Jahon | 22:46 / 10.05.2021
38201
3 daqiqa o‘qiladi

HAMAS Isroilga raketalar bilan zarba berdi

Foto: Mohammed Salem / Reuters

G‘azo sektoridan Isroil hududiga 2 soat ichida 45tadan ko‘proq raketa bilan zarba berildi. Bu HAMAS tomonidan Isroilga Quddusdagi Al-Aqso masjidi majmuasidan xavfsizlik kuchlarini olib chiqish uchun berilgan muhlat yakunlangandan keyin yuz bergan.   

Zarbadan keyin Quddus va Beyt-Shemeshda havo trevogasi signali yangragan. Sderot shahrida esa tanklarga qarshi raketa avtomobilga tekkan va buning oqibatida bir kishi yaralangan.

Ta'kidlanishicha, oxirgi marta Quddus bunday kuchli hujumga 2014 yil uchragan. Isroil armiyasi rasmiy vakili Jonatan Konrikus ushbu hujum jiddiy qabul qilinishini va javobsiz qolmasligini aytgan.

Avvalroq HAMAS harakati Isroil harbiylari va falastinliklar o‘rtasida davom etayotgan to‘qnashuvlar ortida Isroilga Quddusdagi Ibodatxona tog‘i va Shayx Jarroh mavzesidan soat 18gacha xavfsizlik kuchlarini olib chiqish talabini qo‘ygan. Aks holda harakat Isroilga qarshi hujumlar sodir etishi bilan tahdid qilgan.

HAMAS vakili Abu Obeyda ushbu hujum Isroilning Quddusda falastinliklarga qarshi sodir etayotgan “jinoyatlari va tajovuzi”ga javob bo‘lganini aytgan. “Dushman bu ogohlantirishni yaxshilab anglab olishi kerak”, deb aytgan HAMAS vakili. U agar Isroil Al-Aqsoga yana bostirib kirishga yoki falastin oilalarini Sharqiy Quddusdan chiqarib yuborishga urinsa, yangi hujumlar amalga oshirilishi bilan tahdid qilgan.

Isroilning Kan radiosi ushbu voqealar ortida Tel-Aviv yaqinidagi Ben-Gurion xalqaro aeroportiga qo‘nuvchi va uchuvchi samolyotlar yo‘nalishlari o‘zgartirilganini ma'lum qilgan. Bundan tashqari, G‘azo sektori bilan chegaradosh hududlarda yo‘llar yopib qo‘yilgan, temir yo‘l aloqasi to‘xtatilgan.

Quddusning eski shahrida Isroil harbiylari va falastinliklar orasidagi to‘qnashuvlar 22 aprelda boshlangan. Bunga Isroil sudining Shayx Jarroh dahasidan bir necha falastinlik oilani chiqarib yuborish qarori sabab bo‘lgan. 

10 mayda to‘qnashuvlar davom etib, 305 nafar falastinlik jarohat olgan.

Mavzuga oid