Jahon | 23:39 / 27.04.2021
16174
3 daqiqa o‘qiladi

Harbiylar Makronni Fransiya barbod bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirishdi 

Iste'fodagi va zaxiradagi yuzlab fransuz generallari va zobitlari Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga yo‘llagan jamoaviy maktublarida, uni Fransiyaning barbod bo‘lishi ehtimoli yuqori ekanidan ogohlantirishdi. 

Foto: Stephane Mahe/Reuters

Valeurs actuelles nashrining xabar berishicha, ular Makron e'tiborini fanatiklar, irqiy urushlar tarafdorlari va radikal «islomchilar» tomonidan katta xavf tarqalayotganiga qaratishgan. Harbiylarning ta'kidlashicha, bunday kimsalar Fransiyaning chekka hududlarini zimdan egallab, u yerlarda Fransiya konstitutsiyasiga zid tartib-qoidalarni o‘rnatishmoqda. 

 «Bu mamlakatda ishidan chiqqan o‘qituvchi boshidan judo qilinishi mumkinligini o‘n yil avval kim o‘ylabdi dersiz?» deb savol bilan yuzlangan maktub mualliflaridan biri.

 «Shuni esda tutingki, biz kabi hamyurtlarimizning aksariyati sizning qat'iyatsizligingiz va sukut saqlashingizdan hayratda», deb ta'kidlab o‘tgan maktub mualliflari.

 Ular Makron bunga qarshi chora ko‘rmasa, mamlakatda davlat to‘ntaruvi amalga oshirilishi va harbiy xunta rejimi o‘rnatilishi mumkinligidan ogohlantirishgan.

«Ko‘rayotganimizdek, sustkashlikning mavridi emas, yo‘qsa ertaga fuqarolik urushi tobora oshib borayotgan alg‘ov-dalg‘ovlikka chek qo‘yadi va o‘limlar soni minglabni tashkil qiladi. Ular uchun siz javobgar bo‘lasiz», deb o‘z so‘zlarini yakunlagan sobiq harbiylar.

 2020 yil 6 oktyabrda Parij yaqinida Samuel Pati ismli o‘qituvchi boshidan judo qilingandi. Uni o‘z darsida islom diniga oid karikaturalarni namoyish qilgani uchun chechen millatiga mansub Abdulla Anzorov o‘ldirgandi. Shundan keyin Makron radikal «islomchilar»ga qarshi keskin choralar ko‘rishga va'da bergandi.

2021 yil 23 aprelda esa Parij yaqinidagi Rambuyye shahrida tunislik erkak ayol politsiyachiga pichoq bilan hujum qildi. Politsiyachi bo‘yniga pichoq bilan berilgan bir nechta zarba oqibatida halok bo‘ldi. Erkakning o‘zi ham qo‘lga olinishi vaqtida olingan jarohatlardan vafot etgan. Aniqlanishicha, u Fransiyaga 2009 yilda Tunisdan kelgan bo‘lgan.

Mavzuga oid