Sport | 18:09 / 26.05.2021
12944
16 daqiqa o‘qiladi

Kun o‘yini anonsi: Sulsher Yevropa Ligasi «qiroli»ga qarshi

Bugun, 26 may kuni Polshaning Gdansk shahrida Yevropa Ligasi final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Roppa-rosa 22 yil oldin YeChL finalida g‘alaba golini urgan Ole Gunnar Sulsher endi murabbiy sifatida ilk sovrinini yutishi mumkin. Raqib esa anoyi emas. Ayniqsa, ushbu turnir finalida beshinchi marta jamoasini olib tushayotgan Unai Emeri...

Foto: Getty Images

Odatda Yevropa Ligasi qo‘shimcha yoki yupatuvchi maqomda bo‘ladi, lekin bu safar unday emas. «Manchester Yunayted» uchun ham, «Vilyarreal» uchun ham sovrinni qo‘lga kiritish juda katta voqea sifatida qabul qilinadi. Har ikki klubda ham bu uchun o‘ziga yarasha sabablar bor.

«Manchester Yunayted» Sulsher qo‘l ostida o‘ynay boshlagandan beri yildan yilga yaxshilanib bormoqda. Birinchi mavsumda APLda 6-o‘rin, keyin 3-o‘rin, ushbu mavsumda esa 2-o‘rin qo‘lga kiritildi. Kubok formatidagi turnirlarda ham «MYu» ilk mavsumda Angliya Kubogi va YeChLda chorak finallarda to‘xtatilgan bo‘lsa, keyingi yili jamoa uchta turnirda yarim finalgacha yetib bordi. Yarimfinal an'anasi ushbu mavsumda ham davom etdi va jamoa Angliya ligasi kubogining shu bosqichida «Manchester Siti»ga yutqazdi. Nihoyat, beshinchi urinishda Sulsher uchun yarimfinal to‘sig‘i zabt etildi. Finaldagi g‘alaba «Yunayted»ning Ole qo‘l ostidagi ilk sovriniga sabab bo‘ladi va bu jamoaning to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini isbotlagandek bo‘ladi go‘yo. Mag‘lubiyat esa, yangi mavsum boshidan o‘ziga yarasha salbiy meros qoldirishi va sovrinlar uchun kurashishda xalaqit berishi mumkin.

Umuman, «Manchester Yunayted» fevraldan buyon, Yevropa Ligasining asosiy favoriti sifatida baholanib kelayotganini ham e'tiborga olsak, inglizlarda bosim biroz kattaroq ekanini ta'kidlash kerak.

«Vilyarreal»da esa, to‘g‘ri, bosim kamroq bo‘lishi, yevrokubok finali ham yaxshigina natija sifatida baholanishi mumkindek, ammo bir qancha sabablar, bu jamoaning ham faqat g‘alaba uchun tushishi kerakligini ko‘rsatadi. Birinchidan, jamoa 98 yillik tarixi mobaynida birorta ham sovrin yuta olmagan. Agar hozir yo‘q bo‘lib ketgan Intertoto kubogini (2003, 2004) hisobga olmasak, albatta. Bugungi final «Vilyarreal» uchun tarixdagi ilk katta finaldir. Ikkinchidan, klub o‘tgan yilgi 5-o‘rindan so‘ng, yozda transfer bozorida juda faol bo‘ldi, tajribali Unai Emeri olib kelindi, Kapu, Koklen, Parexo, Foyt, Ruli, Kubo kabi futbolchilar tarkibga qo‘shildi. Tabiiyki, maqsad kuchli to‘rtlikka kirish, ya'ni Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini olish bo‘lgan. Lekin jamoa La Ligada kerakli o‘rinni qo‘lga kirita olmadi, ammo YeChLga chiqish imkoniyati saqlanib turibdi. «Yunayted»dan farqli ravishda, ushbu final «Vilyarreal» uchun YeChLga chiqish o‘yini hamdir. Aks holda, ispanlar yangi tashkil etilgan Konferensiyalar kubogida to‘p suradilar – bu 7-o‘rin uchun mukofot emas, aksincha, keyingi mavsumda oyoqqa kishan bo‘ladigan turnirga o‘xshab turibdi. Va albatta, Unai Emeri faktorini ham unutmaslik kerak. Ushbu murabbiy Yevropa Ligasining «qiroli» sanaladi. U «Sevilya» bilan qatorasiga uch marta ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan. «Arsenal» bilan urinishi esa finalda «Chelsi»dan mag‘lubiyat bilan tugagan.

