Jahon | 18:25 / 23.04.2021
33173
5 daqiqa o‘qiladi

Oq uydagi uydirmalar: AQSh tarixida «Trampdan ham yolg‘onchiroq» prezidentlar bo‘lganmi?

Amerika matbuoti Donald Trampga mamlakat tarixidagi eng yolg‘onchi prezident «tamg‘asini bosib keladi». Aslida esa AQSh prezidentlari shunday yolg‘onlar gapirishganki, Tramp ularning «soyasida qoladi». BBC ularning ba'zilarini to‘pladi.

AQShning 43-prezidenti Jorj Bush 1990 yil Saddam Husayn Quvaytdagi neft konini egallab olganda g‘alati uydirma to‘qib chiqargan. Buni AQShning piar kompaniyasi «Hill & Knowlton» amalga oshiradi.

Kompaniya Naira ismli 15 yoshli qizni tayyorlab, unga chaqaloqlar o‘limi haqidagi uydirmani o‘rgatadi. Qiz Iroq askarlari Quvaytdagi kasalxonaga kirib, chaqaloqlarni inkubatorlardan olib sovuq polga tashlaganlari va chaqaloqlar shu yerning o‘zida nobud bo‘lgani haqida AQSh kongresmenlariga yig‘lab aytib beradi. Natijada bu gaplar Amerika xalqida urush kayfiyatini paydo qiladi va 1991 yil AQSh Iroqda «Sahro bo‘roni» operatsiyasini boshlaydi.

Nairaning «ta'sirli hikoyasini» AQSh qo‘shinlari oldiga chiqish qilganda Jorj Bushning o‘zi ham bir necha bor aytib bergan. Aslida esa voqea Naira aytganidek bo‘lmagan. Chaqaloqlarning o‘limi AQSh ittifoqchilarning Iroqqa havo hujumidan keyin sodir bo‘lgan. «New York Times»ning izohlashicha, Iroqqa birinchi bomba tashlangandan keyin elektr uziladi. Bundan vahimaga tushgan onalar yangi tug‘ilgan farzandini tug‘ruqxonadan olib chiqib, sovuq yerto‘lada jon saqlashga majbur bo‘ladi. Bu holatda 40 dan ortiq go‘dak halok bo‘ladi.

AQSh prezidentlariga ishonch qachon yo‘qolgan?

AQShning 36-prezidenti Lindon Jonson hokimiyat tepasiga kelguncha amerikaliklar o‘z rahbarlariga bolalarcha ishonardi. Jonson 1964 yil saylovchilarga Vetnam urushida amerikaliklarni osiyoliklar uchun jang qilishga jo‘natmaslikka va'da bergandi, biroq saylanganidan keyin Vetnamdagi urush zonasi o‘rmon va guruchzorlariga AQShning birinchi jangovar kuchlarini yuboradi. Bu voqea jurnalistlarning prezident administratsiyasiga ikkiyuzlamachi sifatida qaray boshlashiga sabab bo‘ladi.

«U hatto yolg‘on gapirishga hojat bo‘lmagan joyda ham yolg‘on gapiradi», degandi Jonson haqida Jon Kennedi.

«Men yolg‘on gapira olmayman, Pa» iborasini AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington gilos daraxtini chopib qo‘yganini yashirmay otasiga aytib berganda ishlatgan. Bu ibora orqali amerikalik bolalarga prezident qanday rostgo‘y bo‘lganini aytib, ularni haqiqatni gapirishga o‘rgatishadi. Ammo «Amerika otasi» Jorj Vashington unchalik rostgo‘y bo‘lmagani haqida misollar bor. U 1788 yil Yorktaundagi inqilobiy urushda inglizlar ustidan qozonilgan g‘alabani o‘ziniki deb da'vo qilib, tarixni qayta yozishga urinadi. Aslida bu g‘alaba uning fransuz ittifoqchilariniki bo‘lgan.

Tomas Jyefferson Amerika hayvonot dunyosini tanqid qilgan yevropalik tabiatshunosga Amerikaning o‘rganilmagan g‘arbida paxmoq mamontlar borligini aytgan. Mamontlarning allaqachon Yer yuzidan yo‘qolib ketgani inobatga olinsa, Jyefferson yaxshigina «qovun tushirgan».

1983 yilda prezident Ronald Reygan Yevropada AQSh armiyasida fotosuratchi bo‘lib xizmat qilganda fashistlarning o‘lim lagerlaridagi vahshiyliklarni suratga olganini ta'kidlaydi. U bu voqeani Oq uyda Isroil bosh vaziri Itsxak Shamirga aytib bergan. Aslida Reygan ikkinchi jahon urushi paytida Amerikadan tashqariga chiqmagan.

Garchi bular xunuk yolg‘onlar bo‘lsa-da, Amerika OAVsi Trampni sobiq hamkasblaridan ko‘ra yolg‘onchiroq deb hisoblaydi. «Washington Post» Trampning bayonotlari bazasini saqlaydi va ularning 3000 dan ortig‘ini chalg‘ituvchi yoki yolg‘on deb baholagan. Nashr Trampning koronavirus haqidagi vahimasi, saylovlarning soxtalashtirilgani va Kapitoliydagi namoyishlar haqidagi gaplarini jiddiy yolg‘on sifatida e'tirof etgan.

Mavzuga oid