O‘zbekiston | 08:36 / 26.03.2021
9950
2 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirligi qurilish sohasida asosan ruscha atamalar ishlatilishiga munosabat bildirdi

25 mart kuni Qurilish vazirligi rasmiysi ishtirokidagi matbuot anjumanida qurilish sohasi smeta-loyihalaridagi barcha atamalar rus tilida yuritilishi, qurilish sohasi qachon o‘zbek tiliga o‘tishi to‘g‘risida savol berildi.

Savolga javob bergan vazirlik boshqarma boshlig‘i Davron Miliyevning aytishicha, qurilish sohasiga oid texnik lug‘at sobiq ittifoq davrida yaratilgan, qolaversa, bugungi kunda bunday ruscha atamalar ishlatilishi soha odamlari uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi.

«Ittifoq davrida qurilish normalari ishlab chiqilayotganda 7 jilddan iborat qurilishga oid texnik lug‘at yaratilgan. Lug‘atda armatura chet tilidan tarjima qilinmasdan olingan va qisqacha izohi berilgan. Qurilishda shunga asosan ish yuritiladi.

Avvalo, qurilish sohasida o‘zbekcha texnik lug‘at yo‘qligi vazirlik masalasi hisoblanmaydi.

Ikkinchidan, qurilish ichida yurgan yoki shunga aloqador jamoatchilikda ham qurilish atamalari barcha uchun tushunarli va o‘sha ruscha atamani osonroq tushunishadi. Qurilish mutaxassislari armaturani boshqa nom bilan atamaydi.

Bugungi kunda ham agar ish sifatiga va loyiha-smeta hujjatlari bilan mosligiga e'tibor qaratsak, bu qiyinchilik tug‘diradi, deb o‘ylamayman.

Shu bilan birga, qurilish sohasida bajarilgan ishlar hisob-kitobi o‘zbek tilida olib boriladi», – dedi Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i.

Mavzuga oid