O‘zbekiston | 07:11 / 19.04.2021
2580
2 daqiqa o‘qiladi

Firibgarlik va mablag‘larni talon-toroj qilganlik holatlari aniqlandi

Jizzax shahar prokuraturasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Arnasoy tuman bo‘limi tomonidan firibgarlik va o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan ma'lum qilindi.

Jizzax shahri O‘ratepalik mahallasida yashovchi fuqaro F.M. fuqaro O.A.ning ishonchiga kirib, unga hokimiyatda ishlovchi tanishlari orqali ko‘chmas mulk uchun yer olib berishini aytib, 2 100 dollar miqdordagi mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan. Holat yuzasidan JKning 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Departamentning Arnasoy tuman bo‘limi tomonidan, tuman XTBga qarashli maktablarning birida 78 ta holatda maktab ishchi xodimlariga juda ko‘p miqdorda moddiy rag‘batlantirish pullari ortiqcha hisoblanib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan. Holat yuzasidan JKning 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Hozirda har ikki holat bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi viloyat prokuraturasi tomonidan berilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sharof Rashidov tumanida hokimlik zaxirasidagi maydondan 1 gektar yerni issiqxona qurish uchun olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan edi.

Mavzuga oid