Aldaganga qiyinmi, aldangangami? - xorijda bir-birini chuv tushirayotgan vatandoshlar
Rossiyada firibgarlik qurboni bo‘lgan vatandoshlar haqida tez-tez eshitib turamiz. Ularni chuv tushirayotganlar orasida o‘z hamyurtlarimiz ham borligi achinarli.
Moskvada tanishgan bir do‘stim bor, ismi Rajab, millati turkman. Olti yildan oshdi tanishganimizga. Ko‘p vaqt birga ishladik, baraka topsin, juda yaxshi yigit. Uch yil avval bo‘lib o‘tgan bir voqea yodimga tushdi.
2018 yil iyun oylarida edi, bir kuni Rajab telefon qilib qoldi.
– Assalomu alaykum, muallim, yaxshimisiz?
– Va alaykum assalom, do‘stim, yaxshimisiz, sog‘liqlaringiz yaxshimi?
– Yaxshi, rahmat. Bir joydan kattaroq ish oluvdim, brigadaga odam to‘playapman, sizda ham tanish-bilish ko‘p, o‘nta usta kerak. Iloji bo‘lsa, bir yordam qiling.
– Qayerda ish, ishonchlimi? Men sizga ishchi topib bersam, keyin pulini ola olmay qolib, ularning oldida uyalib qolmaymanmi?
– Siz bu tomonidan qo‘rqmang, puli ishonchli. Xohlovchilar bo‘lsa, kunlik beramiz.
O‘sha vaqtlarda ijtimoiy tarmoqda ishtirokchilari asosan musofirlardan tashkil topgan bir guruhda moderator edim.
– Do‘stim, hozir o‘zim shaxsan tanigan, ish so‘ragan odamlar yo‘q. Ma'qul desangiz, guruhga «ishchi kerak», deya e'lon beraman. Raqamingiz va ismingizni yozib qo‘yaman, bu guruhda ish izlaganlar ko‘p. O‘zlari sizga telefon qilishadi, o‘zingiz gaplashib, narx-navosini ham kelishib olaverasiz.
– Xo‘p, shunday qiling, menga ishiga javob beradigan odamlar bo‘lsa bo‘ldi. Mehnat haqini kelishtirib beraman.
Shu gaplardan keyin, guruhga e'lon berdim. Oradan ikki kun o‘tdi. Ishlab turgandim, kimdir to‘xtamasdan telefon qila boshladi.
Qo‘limdagi uskunani yerga qo‘yib, telefonni olsam, ekranida «Rajab do‘st» degan yozuv.
– Allo, assalomu alaykum, do‘stim, tinchlikmi?
– Vaalaykum assalom, muallim, tinchmas-da! Siz yuborgan odamlar kelmadi-ku.
– Tushunmadim, men sizga odam yubordimmi?
– O‘sha kuni siz bilan gaplashganimdan keyin, oradan ikki soatlar o‘tib bir yigit telefon qildi: «Aka, bizlarga raqamingizni Baxtiyor aka berdi, sizni aldamaydigan insofli yigit deb aytdi. Sizda ish bor ekan, Baxtiyor akadan odam kerak deb so‘ragan ekansiz, bizlar yetti kishimiz, ustalarmiz», – deb aytdi.
– Do‘stim, men faqat o‘zingizning telefon raqamingizni guruhga yozganman, ishchi kerak deb e'lon berdim xolos, ammo hech kimni sizga shaxsan yubormadim!
– Iye, buyog‘i qiziq bo‘ldi-ku, u bola sizni judayam yaxshi taniyman dedi. Keyin: «Aka, bizlar Moskvadan ancha uzoq joyda bir armanning qo‘lida ishlayapmiz, olti oydan oshdi, bir so‘m pul bermaydi. Ketay desak, pulimiz yo‘q. Pasportlarimiz ham unda edi, yaqinda oldik, endi puli ham kerak emas, shu joydan chiqib ketsak bo‘ldi. Moskvaga yetib olishimiz uchun yo‘l puli kerak, hech kim bizga ishonib oldindan pul bermayapti.
