Jahon | 22:25 / 21.03.2021
10696
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy ofisi oldidagi tartibsizliklarda Poroshenko ayblandi

Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko amaldagi prezident Vladimir Zelenskiy ofisi binosi oldida 20 mart kuni tartibsizliklar bilan kechgan namoyishning bosh tashkilotchisi deb ataldi. Bunday bayonot bilan Zelenskiy ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak chiqdi. 

Foto: RIA Novosti /Stringer

Ta'kidlanishicha, 5 kun davomida ushbu aksiya ijtimoiy tarmoqlarda Poroshenko boshchilik qiladigan “Yevropa birdamligi” partiyasiga aloqador sahifalarda faol ilgari surilgan.  

Podolyakning aytishicha, 20 martdagi aksiya hukumatga siyosiy bosim o‘tkazish maqsadida uyushtirilgan.

“Shubhasiz, fikrimcha, Pyotr Alekseyevich Poroshenkoni uning asosiy tashkilotchisi deb atash mumkin”, deb qo‘shimcha qilgan Podolyak.

20 mart kuni kechki payt Zelenskiy ofisi binosi oldida mingdan ko‘proq kishi to‘planib, “O‘ng sektor” tashkilotining Odessadagi bo‘limining sobiq rahbari Sergey Sternenkoni ozod qilishni talab qilishgan. 

Asosan yoshlardan iborat bo‘lgan namoyishchilar fayyerlar yoqib, prezident ofisiga petarda va portlovchi paketlar uloqtirishgan.

23 fevralda Odessa sudi Sternenkoni odam o‘g‘irlashda aybdor deb topib, uni 7 yilga ozodlikdan mahrum etgan. Sternenko chiqarilgan hukmdan norozilik bildirgan. Hukm chiqarilgandan keyin Sternenko tarafdorlari va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan.

Sternenkoning ta'kidlashicha, uni ozodlikdan mahrum qilish Ukraina prezidenti ofisidan “buyurilgan”.   

“Bu qaror Bankovayadan (Zelenskiy ofisi joylashgan ko‘cha nomi) diktovka qilingan. U tanqid qilishimizni uncha xushlamaydi”, deb aytgan Sternenko sud zalida. 

Mavzuga oid