O‘zbekiston | 16:23 / 05.04.2021
16945
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarni aprel oyida qanday ob-havo kutmoqda?

O‘zbekistonda aprel oyi ob-havoning beqarorligi bilan ajralib turadi. Odatda momaqaldiroq va shiddatli shamol bilan yomg‘ir tez-tez yog‘adi. Respublika shimoli, janubining eng chekkasi va cho‘l hududlarida oy uchun o‘rtacha 5 kundan 8 kungacha, tog‘larga yaqinroq hududlarda 9-13 kungacha yog‘ingarchilik bo‘ladi.

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixi davomida turli xil aprel oylari kuzatilgan. Ekstremal quruq, yog‘ingarchilik umuman bo‘lmagan yoki ularning oylik miqdori me'yordan 10 foizdan ko‘p bo‘lmagan. 

Toshkentda 1975 yil aprel oyi eng quruq bo‘lgan yilga aylangan. Yog‘ingarchilik atigi ikki marta bo‘lgan va ularning miqdori 2 mm.ni tashkil etgan, bu aprel oyi me'yorining 3 foizini tashkil etadi. 1990 yil aprel oyi eng nam bo‘lgan yil sifatida qayd etilgan, bunda bir oyda yog‘ingarchilik oylik me'yordan 300 foiz atrofida bo‘lgan, yog‘ingarchilik kuzatilgan kunlar soni 19 kunni tashkil etgan.

Meteorologik kuzatuvlarning butun tarixida kecha-kunduz uchun yog‘ingarchilik bo‘yicha rekord 2009 yilning 8 aprel kuni qayd qilingan. Ushbu kunda Toshkentda 65 mm yomg‘ir yog‘gan, bunda aprel oyining oylik me'yori 62 mm.ni tashkil etgan.

Odatda aprel oyining harorat foni ham beqaror bo‘ladi. Havoning jadal isishi, qisqa muddatga haroratning sovuq darajagacha pasayishi, deyarli sovuq bilan almashishi mumkin. O‘zbekiston aholisi o‘tgan yilgi aprel oyining birinchi o‘n kunligi oxirida qor yog‘ganini, bunday qor hatto qishda ham yog‘maganini eslasa kerak.

Sinoptiklar prognozlariga ko‘ra, bu yilning aprel oyi iliq bo‘ladi, hududlarning ko‘p qismida odatdagidan 1-2 darajaga iliqroq bo‘ladi.

4 aprel, yakshanba kuni va dushanbaga o‘tar kechasi O‘zbekiston hududi bo‘yicha yomg‘ir yog‘ib o‘tdi, tog‘oldi va tog‘li hududlarda kuchli bo‘ldi, baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylandi.

Bugungi kundan boshlab va oyning o‘rtasigacha respublika bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

Havo harorati kechalari 6-11 daraja iliq, kunduz kunlari 19-24 daraja issiq atrofida bo‘ladi. Respublikaning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida oyning birinchi o‘n kunligida havo harorati kunduz kunlari 26-29 daraja issiqqacha ko‘tariladi. 

Oyning ikkinchi o‘n kunligida harorat kechalari 10-15 daraja iliq atrofida, kunduz kunlari esa harorat 20-25 daraja issiqdan 25-30 daraja issiqqacha o‘zgarib turadi.

“Umuman olganda, joriy yilning aprel oyida yog‘ingarchilik me'yordan kam bo‘lishi kutilmoqda, ammo ba'zi kunlarda shiddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kuchli, toshqin yomg‘irlar respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sellarni vujudga keltirishi mumkin, baland tog‘larda qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi”, deyiladi “O‘zgidromet” ma'lumotida.

Mavzuga oid