Jahon | 23:59 / 30.03.2021
12813
2 daqiqa o‘qiladi

Suvaysh kanali boshqarmasini Nobel mukofotiga ilgari surish taklif etildi

 Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy Suvaysh kanalini to‘sib qo‘ygan “Ever Given” kemasi bilan bog‘liq oxirgi voqealar ortida kanal boshqarmasini Nobel mukofotiga nomzod sifatida ilgari surish taklifini qo‘llab-quvvatladi.  

Al Youm As Sabi nashrining yozishicha, kema sayozlikdan olinib, yana harakat tiklangani munosabati bilan kanal bo‘yida o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar Misr prezidentiga ushbu taklifni bildirishgan.

“Men Suvaysh kanali boshqarmasini iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga ilgari surish taklifiga qo‘shilaman. Biz, misrliklar, ushbu ulkan gidrotexnik inshoot mukofotga loyiq topilsa, xursand bo‘lamiz”, — deb ta'kidlab o‘tgan as-Sisiy.

Misr rahbarining fikricha, kanaldagi muammoning muvaffaqiyatli yechim topishi Suvaysh kanalining nufuzini tasdiqladi va uning Nobel mukofotiga loyiqligini isbotladi.

As-Sisiy o‘t nutqida kanaldagi navigatsiya odatiy rejimga qaytganini, kanal oldida hosil bo‘lgan kemalar tirbandligini bartaraf etish uchun yana 3 kun talab etilishini aytgan. U kanalning to‘silishi yuzasidan batafsil tergov o‘tkazilishiga va'da bergan, ammo bu masalaga aralashmasligini ta'kidlab o‘tgan. 

29 mart kuni qariyb bir hafta davomida Suvaysh kanalida harakatni to‘xtatib qo‘ygan “Ever Given” konteynerovozi sayozlikdan to‘liq chiqarilib, kanal orqali harakat tiklandi.

Mavzuga oid