Turizm va sport vazirligi tashkil etildi
Turizm va sport vazirligi turizm, jismoniy tarbiya, sport va madaniy meros sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizida Turizm va sport vazirligi tashkil etildi.
Hujjatda belgilanishicha, Turizm va sport vazirligi turizm, jismoniy tarbiya, sport va madaniy meros sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash Turizm, sport, madaniy meros, transport logistikasi va xizmatlar sohalarida davlat-xususiy sheriklik hamda raqamlashtirishni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash etib qayta tashkil qilindi.
Kengash turizm, sport va madaniy meros obektlarining davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarilishini hamda mazkur sohalarga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilishini muvofiqlashtirishi belgilandi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida:
- Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimi tugatildi;
- Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri lavozimi kiritildi;
- Sport va turizmni rivojlantirish masalalari kotibiyati Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati etib qayta nomlandi va uning boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 15 nafar etib belgilandi;
- Ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, ma'naviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari kotibiyati Ta'lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari kotibiyati etib qayta nomlandi va uning boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 18 nafar etib belgilandi;
- Davlat tilini rivojlantirish departamenti Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti etib qayta nomlandi va uning boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 7 nafar etib belgilandi;
- 10 ta shtat birligidan iborat Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi tashkil etildi. Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi shtat birliklari O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazining 10 ta shtat birligini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.
Turizm va sport vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanishi belgilandi.
Farmonda belgilanishicha, 2021 yilda va kelgusi yillarda Madaniyat vazirligiga Davlat budjetidan madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish va tiklash, shuningdek, arxeologik ishlar xarajatlari uchun ajratiladigan mablag‘lar Turizm va sport vazirligiga ajratiladi.
Mavzuga oid
21:49
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024
O‘zbekistonga xorijdan kelgan sayyohlar soni ma’lum qilindi
22:45 / 24.10.2024
2024 yilda O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni ma’lum qilindi
17:47 / 15.10.2024