Uchta farzandim bor, shu go‘daklarimni o‘rtaga qo‘yib qasam ichaman, hozir ro‘za oylaridamiz, shunday muqaddas oylarda sizni aldamayman. Bizga 7 ming rubl qarz berib tursangiz, yetti kishiga Moskvaga yetib borguncha yo‘l puli bo‘ladi. Borib olsak, ishlab oshig‘i bilan sizga qaytaramiz», dedi.
Ular bitta karta raqam yozdi, 7 ming o‘tkazdim. Pul tushdi, sal turib yo‘lga chiqamiz, deyishdi. Endi telefoni o‘chirilgan deyapti, yo‘ldadir telefoni quvvati o‘chgandir deb yaxshi gumon qildim, ammo mana ikki kun o‘tdi hamki, ulardan darak yo‘q! Sizdan so‘rab ko‘ray-chi degandim.
– Sodda do‘stim-yey, 7 ming rublga kuyibsiz, men ularni tanimayman. Hech bo‘lmasa, menga bir marta telefon qilib, shu yigitlarni taniysizmi, deb so‘rardingiz. Keyin meni tanishi sababi, o‘zim haqimda hamma ma'lumotlarni sahifamda yozib qo‘yganman.
– Mendan Alloh uchun yaxshilik qiling deb so‘radi, men berdim, aldagani uchun, erta qiyomatda o‘zi javob beradi. Mening bu bergan pulim qiyomat kuniga zaxira bo‘ladi.
– Menga o‘sha kartaga yuborgan pulingizning cheki bo‘lsa yuboring, bu bola boshqalarni ham aldashi mumkin, odamlarni ogohlantirish kerak, dedim.
Birozdan so‘ng telegramimga kelgan chekni saqlab oldim-da, keyin o‘sha guruhga yangi mavzu qo‘ydim:
«Qadrli do‘stlar, guruhimizda birovning haqqidan qo‘rqmaydigan noinsoflar bor ekan. Ikki kun avval ish bor, usta yigitlar kerak degan mazmunda e'lon berib, do‘stimning raqamini qo‘ygan edim. Kimdir o‘sha raqamga telefon qilib, yig‘lab, yalinib bir so‘m pulsiz qoldik, yetti kishimiz, borsak ishlab beramiz, deya do‘stimni ishontirib, 7 ming rublni kartasiga tashlatib olibdi, endi raqami o‘chgan. Mana shu quyidagi chek rasmida o‘sha odamning ism-familiyasi bor, ehtiyot bo‘linglar. Har kimga ishonmanglar, aldanib qolmanglar!»
Eng qizig‘i, e'lon qo‘yilgach bo‘ldi. Dardi ichida aldanganlar, aynan mana shu yigitga chuv tushganlar juda ko‘pchilik ekan.
Birin-ketin yozib boshlashdi, kimdandir ming rubl, yana birov 5 ming, eng ko‘pi u 7 ming so‘rar ekan.
Adashmasam, 20dan oshiq odam yozdi, xuddi shu bola mendan ham pul olib keyin yo‘qolib qolgan deya.
«Yaxshiyam o‘sha bola yig‘lab yordam so‘rab telefon qilgan vaqti ish haqimni olmagan ekanman, qo‘limga pul tushishi bilan beraman, deb yurgandim», – degani qancha bo‘ldi.
Bir tomondan xursand bo‘ldim, nimaga deysizmi? Yordamga muhtoj insonlarni eshitganda, garchi o‘zi tanimasa-da, ko‘rmagan bo‘lsa-da, yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor insonlarimiz ko‘pligidan.
Aldanganlar ko‘pchiligi bir xil gapirishdi:
«Men pushaymon emasman, Alloh uchun yordam qiling, deya so‘ragani uchun, Ramazon oyida savob uchun bergandim, u aldagan bo‘lsa, o‘ziga qiyin, javobini beradi».
Mana shunaqa noinsoflarga, o‘zinikini chuv tushirayotganlarga Alloh insof bersin!
Yaxshi insonlarni o‘zi qo‘llasin, topganiga baraka bersin.
Baxtiyor Tursun
Mavzuga oid
21:00 / 07.10.2024
Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
20:07 / 07.10.2024
Rossiyada sakkiz nafar general lavozimdan olindi - OAV
20:51 / 04.10.2024
Rossiya «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlamoqda - FXX rahbari
18:42 / 04.10.2024