9 may arafasida Toshkentda o‘tkazilgan konsertda SSSR bayrog‘i ko‘tarildi
Rossotrudnichestvo Toshkentdagi Xalqlar do‘stligi maydonida o‘tkazgan konsertda SSSR bayrog‘i ko‘tarildi. «Milliy tiklanish» partiyasi buni o‘zbek xalqini haqoratlash deb atab, Bosh prokuraturadan «bu provokatsiyaga tegishli baho berish»ni so‘radi.
1 may kuni Toshkent markazidagi Xalqlar do‘stligi maydonida «G‘alaba qo‘shiqlari» konserti o‘tkazilgan. Unda SSSR bayrog‘i ko‘tarilgani o‘zbekistonliklar o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ijtimoiy tarmoqda ko‘plab foydalanuvchilar suratlarni ko‘rib, dahshatga tushganini bildirmoqda.
Ayrim foydalanuvchilar bu bayroq ko‘tarilishiga masalan, Boltiqbo‘yi respublikalari yoki umuman, mustaqil davlatchiligini hurmat qilgan biror bir mamlakatda yo‘l qo‘yilmasligini urg‘ulagan.
«Poytaxtda qizil bayroq ko‘tarilishi bu juda qo‘rqinchli va dahshatli hodisa. Ammo bunga rasmiylardan hech kim reaksiya bildirmayapti. Uning muqobili – odamlarning e'tiroz, namoyishlariga esa qonunlarimiz yo‘l qo‘ymaydi. Men qo‘rqyapman, qo‘rqyapmanki, bu kelajakda kattaroq voqealarga, qaytadan mustamlaka bo‘lishimizga debocha bo‘lmasin», – deb yozdi Facebook'ning o‘zbek segmentidagi foydalanuvchilardan biri.
Konsertni Rossiya TIVning Rossotrudnichestvo agentligi o‘tkazgan bo‘lib, agentlik press-relizida tadbirni O‘zbekiston hukumati qo‘llab-quvvatlagani aytiladi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi 3 may kuni bergan bayonotida vazirlik konsert dasturining O‘zbekistonda o‘tkazilishida hamkor ekani va «faqat sahnadagi jarayonlarga javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan»ini bildirdi.
Kun.uz'ga hukumatdagi manbalar orqali yetib kelgan ma'lumotga ko‘ra, tadbir uchun O‘zbekiston hukumatidan rozilik olinishiga Rossiya Federatsiyasi xalq artisti Mixail Turetskiyning O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovga yozgan xati asos bo‘lgan.
Kun.uz'dagi ma'lumotga ko‘ra, bosh vazir Abdulla Aripov tadbirni o‘tkazishga rozilik bildirib, uni tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi qator mutasaddilarga topshiriq bergan.
«Taklifga rozilik berilsin. Madaniy tadbirni 2021 yil 1 may kuni Xalqlar do‘stligi san'at saroyining old maydonida sanitariya-epidemiologiya hamda jamoat xavfsizligi qoidalariga qat'iy rioya etgan holda tashkil etishingizni so‘rayman», – deya topshiriq bergan bosh vazir Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va Milliy gvardiya rahbarlariga.
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi konsert vaqtida SSSR bayrog‘i ko‘tarilishini keskin qoralab chiqdi.
«Biz san'atga qarshi emasmiz, san'at siyosatga qurol qilinishiga qarshimiz.
Taraqqiyparvar o‘zbek ziyolilari va oqko‘ngil ajdodlarimizning qoniga bo‘yalgan bosqinchi sovet davlati bayrog‘i mamlakatimiz poytaxtining qoq markazida baland ko‘tarilishini o‘zbek xalqiga nisbatan haqorat deb hisoblaymiz.
Bosh prokuraturadan bu provokatsiyaga tegishli baho berilishini kutib qolamiz», – deb yozdi partiya raisi Alisher Qodirov Telegram'dagi kanalida.
Ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirgan ayrim foydalanuvchilar O‘zbekistonda «Dekommunizatsiya to‘g‘risida»gi qonunga ehtiyoj borligi, qonunni esa qonun tashabbuskorlari – deputatlar ishlab chiqishi zarurligi haqida so‘z yuritgan.
- Dekommunizatsiya – jamiyat hayotining barcha sohalaridan kommunistik ideallarni chiqarib tashlashga qaratilgan siyosat. Polsha, Vengriya, Moldova, Litva va Ukraina qonunchiligiga dekommunistik normalar kiritilgan, bu mamlakatlarning ayrimlarida sovet davri timsollarini targ‘ib qilish yoki sovetlar sodir etgan jinoyatlarni oqlash jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Mavzuga oid
18:33 / 04.11.2024
Abdulla Aripov Shanxayda Xitoy bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
14:21 / 20.10.2024
AQShga qochgan diplomat: okean ortidan siyosiy boshpana so‘ragan sovet amaldori
16:15 / 17.10.2024