Jahon | 14:37 / 16.03.2021
5892
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya vaksinalar instituti rahbari AstraZeneca atrofidagi voqealarga munosabat bildirdi

Germaniyada AstraZeneca vaksinasi bilan emlanishdan keyin tromboz (qon quyuqlashishi) kuzatilgan 7 kishidan 3 nafari vafot etdi. Germaniya vaksinalar Instituti rahbari ushbu preparat atrofida yuzaga kelgan yangi vaziyat haqida gapirdi.

Paul Erlix nomidagi Germaniya vaksinalar Instituti (Paul-Ehrlich-Institut) AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni to‘xtatib turish haqidagi avvalgi qarorini himoya qilib chiqdi. Institut prezidenti Klaus Tsixutekning aytishicha, Germaniyada ushbu vaksina qilinib, aniqlangan 7ta tserebral venalar trombozi holatining 3tasi o‘lim bilan yakun topgan.

«Yangi tadqiqotlar va yangi xabarlar tufayli biz boshqacha vaziyatda turibmiz», deydi u ARD telekanalining 15 martda bo‘lgan efirida.

Bunday holatlar uchramayotgan Buyuk Britaniya haqida gapirarkan Tsixutek ularga diqqat qaratilmaganini aytib o‘tdi. «Fikrimcha, fuqarolar ularga taklif qilayotganimiz vaksinaning xavfsiz va samarador ekaniga ishonch hosil qilishni istashmoqda», deya ta'kidlagan u.

Germaniyada vaksinalarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi va monitoring qiluvchi Paul Erlix instituti rahbari Germaniyadagi ma'lumotlar Yevropaning boshqa davlatlariniki bilan taqqoslanishini kerakligini ma'lum qilgan.

Tsixutekning so‘zlariga ko‘ra, AstraZeneca vaksinasi bilan emlanganlarning qo‘rqishiga asos yo‘q – vaksinatsiyadan 16 kun o‘tib bo‘ldi. Agar bu muddat o‘tmagan bo‘lsa, emlangandan ko‘p o‘tmay muntazam bosh og‘rig‘i yoki teridan qon oqishi kuzatilayotgan bo‘lsa shifokorga murojaat qilish kerakligi aytilgan.

Ayni vaqtga kelib Germaniyadan tashqari bir necha davlatlar emlanganlarda paydo bo‘lgan muammolar tufayli AstraZeneca preparati bilan emlashni to‘xtatib turishibdi.

Mavzuga oid