Jahon | 22:20 / 09.05.2021
24823
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda koronavirusga chalinganlar orasida yana bir xavfli kasallik tarqalmoqda

Hindistonda koronavirusning ikkinchi to‘lqini bilan parallel ravishda yana bir xavfli kasallik – mukoromikoz yoki “qora mog‘or” epidemiyasi avj olmoqda.

Foto: EPA

Xabarlarga ko‘ra, ushbu kasallik koronavirusga chalinganlar yoki undan tuzalganlar orasida ko‘p uchramoqda. Kasallik tuproq, o‘simlik, go‘ng va chiriyotgan meva-sabzavotlarda uchrovchi mog‘or ta'sirida kelib chiqadi. Immunitetning pasayishi mukoromikoz holatlariga olib kelishi mumkin.

Mumbaylik shifokor Akshay Nairning aytishicha, mukoromikoz bilan kasallanishlar sonining o‘sishi koronavirusning og‘ir shakllarini davolashda qo‘llanuvchi steroidlar qabul qilinishi bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin. Steroidlar koronavirus keltirib chiqaradigan o‘pka yallig‘lanishi darajasini kamaytiradi, biroq immunitetni pasaytiradi va qondagi shakar miqdorini oshiradi. Mukoromikoz bilan koronavirusdan sog‘aygandan taxminan 12-15 kun o‘tib kasallanish qayd qilinmoqda.

 “Qand kasalligi immun tizimini zaiflashtiradi, koronavirus esa buni yanada chuqurlashtiradi. So‘ngra koronavirusga qarshi kurashda qo‘llanuvchi steroidlar olovga yonilg‘i sepgandek ta'sir ko‘rsatadi”, deb ta'kidlab o‘tgan mutaxassis. 

Mukoromikoz kam uchrovchi kasallik bo‘lib, u bilan kasallanganlarda burun bitishi va burundan qon ketish; ko‘z shishishi va unda og‘riq; qovoqlar osilishi; ko‘rishdagi muammolar va ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish kabi simptomlar kuzatiladi. Burun atrofida qora dog‘lar paydo bo‘lishi mumkin.

Nairning ma'lum qilishicha, u aprel oyida ushbu kasallikdan aziyat chekayotgan 40ga yaqin bemorni qabul qilgan. Ulardan aksariyati koronavirusdan sog‘aygan diabetiklar bo‘lgan. Ulardan 11 nafarining ko‘zini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlashga to‘g‘ri kelgan.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, ko‘pchilik bemorlar ko‘zlari ojizlashib qolgandagina murojaat qiladilar va shundan keyin infeksiya miyaga o‘tib ketmasligi uchun ularning ko‘zlarini olib tashlashga to‘g‘ri kelmoqda.

Ba'zi holatlarda bemorlarning ikkala ko‘zi ham olib tashlanmoqda. Shuningdek, shifokorlar kasallik organizmga tarqalib ketmasligi uchun jag‘ suyagining bir qismini olib tashlashiga ham to‘g‘ri kelmoqda.

Ta'kidlanishicha, ushbu kasallik qand kasalligi, OIV/OITS va saratondan aziyat chekuvchilar uchun o‘ta xavfli hisoblanadi. Mukoromikozdan o‘lim darajasi 50 foizgacha yetishi mumkin.

Mavzuga oid