Qoraqalpog‘istonda bog‘cha tarbiyachilari direktordan norozi bo‘lib avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi
Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumanidagi bog‘cha tarbiyachilari sobiq direktor lavozimiga qaytganidan norozi bo‘lib, 31 mart kuni avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi.
Voqea videolari ijtimoiy tarmoqlarda yoyilgach, Kun.uz hodisa tumandagi 1-sonli davlat bog‘chasiga oidligi, bog‘chaning muqaddam ishdan bo‘shatilgan rahbari sud qarori asosida lavozimiga tiklangani haqida xabar berdi.
«Bizga Bekbergenovaday rahbar kerak emas! Biz sud qaroridan norozimiz», deya yozilgandi yo‘lni to‘sgan tarbiyachilar ko‘targan bannerlarda.
1 aprel kuni O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati Qonliko‘ldagi 1-sonli MTT direktori lavozimiga tiklangan Elmira Bekbergenovaning fuqarolik ishi yuzasidan rasmiy axborot berdi.
Ma'lum qilinishicha, da'vogar Elmira Bekbergenova javobgar Qoraqalpog‘iston Maktabgacha ta'lim vazirligiga nisbatan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqni bekor qilish, ishga tiklash, ichki mehnat tartibi qoidalarini tasdiqlash tartibi buzilgan deb topish haqidagi da'vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.
Fuqarolik ishlari buyicha Nukus tumanlararo sudining 2021 yil 24 martdagi hal qiluv qarori bilan, da'vogar Bekbergenovaning da'vo talablari qisman qanoatlantirilib, Qoraqalpog‘iston MTVning 2020 yil 21 dekabrdagi K-182-sonli buyrug‘i bekor qilingan, Bekbergenova lavozimiga tiklangan.
Ish hujjatlariga ko‘ra, Bekbergenova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodim o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzgani uchun ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilingan (Mehnat kodeksi 100-modda 2-qism 4-bandi asosida).
Shartnoma bekor qilinishiga vazirlik tomonidan 2020 yil 18 dekabrda bog‘chada o‘tkazilgan tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan ma'lumotnoma asos qilib keltirilgan.
Sud bu ma'lumotnomada keltirilgan holatlar isbotlanmagani, holat yuzasidan olib borilayotgan surishtiruv ishlari bo‘yicha Bekbergenovaning aybini tasdiqlovchi sud hukmi yo‘qligi va mehnat shartnomasini bekor qilish chog‘ida kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligi olinmaganini inobatga olib, ish beruvchining buyrug‘ini noqonuniy deb topgan va bekor qilgan.
Sudning hal qiluv qarori bilan Elmira Bekbergenova 1-sonli davlat bog‘chasi direktori lavozimiga tiklanib, FPKning 266-moddasi 4-bandiga asosan, darhol ijroga yuborilgan.
«Hozirgi kunda fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining 2021 yil 24 martdagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, ushbu fuqarolik ishi bo‘yicha taraflar mazkur hal qiluv qarori ustidan qonunda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyat qilishga haqlidir», – deyiladi Oliy sud axborotida.
Kun.uz muxbiri rasmiylardan izoh so‘rab, Qonliko‘l tumani hokimligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi bilan bog‘landi.
Hokim yordamchisiga ko‘ra, Vazirlar Kengashi ruxsatisiz bog‘cha mudirasi haqida ma'lumot bermaslik aytilgan.
Maktabgacha ta'lim vazirligi yuristi Ravshan Abdullayevaning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, 1 aprel kuni Elmira Bekbergenova ishi bo‘yicha qayta Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudiga qayta davo arizasi kiritilgan.
Ravshan Abdullayevaning qo‘shimcha qilishicha, sudning 24 martdagi hal qiluv qarori vazirlikka bugun, 1 aprel kuni berilgan.
Mavzuga oid
09:58 / 17.09.2021
Adliya vaziri: «Qaysi mamlakatda davlat organlariga xalqning ishonchi yuqori bo‘lsa, vaksinatsiya darajasi shuncha yuqori bo‘lyapti»
11:53 / 08.07.2021
Salkam 50 daraja issiqda ishlayotgan vatandoshlar: ular huquqiy himoyaga muhtoj
16:03 / 03.05.2021
655 mln so‘mlik davlat xaridi mojarosi. Yunusobod bog‘chalariga «kanstovar» olish bo‘yicha tanlov qayta o‘tkaziladi
11:32 / 30.04.2021