O‘zbekiston | 16:24 / 25.03.2021
16477
4 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi «Amirsoy» yo‘li bo‘yicha rasmiy izoh berdi

“Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo‘li hududida sodir bo‘lgan tabiiy hodisa bo‘yicha suratlar va videolavhalar tarqaldi. Holat Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi vakillari hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari bilan birgalikda joyida o‘rganilmoqda.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga ko‘ra, joriy yilning mart oyida “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti hududida ko‘p miqdorda qor va yog‘ingarchilik kuzatilib, namgarchilik me'yoridan ortishi sababli hududdagi grunt va tog‘ jinslarida geologik siljish sodir bo‘lgan.

“Avtomobil yo‘li va yo‘lga yondashgan qiyaliklar lyossimon tog‘ jinslaridan (suglinkalar, supeslar) va sun'iy to‘ldirilgan tog‘ jinslaridan tashkil topgan, ostida neogen yotqiziqlari peschanik va alevrolitlar tarqalgan.

Ushbu geologik siljish oqibatida ko‘chki yoriqlaridan taxminan hajmi 50 000 m3 gacha bo‘lgan ko‘chki faollashgan. Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu hududda xavfli geologik jarayonlar faollashishining real xavfi tug‘ilib, ko‘chki yoriqlarida 6 mart kunidan boshlab olib borilgan kuzatish natijalari va o‘rnatilgan topogeodezik reperlar ko‘rsatkichiga ko‘ra sutkasiga 10-20 santimetrgacha surilish, 1 metrgacha cho‘kishlar davom etmoqda.

Yuqoridagi holatdan kelib chiqib, “Amirsoy” hududiga olib boruvchi avtomobil yo‘lining 15-16 piket, 19-20 piket va 33-34 piket oraliq qismlarida yo‘lovchi va avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik cheklandi.

Mazkur holat hozirda turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin etilayotgani kuzatilmoqda. Shu o‘rinda bir jihatni alohida ta'kidlab o‘tmoqchimiz, tog‘ va tog‘oldi hududlarida bu kabi jarayonlar muntazam ravishda sodir bo‘lib turadi. Tog‘ jinslari siljishi, kuchli sel kelishi, gruntning o‘ta darajada me'yoridan ortiq namlanishi ta'sirida grunt ko‘chkisi va boshqa tabiiy ofat oqibatlari natijasida yo‘llarning vaqtincha bir necha kunlab yopilib qolish holatlari kuzatiladi. Bu kabi tabiiy ofatlar o‘z ko‘lamiga qarab avtomobil yo‘llari holatiga va yo‘lbo‘yi infratuzilmalariga ham turli ko‘rinishda ta'sir o‘tkazadi. O‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida esa yo‘llardagi harakat muntazamligi ta'minlab kelinmoqda.

Hozir “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo‘li hududida sodir bo‘lgan tabiiy hodisa Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi vakillari hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari bilan birgalikda joyida o‘rganilmoqda.

O‘rganishlar natijalari bo‘yicha kiritilgan tegishli xulosa va tavsiyalar asosida sodir bo‘lgan tabiiy ofat oqibatlari bartaraf etiladi va qisqa muddatlarda avtomobil yo‘lida tiklash ishlari amalga oshirilib, avtotransport vositalari harakati qayta yo‘lga qo‘yiladi”, – deyiladi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmati rasmiy izohida.

Mavzuga oid