Jamiyat | 11:32 / 23.04.2021
40756
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onalik 9-sinf o‘quvchisi voyaga yetmagan qizning hayotini saqlab qoldi

Foto: Farg‘ona viloyati XTB Axborot xizmati

Buvayda tumanidagi 2-maktabning 9-«D» sinf o‘quvchisi Shuhratjon Yangiev voyaga yetmagan qizni kanaldan qutqarib, uning hayoti saqlab qolinishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati yurituvidagi telegram-kanalida ma'lum qilindi.

Xabarga ko‘ra, buvaydalik ayol rashk tufayli, o‘ch olish maqsadida oldindan rejalashtirib, o‘zining turmush o‘rtog‘i bilan shar'iy nikoh asosida yashab kelayotgan M.J.ning 2012 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizi F.F.ni o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Shu maqsadda uni aldab, Maslahat qishlog‘i hududidan o‘tgan «Oyimtarra» kanali yaqiniga olib kelib, uni qasddan o‘ldirish niyatida noma'lum jism bilan bosh sohasiga urib, kanalga tashlab yuboradi.

Voqea shohidi bo‘lgan maktab o‘quvchisi esa qizning hayotini saqlab qoladi.

Ayni paytda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xabarda jasoratli o‘quvchi Shuhratjon Yangiyevning mardona harakatlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida Farg‘ona viloyat prokurori va viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘i bilan tashakkurnoma e'lon qilinib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangani ham qo‘shimcha qilinadi.

Mavzuga oid