Shahrisabzda 2015 yilda qurilgan ko‘p qavatli uy hamon kanalizatsiyaga ulanmagan
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi Tutzor mahallasi ahlidan kelib tushgan murojaatga ko‘ra, ular istiqomat qilayotgan ko‘p qavatli uyning kanalizatsiyasi ishlamaydi. Bunga sabab - na mas'ullar, na tadbirkor o‘z vazifasini bajaryapti.
Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shu uyda yashashini ma'lum qilgan Komil Rahimov 3 yildirki ushbu holatga hech kim e'tibor qaratmayotganini aytdi.
«O‘zi normativ loyihalarga binoan bu tipdagi ko‘p qavatli uylar uchun kanalizatsiya tarmog‘i ulangan tozalash inshooti (ochistnoye soorujyeniye) barpo etilishi kerak. Biroq, quruvchi uning o‘rniga kichkina quduq qurgan. Quduq har uch kunda to‘lib qolaveradi. Oqibatda oqova suvlar uylar oldidagi bolalar maydonchasiga ham toshib chiqmoqda. Bunday antisanitariya holatida bolalar biror kasallik orttirishi hech gap emas.
Mas'ullar yo pulimizni qaytarishsin, yoki bo‘lmasam kanalizatsiyani o‘nglash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatsin. Quruvchi to‘g‘rilab bersin. Kichik quduqdan suv uylarning yerto‘lalariga ham sizmoqda. Sassig‘iga chidab bo‘lmaydi. Ko‘p qavatli uy cho‘kishi ham hech gap emas», — deydi Tutzor mahallasi turg‘uni Komil Rahimov.
Ma'lum bo‘lishicha, ko‘p qavatli uylar «Mironshoh» shirkatiga tegishli bo‘lib, kloxonaga ayni paytda Toshkan Tog‘ayev raislik qilmoqda. Aholi ko‘p qavatli uydagi kamchiliklar tufayli shirkatga pul to‘lamay qo‘ygan. Mas'ullar ham e'tibor qaratmayapti.
«Kanalizatsiya ko‘ngildagiday emasligi natijasida aholi jabr ko‘rmoqda. Bir necha bor mutasaddi rahbarlarga murojaat qilganmiz, lekin natija yo‘q. Motor bilan vaqtincha tozalab turibmiz. Motor ishlamay qolganida kuniga 5-6 mashina axlatni har birini 70-80 ming so‘mdan naqd to‘lab chiqarmoqdamiz. Lekin ertasiga yana to‘lgan bo‘ladi», — deydi «Mironshoh» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Toshkan Tog‘ayev.
Shu mahalladagi hovlilarda yashovchi aholi ham ushbu holatdan bezor. Kunlar isishi bilan atrofni chulg‘ab oladigan badbo‘y hid ularga ham tinchlik bermayotganini aytishdi.
«Quyosh chiqqan vaqtdan boshlab uyning ichida ham turib bo‘lmay qolgan. Nabiralarimni uyni ichida olib o‘tiraman. Endi kunlar isib, pashsha ham rosa ko‘payadi. Kamiga, sizayotgan oqova suvlarning nami uyimizning devoriga ham o‘tmoqda. Uyimizdan badbo‘y hid kelib qolgan», — deydi Tutzor mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Zulayxo Bobojonova.
Ko‘p qavatli uyga qulay sharoitlarda yashashni mo‘ljallab ko‘chib o‘tgan Mavjuda Yakubova esa hozir bu qaroridan juda-juda afsuslanayotganini bildirdi. Uning aytishicha, ushbu kanalizatsiya tufayli bolalar ham maydonchada o‘ynolmayapti.
«Biz qishloqdan qarigan chog‘imizda yaxshi sharoitlarda yashash, dam olish umidida ko‘chib kelganmiz. Lekin sharoit bu ahvol, bolalar emin-erkin o‘ynolmasa, sassig‘iga turib bo‘lmasa», — deydi M.Yakubova.
Shirkat raisi Toshkan Tog‘ayevning ma'lum qilishicha, shirkat hisobida deyarli pul yo‘q. Avvalgi rahbar bankdan kredit olib ishlatib yuborgan. Ayni vaqtda hech qanday hujjatlar yo‘q. Ko‘p qavatli uylarning rejalari ham yo‘q.
«Aholi 250-300 million so‘mga uy olgan. Kanalizatsiya buzuqligi tufayli boshqa to‘lovlar uchun ham pul to‘lagisi yo‘q. Shirkat raisi sifatida talab qilsam — ular talabimni qondirmayapti. Quduqlar to‘la, suv gulzorlarga ham toshib ketmoqda», — deydi shirkat raisi.
Ushbu murojaatdan so‘ng Shahrisabz shahar «Suvta'minot» korxonasi rahbari Adham Yusupovdan ushbu holat bo‘yicha ma'lumot oldik. Rahbarning aytishicha, Fransiya taraqqiyot agentligi shaharga pul ajratmoqda. Ana shu mablag‘lardan bir qismi shaharning suvoqova tizimiga ajratilishi ko‘zda tutilgan.
«Shahrisabzda oqova suv tarmoqlari o‘z holida oqadigan kanalizatsiya bo‘lib, nasos stansiyalari qurilishi zarur. Tutzor mahallasidagi 303 va 304-uylar uchun ham ana shunday KNS qurilishi maqsadga muvofiq. Fransiya taraqqiyot agentligini pul mablag‘lari evaziga Shahrisabz shahar hududida 11 ta KNS qurilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu uylar orasida 1 tasini quramiz. Bosimli kanalizatsiya orqali oqova suvlar shahar markaziy kanalizatsiya tarmog‘iga tashlab beriladi», — dedi Shahrisabz shahar «Suvta'minot» korxonasi rahbari Adham Yusupov.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Akbar Eshonqulov ham ushbu holatga e'tibor qaratishini ma'lum qildi:
«2015 yilda qurilgan ushbu ko‘p qavatli uylarda vaqtinchalik quduq qurilgan, kanalizatsiya hududning markaziy liniyasiga ulanmagan ekan. Ushbu holatni o‘rganamiz, tez orada muammoni hal etamiz», — dedi viloyat hokimining o‘rinbosari Akbar Eshonqulov.
Ushbu chiqishimiz orqali qurilganiga ko‘p bo‘lmagan uylarning muammolaridan biriga e'tibor qaratdik. Mas'ullar ushbu murojaat orqali boshqa ko‘p qavatli uylardagi kanalizatsiya holatlariga ham e'tibor qaratishsa maqsadga muvofiq ish bo‘lardi. Zero, barcha mehnatlarimiz aholi manfaatlari uchun.
Kun.uz ushbu holatni kuzatishda davom etadi.
O‘roljon KAMOLOV tayyorladi.
Mavzuga oid
08:54 / 12.09.2024
Shahrisabz aeroporti fuqaro aviatsiyasi parvozlari uchun o‘z faoliyatini tikladi
11:14 / 12.08.2024
Oynalari singan Gentra - Navoiy ko‘chasida ko‘p qavatli uy fasadidagi marmarlar ko‘chib tushyapti
08:30 / 27.07.2024
Iste’molga yaroqsiz yog‘ mahsulotlarini ishlab chiqarish holati fosh etildi
15:10 / 25.07.2024