Jahon | 22:14 / 19.04.2021
11109
4 daqiqa o‘qiladi

Nega vaksinalarning o‘zigina koronavirus tarqalishini to‘xtatish uchun yetarli emas?

Ko‘pchilik insonlar koronavirusga qarshi vaksinani niqoblardan qutulib, normal hayotga qaytish uchun so‘nggi chora sifatida ko‘rmoqda.

Olimlarning fikricha, emlashlar virus tarqalishining oldini olish uchun yetarli bo‘lmaydi va bundan boshqa choralar ham ko‘rilishi lozim.

Asosiy muammo shundaki, koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha 100 foiz samarali chora yo‘q va emlash ham istisno emas.

9ta tilimga ajratilgan teshikli pishloqni tasavvur qiling. Har bir tilim insonning virusga qarshi himoya qatlami bo‘lsin.

Xuddi ko‘rilayotgan choralar kabi tilimlarning hech biri mukammal emas. Virus ham ushbu teshiklardan qandaydir bir tarzda sizib o‘tyapti.

Biroq qatlamlar soni oshgani sayin ularning biri tomonidan virusni to‘xtatib qolinish ehtimoli ortadi.

Keling, har bir pishloq bo‘lagini ko‘rib chiqamiz.

Vaksina Covid-19’ga qarshi eng katta qurol sifatida ko‘rilmoqda. 90 foizdan yuqori himoya bilan ta'minlaydigan vaksinalar yuqtirish holatlari va o‘lim xavfining oldini oladi.

Testlar o‘zi bilmagan holda virusni tashib yuruvchilarni ham aniqlashga imkon beradi. Biroq tezkor diagnostika testlari ba'zida aniq natija bermayapti.

Kontaktlarni kuzatish mexanizmlari musbat holatlar bilan yaqin aloqada bo‘lganlarni o‘zlarini izolyatsiya qilish borasida ogohlantirmoqda. Ushbu mexanizmlar yanada tezlashishi va kontaktlarning 80-100 foizini qamrab olishi kerak.

Ko‘plab mamlakatlar virusni yuqtirgan yoki o‘zining koronavirusga chalinganini gumon qilganlarni uyda qolishga undamoqda va hech kimga yaqinlashmasliklari lozimligini maslahat bermoqda. Ko‘p sonli odamlar ushbu tavsiyalarni bajarmayapti yoki bajara olmayapti.

Garchi, niqoblar va yuzni himoya qiluvchi vositalar yo‘tal, aksirish va muloqot orqali tarqaladigan virus tomchilarining oldini olsa-da, ammo ularning hatto eng sifatlilari ham virusni o‘tkazib yuborishi mumkin.

Niqoblarni to‘g‘ri taqish, ulardan keng foydalanish epidemiya sur'atini o‘zgartirishda juda muhim.

Boshqalar bilan 2 metr masofa saqlash virus yuqish xavfini kamaytiradi, ammo shunda ham xavf mavjud. 

Toza havo yuqtirish xavfini kamaytiradi, ultrabinafsha nurlanish ham sirtdagi viruslarni yo‘q qilishga qodir. Ammo tashqarida bo‘lganimizda yuqtirish xavfi butkul yo‘q bo‘lmaydi. Yetarli darajada shamollatilmagan joylarda esa virusni yuqtirib olish ehtimoli ortadi. Havoning aylanish darajasi oshgani sayin xavf kamayadi, ammo u butkul yo‘qolmaydi.

Yaxshi gigiyena virusning tarqalishini to‘xtatishga yordam beradi, ammo havodagi zarralar hamisha xavf tug‘diradi.

Xulosa qilib aytganda, teshikli pishloqning hech bir qatlami 100 foizlik himoyani ta'minlay olmaydi. Ammo bir vaqtning o‘zida bir nechta bo‘lak – ya'ni ehtiyot choralari ko‘rilgan bo‘lsa, o‘zimizni va yaqinlarimizni yaxshiroq himoya qila olamiz.

Ma'lumot o‘rnida aytish joiz, teshikli pishloq modelini epidemiya bilan bog‘liq holda ilk bor qo‘llagan inson – Avstraliyadagi Queensland universitetida faoliyat olib boruvchi virusolog Yan Maksvell Makkeydir. Olimning aytishicha, pishloqdagi bo‘laklar insonlarning xatti-harakatlariga qarab doimo ochilib, yopilib, o‘zgarib turadi.

Makkey singari ko‘plab olimlar hatto emlash jarayoni jadal sur'atlarda ketayotgan hududlarda ham pishloqdagi teshiklar virusni o‘tkazib yubormasligi uchun kompleks chora-tadbirlar ko‘rishni tavsiya qilmoqda.

Mavzuga oid