiqot bilan muntazam bog‘liqdir.

Umuman, Finlyandiya ta'lim tizimida kadrlar tayyorlash tizimi ikki yo‘nalishga bo‘linadi: kasbga va tadqiqotga yo‘naltirish. Shu nuqtayi nazardan qaralganda, mamlakatda ta'lim tadqiqot bilan uzviy bog‘langan holda olib boriladi.

Pedagogika yo‘nalishida faoliyat yuritish istagidagi talabgorlar o‘rta maxsus ma'lumotga ega bo‘lishi lozim. Ularning savodxonlik darajasi va til bilish salohiyatiga ham alohida e'tibor qaratiladi.

Bundan tashqari, bitiruv imtihonlari vaqtida har bir talabgor bilan alohida layoqat suhbatlari o‘tkaziladi. Bitiruvchilarning ushbu kasbni qanday maqsadda tanlagani va ta'lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha kelajakdagi rejalariga aniqlik kiritiladi», – dedi Finlyandiya Milliy ta'lim agentligi eksperti.

Mavzuga oid