Iqtisodiyot | 22:34 / 04.04.2021
11212
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sanoat va savdo vaziri O‘zbekistonga keldi

Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga yetib keldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga bortida Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiya o‘rin olgan samolyot kelib qo‘ngan.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining xabar berishicha, 5-7 aprel kunlari Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar markazida xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Rossiya bilan birgalikda tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmaning ishbilarmonlik dasturi doirasida asosiy strategik sessiya O‘zbekiston bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov ishtirokida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Ko‘rgazma dasturidan O‘zbekiston viloyatlari hokimlari va Rossiya regionlari gubernatorlari ishtirokidagi O‘zbekiston-Rossiya mintaqalararo forumi o‘rin olgan.

Ilk marta Rossiyadan tashqarida bo‘lib o‘tayotgan ushbu xalqaro ko‘rgazmada Armaniston, Belarus, Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, O‘zbekiston, Fransiya, Chexiya va Yaponiyaning 300dan ortiq sanoat kompaniyalari va ishbilarmonlar delegatsiyalari ishtirok etadi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ishtirokchi mamlakatlar va kompaniyalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, sanoatni rivojlantirish va qo‘shma korxonalar tashkil etishning yangi imkoniyatlarini aniqlashdan iborat.

Denis Manturov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi o‘tgan yili Toshkent metallurgiya zavodining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan, jumladan, 2020 yilning 4 dekabr prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida ham bo‘lgandi

Mavzuga oid