Jamiyat | 21:43 / 12.04.2021
8244
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda 5 kilogramm giyohvand moddalarni olib ketayotgan shaxslar ushlandi

Jizzax viloyatida 5 kilogramm «gashish» giyohvandlik moddasini olib ketayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 2 aprel kuni DXX Jizzax viloyat boshqarmasi ham viloyat IIB xodimlari hamkorligida tadbir o‘kazilgan. Tadbir davomida M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani hududidan o‘tuvchi 1031 kilometrida, yo‘l chetida beshta qora rangli poletilen paketga o‘ralgan modda aniqlangan. U tortib ko‘rilganda 5 kilogramm 35 gramm «gashish» giyohvand moddasi ekani ma'lum bo‘lgan.

Shundan so‘ng, mazkur giyohvand moddasini tashlab ketgan shaxsga nisbatan qidiruv e'lon qilingan va voqea joyi kuzatuvga olingan. 3 aprel kuni kechki payt 22:25 larda o‘sha joyga Qozog‘iston Respublikasiga tegishli bo‘lgan avtomashina kelib to‘xtagan. Uning ichida bo‘lgan ikki nafar shaxs giyohvand moddani olib mashinaga ortayotgan paytda huquqni himoya qilish organlari tomonidan ushlangan.

Olib borilgan surishtiruvlar davomida ular 1988 yilda tug‘ilgan, Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati Chimkent tumanida yashovchi shaxslar ekani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid