Jahon | 18:10 / 05.04.2021
7211
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya yuk ko‘tarish quvvati 200 tonna bo‘lgan raketa ishlab chiqarmoqchi

Rossiya yuk ko‘tarish qobiliyati 200 tonna bo‘lgan yangi o‘ta og‘ir kosmik raketani yaratadi. U Oy va Marsga parvozlar uchun mo‘ljallangan.

Xalqaro kosmik stansiya Rossiya segmentining reyslar bo‘yicha direktori Vladimir Solovev yangi o‘ta og‘ir kosmik raketalar yaratish loyihasi haqida ma'lum qildi.

«Hozircha ba'zi bir dastlabki loyihalar ikki yo‘nalishda — 100 tonnadan ortiq va hatto 200 tonnagacha bo‘lgan superog‘ir yuk tashiydigan transport vositalariga texnik takliflar bosqichida yaratilmoqda», — dedi Solovyov Moskvada bo‘lib o‘tgan «Man in space» xalqaro simpoziumida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu raketalarni Oy va Marsga yuborish rejalashtirilgan.

SpaceX asoschisi Ilon Mask esa o‘z Twitter sahifasida Roskosmosga qayta ishlatilishi mumkin bo‘lgan raketalarni yaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

U Rossiyaning Amur-LNG raketa tashuvchisi loyihasiga qayta ishlatilishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarni o‘rnatishni tavsiya qilgan.

«Bu yaxshi yo‘l, ammo to‘liq qayta foydalanishni maqsad qilishni tavsiya etaman», — deb yozdi Mask o‘zining mikroblogida.

Amur-LNG dizayni sentabr oyida yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Bu metanni yonilg‘i sifatida ishlatadigan birinchi raketa bo‘ladi. Yangi raketani sinovdan o‘tkazish 2026 yilga rejalashtirilgan.

Avvalroq AQShning SpaceX kompaniyasi Inspiration 4 fazoviy missiyasi doirasida tarixda ilk bor to‘liq oddiy fuqarolardan tashkil topgan ekipajni fazoga jo‘natgani ma'lum qilingandi.

Shuningdek, Yaponiyaning Aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) 50 foiz tejamkorroq bo‘lgan ikki pog‘onali yangi H-III raketa tashuvchisini taqdim etgandi.

Bundan tashqari, Xitoy yangi avloddagi raketasi Chang-7A'ni (Chanchjyen-7A) fazoga uchirgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid