Jamiyat | 13:07 / 18.03.2021
10120
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda o‘z «ulfat»ini o‘ldirib, yoqib yuborgan shaxslar qo‘lga olindi

Jizzax viloyati Paxtakor tumanida mudhish jinoyat sodir etildi. Ikki nafar shaxs o‘zi bilan oshxonada «ulfatchilik» qilgan sherigini do‘pposlab o‘ldirib, so‘ng uning jasadini yoqib yuborgan. Bu haqda Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, Paxtakor tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan uch nafar shaxs kechki payt oshxonada spirtli ichimliklar iste'mol qilishgan. Uchalasi ham mast bo‘lgandan so‘ng, ular o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Janjal ortidan, ularning ikki nafari uchinchi sherigini kimsasiz joyga olib borib, ayovsiz do‘pposlashgan. Oqibatda u vafot etgan. Kaltaklangan shaxsning vafot etganini bilgan qotillar izni yo‘qotish uchun uning jasadini yoqib yuborishgan.

Hodisadan IIB xodimlari xabar topgandan so‘ng, qotillarni topish va marhumning shaxsini aniqlash bo‘yicha tezkor surishtiruvlar boshlab yuborilgan. Marhumning barmoq izlari tekshirilganda, u Paxtakor tumani «Paxtakor» qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi 1965 yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marta turli jinoyatlarni sodir etib sudlangan shaxs ekani ma'lum bo‘lgan.

Surishtiruvlar davomida qotillik qurboni bo‘lgan shaxs jinoyat sodir etilishidan bir necha soat oldin savdo do‘konlaridan biriga ikki kishi hamrohligida kirgani o‘sha atrofdagi kuzatuv kameralari orqali aniqlangan. Marhum bilan yurgani kuzatuv kameralariga tushib qolgan shaxslar topib so‘roq qilinganda, ular o‘sha kuni marhum bilan oshxonada birga ovqatlanayotib janjallashib qolishganini va uni ovloq joyga olib borib, do‘pposlab o‘ldirishganini tan olishgan.

Surishtiruvlarda ma'lum bo‘lishicha, qotillardan biri 1966 yilda tug‘ilgan shaxs marhum bilan qo‘shni bo‘lgan. Ikkinchi ayblanuvchi 1981 yilda tug‘ilgan shaxs esa Paxtakor tumani «Olmazor» qishloq fuqarolar yig‘inida yashab kelgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan yuqoridagi ikki nafar shaxsga nisbatan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid