O‘zbekiston | 08:34 / 19.05.2021
3358
2 daqiqa o‘qiladi

«Meteoinfokom» markazining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi huzurida “Gidrometeorologiyada axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 17 noyabrdagi qarorini amalga oshirish doirasida “O‘zgidromet” huzuridagi “Meteoinfosistem” axborot-texnik boshqarmasi negizida “Gidrometeorologiyada axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi tashkil etilgan.

Quyidagilar markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • gidrometeorologiya xizmati samaradorligini oshirish, elektron xizmatlarning o‘z vaqtida taqdim etilishini ta'minlaydigan zamonaviy intellektual tizimlar, axborot resurslari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish;
  • gidrometeorologiya xizmatining texnologik infratuzilmasini rivojlantirish, elektron o‘zaro hamkorlikni tashkil etish va gidrometeorologik hamda sun'iy yo‘ldosh ma'lumotlari bilan almashish uchun yagona telekommunikatsiya tarmog‘ini yaratish;
  • katta hajmdagi raqamli ma'lumotlarga ishlov berish va tahlil qilish, gidrometeorologik va sun'iy yo‘ldosh ma'lumotlarini modellashtirish uchun yuqori tezlikka ega kompyuter markazlaridan keng foydalanish;
  • gidrometeorologiya xizmati xodimlarining, ayniqsa, katta hajmdagi raqamli ma'lumotlar, kompyuter modellashtirish, sun'iy yo‘ldosh texnologiyalari va axborot xavfsizligi sohasidagi ko‘nikmalarini oshirish.

Markaz xodimlariga “O‘zgidromet” xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va mukofotlash tartibi qo‘llaniladi.

Markazni joriy saqlash, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va xodimlari mehnatini qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat budjeti, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid