Andijonda hokim topshirig‘i bilan deputatlar tintuv qilindi
Andijon shahri hokimi yer ajratish bo‘yicha ketma-ket noqonuniy qarorlar chiqarayotgan bir paytda, prokuratura hokim emas, uni tanqid qilgan deputat ustidan tekshiruv boshladi.
Xalq deputatlari Andijon shahar kengashi deputati Shuhratbek Karimov shahar prokurori taqdimnomasiga asosan daxlsizlik huquqidan mahrum etildi.
Karimov so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilib, shahar hokimi yer ajratish to‘g‘risida bir necha noqonuniy qarorlar chiqarganini tanqid qilgan.
Uni daxlsizlik huquqidan marhum qilish masalasi xalq deputatlari Andijon shahar kengashining 17 may kungi sessiyasida ko‘rib chiqilib, shahar prokurorining so‘roviga rozilik berilgan.
E'tiborlisi, bu yig‘ilishga deputatlar telefon va ovozli videoga oluvchi moslamalarni olib kirishi taqiqlangan. Shu sababli Milliy gvardiya xodimlari bir guruh deputatlarni tintuv qilgan.
Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevga ko‘ra, bunda deputat daxlsizligiga rioya qilinmagan.
«Katta ehtimol bilan deputatlarni daxlsizlik huquqigayam tupurib tintuv o‘tkazishga topshiriq berganlar yer sotish ishlariga daxldor va deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilib qamashga ishtiyoqmand «o‘sha» shaxslar bo‘lishi kerak», – deya Telegram-kanalida yozgan Rasul Kusherbayev.
Deputatlarning yonida telefon yo‘qligini tekshirish topshirig‘ini Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov bergan. Milliy gvardiya matbuot xizmatiga ko‘ra, tekshiruvga prokuratura va IIB xodimlari bosh-qosh bo‘lgan.
«[…] Andijon shahar hokimining topshirig‘iga asosan, sessiya ishi boshlangunga qadar Andijon shahar IIB, shahar prokuraturasi va hokimligidan ajratilgan mas'ul xodimlar kuzatuvi ostida qo‘riqlash xodimi tomonidan tashrif buyurgan sessiya qatnashuvchilari metallodetektor yordamida ko‘rikdan o‘tkazilgan va uyali aloqa hamda ovozli videoga oluvchi vositalarini qoldirib kirishlari talab etilgan», – deyiladi Milliy gvardiya rasmiy axborotida.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Andijon shahri prokurorining xatti-harakatini «oqlab bo‘lmasligi»ni aytib bayonot chiqardi.
«... bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi idora tomonidan korrupsiya holati haqida xabar bergan shaxsni himoya qilish o‘rniga, unga nisbatan turli ta'sir choralari qo‘llanilayotganini oqlab bo‘lmaydi», – deyiladi agentlik rasmiy munosabatida.
Aksilkorrupsiya organi holatni nazoratga olgani va natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berilishini ma'lum qildi. Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashuvchi komissiyasi ham holatni nazoratga olib, o‘rganish ishlarini boshlagan.
Korrupsioner qolib, korrupsiyaga qarshi kurashgan nishonga olinmoqda, deya holatga munosabat bildirdi korrupsiya holatlari haqida xabar berib boruvchi Telegram'dagi davletovuz kanali.
«Shahar prokurori ham, shahar hokimi ham mahalliy deputatlar oldida hisobdor. Lekin ular deputatni daxsizlik huquqidan mahrum qilishi odatiy ish, buning uchun, kerak bo‘lsa, xalqdan, jamoatchilikdan yashirib, sessiyalarni ham o‘tkazishdan qaytmabdi. Shuning o‘zi korrupsiyadan darak beradi. Korrupsiyaga yopiqlik kerak. Deputatlar ham o‘zini himoya qila olmaydi. Hammasining tili qisiq. Tag‘in bu deputatlarga qonunlar bilan hokimlarning korrupsiyaviy qilmishlarini qonuniylashtirib beradigan vakolatlar berib yotibmiz», – deya yozadi bloger.
Deputat Shuhratbek Karimov qanday jinoyatda gumonlanayotgani ma'lum emas. Kun.uz holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz shu oy boshida Andijon shahri hokimi prezident qaroriga zid ravishda yer ajratish bo‘yicha qaror chiqargani, mahalliy kengash esa uni kvorumsiz tasdiqlab yuborgani haqida surishtiruv e'lon qilgandi.
Hokim shahar markazidan 14 sotix yerni ochilganiga endi 1 oy bo‘lgan firmaga to‘g‘ridan to‘g‘ri berib yuborgan.
Maqola e'lon qilingach, prokuraturadan reaksiya bo‘lmagan, hokimning noqonuniy qarori shahar Adliya bo‘limining taqdimnomasiga asosan bekor qilingandi.
Bundan tashqari, Bahrom Haydarov 2020 yil sentyabr oyida 200 kvadrat metr yer maydonini yakka tartibda uy-joy qurish uchun noqonuniy tarzda ajratib bergan.
Mavzuga oid
18:09 / 13.09.2024
Andijonda o‘quvchilarni jazo sifatida o‘tirib-turg‘azgan xodimga chora ko‘rildi
14:38 / 12.09.2024
Andijonda darsga kech kelgan qizlar jazo sifatida o‘tirib-turg‘azildi. Bu mumkin emas
19:53 / 10.09.2024
Korrupsiyaga qo‘l urgan 566 nafar shaxs davlat ishiga qaytadan kirib, yana korrupsiyaga qo‘l urgan
12:19 / 10.09.2024