“O‘zmilliybank”: Xorazm viloyatida o‘tkazilgan press-tur yakunlari
Press-tur ishtirokchilari dastlab, yurtimiz iqtisodiyotiga munosib ulush qo‘shib, aholi bandligini ta'minlayotgan korxonalardan birining faoliyati bilan tanishdilar.
Urganch shahridagi “Urg tex” mas'uliyati cheklangan jamiyati yiliga 6 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, biznes loyihaga ko‘ra, 10 million AQSh dollaridan ortiq qiymatdagi mahsulot eksport qilinadi. Mahsulot eksporti asosan Xitoy, Turkiya, Rossiya davlatlariga amalga oshirilmoqda.
Korxonada 450 nafar kishi mehnat qilmoqda. “O‘zmilliybank” tomonidan ajratilgan 8 million AQSh dollari miqdoridagi kredit evaziga Germaniya davlatidan zamon talablariga to‘liq javob beradigan dastgohlar olib kelib o‘rnatildi.
Ma'lumotlarga qaraganda yaqin kelajakda korxonada ip-kalava ishlab chiqarish bilan birga tayyor kiyim-bosh, trikotaj mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada yana qo‘shimcha ravishda 400 nafar kishining doimiy ish bilan bandligi ta'minlanadi.
“Urg tex” MChJ yurtimiz iqtisodiy salohiyatini oshirishda o‘ziga xos o‘rni bor. Qolaversa, yengil sanoat rivojida o‘ziga xos tarmoq bo‘lgan xomashyoni qayta ishlash va undan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va uni eksport qilish borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan dadil qadamlarning amaldagi ifodasidir.
Navbatdagi manzil Xiva shahridagi “Nurullaboy” tarixiy majmuasi hududida joylashgan Xiva bank xizmatlari markazi bo‘ldi. Ta'kidlash kerakki, mazkur markaz tomonidan taklif etilayotgan xizmat turlari nafaqat mahalliy aholi balki qadimiy Xivaning tarovatidan bahra olish maqsadida tashrif buyurgan sayyohlarning ham og‘irini yengil qilib kelmoqda.
Ma'lumki, respublikamizning aholiga qulay bo‘lgan hududlarida ixcham bank xizmatlari markazlari tashkil etilmoqda. Yangidan tashkil etilgan bank xizmatlari markazlari hodimlari tomonidan mijozlar va aholiga barcha turdagi bank xizmatlarini, shu jumladan, hisob raqamlarga xizmat ko‘rsatish, yuridik shaxslarga “I-Bank” dasturi va jismoniy shaxslarga “Milliy” mobil ilovasi orqali masofadan turib to‘lovlarni amalga oshirish, onlayn konvertatsiya qilish amaliyotlarini va shu kabi boshqa bank xizmatlari sifatli ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.
Xorazm viloyati yurtimizdagi turistik salohiyati rivojlangan hududlardan biri bo‘lib sayyohlar, mahalliy ziyoratchilar ko‘p joyda mehmonxonalar orasida sog‘lom raqobat yuzaga kelishi tabiiy hol. Navbatdagi manzil ham shunday sog‘lom raqobat muhitida mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatib kelayotgan “Xiva Fayz” mehmonxonasi hisoblanadi.
Mazkur mehmonxona ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsada tashrif buyuruvchilar orasida ma'lum va mashhur hisoblanadi. “O‘zmilliybank” tomonidan mazkur mehmonxona qurilishi uchun 2 mlrd 400 mln so‘m ajratilgan bo‘lib, mehmonxona bir vaqtning o‘zida 60 dan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Bugungi kunda mazkur mehmonxonada 20 ga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda.
Navbatdagi manzil esa Xivaning dunyoga mashhur Ichanqal'a majmuasi bo‘ldi. Ushbu majmua necha asrki sayyohlarni o‘ziga ohanrabodek tortib keladi. Qal'adan kunbotish tomonga besh yuz qadamcha yursangiz “Nurullaboy” saroyiga borasiz.
Ma'lumki bir necha yillar avval obida tarixiy vazifasidan ayro tushish asnosida me'moriy ko‘rkini yo‘qotish darajasiga borgan edi. Majmua davlat raxbarining 2017 yildagi tashabbusiga asosan “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” Aksiyadorlik jamiyati mablag‘lari hisobidan to‘la qayta ta'mirlandi. Prezidentning turizmni yanada rivojlantirish borasidagi qarorlari va 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida saroyda xalq hunarmandligi namunalari ko‘rgazmasini tashkil etildi. Asrni qaritgan me'moriy obida asliyatni saqlagan holda tamomila yangilangan va yana ko‘plab asrlarni, avlodlarimiz va sayyohlarni o‘z ko‘rinishi, salobati bilan hayratga soladigan koshonaga aylandi.
Ilgari Ichanqal'adagi ko‘kka bo‘y cho‘zgan Islomxo‘ja minorasi shaharning o‘ziga xos ramzi sanalardi. Bugun bu ramz yoniga Nurullaboy majmuasi ham qo‘shildi va bu atama dunyoning barcha tillarida talaffuz qilinib, o‘ziga xos targ‘ibot vositasiga aylandi. Nurullaboy saroyi orqali qadim Xiva yana bir bitmas-tuganmas milliy boylik egasiga aylandi.
Press-turning ikkinchi kuni Xorazm viloyatining Tuproqqal'a tumanida joylashgan “New Best Style” MChJ faoliyati bilan tanishishdan boshlandi.
Bugungi kunda “Max Decor” savdo belgisi ostida faoliyat olib borayotgan mazkur korxona o‘z faoliyatini 2019 yil dekabr oyida boshlagan bo‘lib korxonaning mahsulotlari bugungi kunda nafaqat yurtimiz iste'molchilari balki qo‘shni davlatlar bozrida ham talabgir. Korxona Xitoy davlatining “Kapros Group” hamda “Yien” singari yetakchi gulqog‘oz ishlab chiqaruvchi korxonalar ko‘magida tashkil etilgan.
Shuningdek, korxonaga “O‘zmilliybank” tomonidan ajratilgan 1 mln 178 ming AQSh dollari miqdordagi kredit evaziga Xitoy davlatidan gulqog‘oz ishlab chiqarish uskunalari liniyasi sotib olingan. Mazkur uskunalar yordamida bozor rastalariga yuqori sifat va nozik did bilan ishlangan gulqog‘oz mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
Korxona yiliga 750 ming dona gulqog‘oz ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, bugungi kunda korxonada 100 ga yaqin xodim faoliyat olib bormoqda.
Korxonaning eksport hajmi yiliga 1 mln 800 ming AQSh dollariga yaqin qiymatdagi mahsulotlarni Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, BAA va Indoneziya davlatlariga yetkazib berishdan iborat.
Xabaringiz bor mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish yuzasidan bir qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekiston Respublikasida koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi kurash borasida davlat organlari hamda jamoatchilikning birgalikdagi sa'y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan ishlar MDH davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichda tashkil etilganligini alohida e'tirof etgani ham amalga oshirilayotgan ishlarga berilgan ijobiy baho bo‘ldi. Karantin sharoitida fuqarolarimizning belgilangan tartib-qoidalarga rioya etayotganligi koronavirus pandemiyasi tarqalishini jilovlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Navbatdagi manzil esa, bugungi kunda karantin qoidalariga rioya etishda har bir yurtdoshimizning doimiy hamrohiga aylangan bir martalik tibbiy qo‘lqoplarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Nur Muhammad Islom Obod” MChJ bo‘ldi.
Tuproqqal'a tumanida joylashgan mazkur korxona “O‘zmilliybank” tomonidan ajratilgan 6 mlrd so‘m miqdoridagi kredit evaziga Xitoy davlatidan bir martalik lateksli qo‘lqoplar ishlab chiqarish uskunalar liniyasini xarid qilgan. Bir martalik tibbiy qo‘lqoplarni ishlab chiqarish uchun xom-ashyo asosan Xitoy va Tayland davlatlaridan olib kelinadi. Korxona yiliga 20 mln juftga yaqin bir martalik qo‘lqoplarni ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Bugungi kunda korxonada 50 ga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda. Korxonaning eksport geografiyasi Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlarni qamrab olgan bo‘lib 500 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulot eksportga yo‘naltirilgan.
“O‘zmilliybank” Matbuot xizmati
Mavzuga oid
10:00 / 24.11.2022
“O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi va “FERRANDI Paris” instituti o‘rtasida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha Hamkorlik kelishuvi imzolandi
17:55 / 01.10.2021
«O‘zmilliybank» AJ va Germaniyaning Doyche banki 100 mln AQSh dollari miqdoridagi shartnoma imzoladi
17:00 / 30.09.2021
«O‘zmilliybank» AJ va «Sovkombank» OAJ (Rossiya) 50 mln AQSh dollari miqdoridagi bosh kelishuvni imzoladi
11:19 / 21.09.2021