Jahon | 01:13 / 16.04.2021
25926
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh razvedkasi koronavirus paydo bo‘lishining ikkita versiyasini ma'lum qildi  

Foto: Getty Images

AQSh Milliy razvedkasi direktori Evril Xeyns AQSh senati qo‘mitasidagi tinglovlarda maxsus xizmatlarda koronavirus paydo bo‘lishi haqida aniq ma'lumotlar yo‘qligini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, infeksiya paydo bo‘lishining ikkita versiyasi mavjud.

«Hozir aytish mumkinki, razvedka koronavirus infeksiyasi qayerdan paydo bo‘lgani borasida aniq ma'lumotga ega emas», deb aytgan Xeyns.

Uning ta'kidlashicha, virus paydo bo‘lishining ikkita taxmini mavjud. Ulardan birinchisiga ko‘ra, «nolinchi bemor» virus bilan kasallangan hayvon bilan kontaktda bo‘lgan. Ikkinchi taxminga ko‘ra, virus Xitoyning Uhan shahridagi laboratoriyadan tarqalgan.

Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Bernsning ta'kidlashicha, MRB Xeynsning pozitsiyasiga qo‘shiladi. Bernsning aytishicha, vaziyat Xitoy hukumati virus haqida zarur axborotni taqdim qilishda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan yetarlicha hamkorlik qilmagani sababli murakkablashgan.

Avvalroq CNN telekanalining maxsus xizmatlardagi manbasi odamlar koronavirus paydo bo‘lishi haqidagi haqiqatni hech qachon bilmasliklari mumkinligini aytgan. «Hattoki xitoyliklar buni bilmaydilar. Ularda haqiqatni bilishga hech qanday qiziqish bo‘lmagandan keyin ular ortidan josuslik qilib, ularda mavjud biror natijani bilishga urinish befoyda», deb aytgan manba.

2020 yilning yanvar—fevral oylarida JSST ekspertlari guruhi koronavirus manbasini aniqlash maqsadida Uhanga safar uyushtirgandi. JSST ushbu guruh Uhanda olib borgan tadqiqot natijalarini 30 martda e'lon qilgandi. Unda virus paydo bo‘lishining 4ta versiyasi keltirib o‘tilgan.

JSST ekspertlarining xulosasiga ko‘ra, koronavirusning ko‘rshapalaklardan odamga oraliq hayvondan yuqqan bo‘lishi mumkinligi ehtimoli yuqori. Shuningdek, virus bevosita ko‘rshapalaklardan odamga yuqqan bo‘lishi mumkin. Ekspertlarning fikricha, virus muzlatilgan mahsulotlar orqali odamga o‘tgani ehtimoli «oz»ni, Uhandagi laboratoriyadan chiqib ketgan bo‘lishi mumkinligi ehtimoli esa «juda oz»ni tashkil qiladi.   

Mavzuga oid