AQSh va NATO 1 maydan Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqishni boshlaydi
AQSh prezidenti Jo Baydenning ta'kidlashicha, AQSh Afg‘onistondagi missiyasini bajardi va 1 maydan u yerdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshlaydi.
«AQSh joriy yilning 1 mayidan boshlab Afg‘onistondan harbiylarni batamom olib chiqishni boshlaydi», deb ma'lum qilgan Bayden.
Uning ta'kidlashicha, ushbu jarayon bosqichma-bosqich va hozirda Afg‘onistonda AQShdan ko‘ra ko‘proq kuchga ega bo‘lgan ittifoqdoshlar bilan muvofiqlikda amalga oshiriladi.
«Biz qo‘shinlarni olib chiqishni 11 sentyabrgacha yakunlaymiz», deb ta'kidlab o‘tgan Bayden.
Oq uy rahbarining aytishicha, AQSh Afg‘onistonda o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni bajara oldi.
«Amerika tarixidagi eng uzoq davom etgan urushga chek qo‘yish, harbiylarimizni uylariga qaytarish vaqti keldi», deb qo‘shimcha qilgan AQSh yetakchisi.
Bayden «Tolibon» harakatini qo‘shinlar olib chiqilishi vaqtida ularga hujum qilmaslikdan ogohlantirgan. Aks holda, bunday hujumlar holatida AQSh o‘zini va ittifoqdoshlarini barcha mavjud usullar bilan himoyalaydi.
Bayden AQSh Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashiga va mamlakatdagi ixtilofni siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishiga va'da berdi. U Rossiya, Pokiston va boshqa bir qator davlatlardan Afg‘onistonga faol ko‘mak ko‘rsatishni so‘rashini qo‘shimcha qilgan.
«Biz ushbu mintaqadagi boshqa davlatlardan Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq sa'y-harakatlar amalga oshirishlarini so‘raymiz. Bu ayniqsa, Pokiston, shuningdek, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Turkiyaga tegishli», deb aytgan AQSh yetakchisi.
Bu orada NATO ham AQSh qaroridan keyin 1 maydan boshlab Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishini e'lon qildi.
NATOning bayonotida ta'kidlanishicha, qo‘shinlarning olib chiqilishini bir necha oy ichida yakunlash rejalashtirilgan. Bungacha NATO «Tolibon»ning har qanday hujumlariga «qat'iyan javob qaytaradi».
Bayonotda aytilishicha, 2001 yilda NATO davlatlari tashkilot tarixida bir marta Vashington kelishuvining 5-moddasini qo‘llab, 2001 yil 11 sentyabrda AQShda terakt sodir etgan va «Al-Qoida»ga qarshi kurashish hamda Afg‘onistonni terrorchilar uchun makonga aylantirmaslik maqsadida ushbu mamlakatga o‘z kuchlarini yuborgan.
NATO Afg‘onistonda xavfsizlikni ta'minlash uchun mamlakatni, uning xalqini va institutlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini aytgan.
«Qo‘shinlarimizning olib chiqilishi Afg‘oniston bilan munosabatlarimiz to‘xtatilishini anglatmaydi. To‘g‘rirog‘i, bu yangi bobning boshlanishi bo‘ladi. Afg‘onistondagi mustahkam tinchlik negizida har jihatni ko‘zda tutuvchi, mustahkam tinchlik sulhi yotadi. U zo‘ravonlikka chek qo‘yadi, barcha afg‘onlar, ayniqsa, ayollar, bolalar va etnik ozchiliklar uchun inson huquqlarini, qonun ustuvorligini ta'minlaydi va Afg‘oniston boshqa hech qachon terrorchilar uchun boshpana bo‘lmasligini kafolatlaydi», deb va'da qilingan NATOda.
NATO o‘z bayonotida «Afg‘onistondagi missiyada ishtirok etgan va uni qo‘llab-quvvatlagan barchaga, jumladan, mamlakat xavfsizlik kuchlariga» minnatdorlik bildirgan.
Hozirda Afg‘onistonda 2,5 mingga yaqin amerikalik harbiy qolgan, NATO davlatlari harbiy kontingentining jami soni esa 9,6 mingni tashkil etadi.
Avvalroq Jo Bayden Afg‘onistondagi amerikalik harbiylar 2021 yil 11 sentyabrgacha u yerdan to‘liq olib chiqilishini ma'lum qilgandi. Shundan keyin bir qator davlatlar, jumladan, Britaniya, Bolgariya va Gruziya ham Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishini e'lon qildi.
Mavzuga oid
10:05
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
21:19 / 16.11.2024
Tramp Oq uy tarixidagi eng yosh matbuot kotibini tayinladi
15:52 / 16.11.2024
Amerikalik olimlar bioorganizmlarning “uchinchi holati”ni aniqladi
15:12 / 16.11.2024