Taktika

«Vilyarreal» ikki o‘xshash hujumchi va vingerlar bilan standart 4-4-2 sxemasida harakat qiladi. «Yunayted» esa so‘nggi o‘yinlardan kelib chiqsak, dastlabki ko‘rinishda 4-3-3, ammo chap qanotdagi Pogbaning markazga yaqinroq to‘p surishi, Grinvud (yoki Reshford) ba'zi paytlarda ikkinchi hujumchiga aylanishini e'tiborga olsak, ko‘proq 4-2-2-2 ga yaqin. Sulsher Pogba va Fernandeshni bir tarkibga sig‘dirish, shuningdek, Maktomini-Fred tandemini buzmaslik uchun aynan shu sxemani o‘ylab topdi, deyish mumkin.

«Vilyarreal» raqibning tezkor qarshi hujumlarida muammolarga duch kelishi mumkin. Zero, Mario Gaspar 30 yoshda, Raul Albiol 35 yoshda. Bu himoyachilarga qarshi Reshford, Grinvud yoki Bruno kabi futbolchilar katta muammo tug‘dirishi aniq. Shuningdek, ispanlarning markaziy yarim himoyasida ham shu muammo bor – Parexo va Kapuning ikkisi ham 32 yoshda va u qadar tezkor emas.

«Yunayted» raqibdan qat'i nazar, standart vaziyatlardan jabr ko‘rishini taxmin qilish uchun ortiqcha tahlil ham shart emas. Jamoa APLda yetakchi klublar ichida standart vaziyatlardan eng ko‘p gol o‘tkazib yuborgan. Maguayrning yo‘qligi ushbu muammoni yanada jiddiylashtirib yuboradi.

Uslub jihatidan  esa «MYu» ispan jamoalariga qarshi, ayniqsa qarshi hujumlarda ancha samarali o‘ynayapti. YeLning ushbu mavsumida Sulsher shogirdlari «Sosedad» va «Granada»ga qarshi ham maydonga tushishdi va 4 o‘yinda 7 gol urib, birorta ham to‘p o‘tkazib yuborishmadi. Uch g‘alaba va ikki durang.

Agar o‘yin tempi o‘rtacha va pastroq o‘tadigan bo‘lsa, to‘pni nazorat qilish va zich himoyalanishda ustunroq bo‘lgan ispanlar ustunlikni qo‘lga olishlari turgan gap. «MYu» agar yaxshi natijaga erishmoqchi bo‘lsa, imkon qadar vertikal va tezkor harakat qilishi talab etiladi.

O‘zaro o‘yinlar

«Vilyarreal» Yevropa maydonlarida doimiy to‘p surmaydi, bu shubhasiz. Ammo «MYu» bilan o‘zaro o‘yinlarda qiziq holat – barcha 4 o‘yinda hisob ochilmagan. Chempionlar Ligasining 2005/06 va 2008/09 yilgi mavsumi guruh o‘yinlarida bu jamoalar to‘qnash kelishgan. Eslangan birinchi mavsumda «Vilyarreal» yarimfinalgacha borib, «Arsenal»dan dramatik mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, ikkinchisida «Manchester Yunayted» «Barselona» bilan finalda o‘ynagan.

Jamoalarning bugungi holati va so‘nggi o‘yinlaridan kelib chiqsak, nihoyat, bu raqiblar o‘rtasidagi bahslarda hisob ochilishini kutsa bo‘ladi. «Vilyarreal» oxirgi 4 o‘yinda maydonni golsiz tark etmayapti, «Yunayted»da esa, bunday seriya 7 o‘yindan iborat.

Murabbiylar

Tajriba borasida, albatta, ispaniyalik mutaxassis ustunlikka ega, ammo Sulsher ham so‘nggi yillarda ancha o‘sganini e'tirof etish kerak. Emeri va Sulsher dueli APLda ham bir necha o‘yinlarda kuzatilgan. Dastlab, «MYu»dagi ilk kunlarida norvegiyalik murabbiy Angliya Kubogi bahsida Emerining «Arsenal»ini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, uch oy o‘tib Emeri qasdini olgan. Sulsherning mag‘lubiyatsiz yurishini aynan «Arsenal» 2:0 hisobidagi g‘alaba bilan to‘xtatgandi. 2019/2020 yillar mavsumidagi «Old Trafford»da kechgan APL o‘yinida esa kuchlar teng kelgan – 1:1.

Unai Emeri:

«Biz yetib kelgan ushbu nuqtamizdan faxrlanamiz va so‘nggi qadamni qo‘yish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Lekin har qanday natijaga qaramay, bu loyiha, kuchli jamoa qurish harakatlarimiz davom etadi. Yevropa Ligasi so‘nggi yillarda juda kuchaydi va bir qator top-klublar ham g‘alaba qozonishni orzu qilishmoqda. Agar «Yunayted»ga qarshi eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatib, darajamizni namoyish qila olsak, g‘alaba qozonish uchun imkoniyat bo‘ladi».

Ole Gunnar Sulsher:

«Biz o‘yinga odatdagidek tayyorgarlik ko‘ramiz, lekin shogirdlarimga qo‘shimcha bosim yuklashimiz tabiiy. Axir «Manchester Yunayted» safida to‘p surishning o‘zi katta bosim, har bir o‘yinda yutish uchun harakat qilish shart. Biz albatta, g‘alaba uchun maydonga tushamiz, lekin Emeri ham shunday o‘ylayotgan bo‘lsa kerak. Demak imkoniyatlar teng. Maydonda har narsaga tayyor turishimiz lozim. Umuman, butun mavsum haqida xulosalarni ushbu o‘yin tugagandan so‘ng bergan bo‘lardim. Faqat g‘alaba qozongan taqdirimizdagina uyga xursand qaytamiz».

Tarkiblar

Tarkiblar borasida «Yunayted» uchun eng muhim savol – Harri Maguayrning uchrashuvga qay darajada tayyor bo‘lishi edi. Sulsher sardorning tarkibga qaytishidan umidvor ekanini yashirmayotgandi, zero Harrining yo‘qligi so‘nggi o‘yinlarda muammolarni keltirib chiqardi. Maguayrning jarohatidan so‘ng o‘tkazilgan 4 o‘yinda manchesterliklar o‘z darvozalaridan 8 marta to‘p olib chiqishdi. Maguayr nafaqat himoyada va yuqori qavatdagi kurashlarda, balki, «bild-ap», ya'ni, to‘pni nazorat qilib, hujumni boshlashda ham o‘rni beqiyos edi. «Yunayted»ning kechagi mashg‘ulotlarida Harri tarkibga kiritilgan bo‘lsa-da, umumiy guruhda shug‘ullana olmadi. Bu esa uning o‘yinga tayyor emasligini anglatadi. Bundan tashqari, «Yunayted» tarkibida yana bir qator intrigalar bor: darvozani kim qo‘riqlaydi, markazda Lindelofga sherik kim yoki o‘ng qanot hujumida kim to‘p suradi?

O‘tgan yili kubok o‘yinlarida Romeroga ishonch bildirgan Sulsher yarimfinalga kelib De Xeani darvozaga qo‘ygan va pand yegandi. Bu safar murabbiy unday qilmasa kerak va katta ehtimol, oldingi bosqichlarda maydonga tushgan De Xea asosiy tarkibdan joy egallaydi. Himoya markazida Bayi varianti ustunroq ko‘ringandi, lekin ma'lumotlarga qaraganda, u mashg‘ulotlar chog‘ida yana kichik jarohat olgan. Agar bu xabar rost bo‘lsa, Sulsherda Tuanzebedan boshqa variant qolmaydi. O‘ng qanotda, albatta, Markus Reshford, jamoa yetakchisi, lekin bu pozitsiya Reshford uchun u qadar qulay emas, chapda esa, Pogba harakat qilyapti. Buning ustiga, Grinvud so‘nggi paytlarda ancha yaxshi sport formasiga kirib olgan. Bu savolga o‘yindan bir soat oldin javob olsak kerak.

Ispanlarda esa «Arsenal»ga qarshi o‘yinlarda Foyt va Chukveze safdan chiqishgan va ular bu o‘yinga tayyor bo‘lishi ehtimoli yo‘q. Foyt o‘rnini Gaspar egallab ulgurdi, zero oldin ham bu futbolchilar navbati bilan maydonga tushib kelishardi. Chukveze o‘rnida esa, aslida ko‘proq chap qanot vingeri bo‘lgan Moi Gomes o‘ynab kelmoqda. Agar Emeri «Yunayted» uchun alohida syurpriz tayyorlamagan bo‘lsa, katta ehtimol bilan quyidagi taxminiy tarkib ilk daqiqalardan maydonga tushsa kerak.

Aslida, Emeridan yakshanba kuni «Real»ga qarshi o‘yinda boshqacharoq strategiya kutilgandi. Ko‘pchilik murabbiy shu o‘yinda yetakchi futbolchilarga dam berishini va finalga tayyorgarlik ko‘rishini kutishgandi. Ammo «Vilyarreal» madridliklarga qarshi o‘yinda ham odatiy, kuchli tarkib bilan maydonga tushdi va o‘yin oxirlarigacha hisobda oldinda bordi ham. APL so‘nggi turida butkul zaxira futbolchilaridan foydalangan «Yunayted» jismoniy holatdan ustunroq bo‘lishini kutish mumkin. Boshqa tarafdan, balkim, Emeri «Real»ga qarshi o‘yinda aynan final uchun taktikani sinab ko‘rgan bo‘lsa ajab emas. Sinov deyarli muvaffaqiyatli kechdi.

Taxminiy tarkiblar

VILRReAL: Ruli, Gaspar, Torres, Albiol, Pedrasa, Koklen, Parexo, Trigeros, Santos, Bakka, Moreno;

MYu: De Xea, Van Bissaka, Shou, Lindelof, Tuanzebe, Fred, Maktomini, Fernandesh, Pogba, Grinvud, Kavani.

E'tibor berish kerak

Agar istiqbol va salohiyat bilan qo‘shib hisoblasak, ispanlar tarkibida eng e'tiborli futbolchi – Pau Torresdir. 23 yoshli markaziy himoyachi klub tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va bu mavsumni juda yuqori darajada o‘tkazdi. Futbolchiga bir qator Yevropa grandlari qiziqishmoqda va bu klublar ichida «Manchester Yunayted» favoritlardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, «Vilyarreal»ning finalga chiqishi aniq bo‘lgan kunning ertasiga, ushbu qiziqishning kuchaygani va futbolchining agenti bilan muzokara boshlangani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Buni hatto final oldidan futbolchining diqqatini bo‘lish deb ham baholaganlar bo‘ldi. Mabodo bu transfer amalga oshadigan bo‘lsa, «Yunayted» himoya markazida ba'zi o‘yinlarda «vilyarrealcha tandem» harakat qilishi ham mumkin. Ma'lumki, hozirda «Yunayted» bilan shartnomasini uzaytirgan Erik Bayi ham 2016 yilda aynan «Vilyarreal»dan sotib olingandi.

«Vilyarreal» tarkibida eng xavfli futbolchi esa, ushbu mavsumni ajoyib o‘tkazgan hujumchi – Jyerar Morenodir. 29 yoshli futbolchi La Ligada 23 gol urdi va to‘purarlar poygasida Karim Benzema bilan ikkinchi o‘rinni bo‘lishib oldi. Ispaniyada eng ko‘p gol uradigan ispan futbolchilariga topshiriladigan Sarra sovrini ham qatorasiga ikkinchi marta Morenoga nasib etdi. Hujumchi o‘tgan mavsumda 18 gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Jyerar Moreno Yevro2020 chempionatiga boradigan Ispaniya terma jamoasi tarkibiga kiritilgan. Agar «Vilyarreal» uchun o‘yin muvaffaqiyatli kechadigan bo‘lsa, asosiy qahramonlardan biri aynan Moreno bo‘lishi shubhasiz.

Inglizlar tarkibida esa Edison Kavanini alohida qayd etish zarur. Urugvaylik tajribali hujumchi o‘z vaqtida Parijda, uch yil davomida aynan Unai Emeri qo‘l ostida to‘p surgan. 34 yoshli futbolchini «Yunayted» zaxira variant sifatida sotib olgan bo‘lsa-da, uning tajribasi aynan alohida o‘yinlarda qo‘l kelishi mumkin. Buning ustiga, diskvalifikatsiya va jarohatlar tufayli qishda kam maydonga tushgan Kavani aynan bahorga kelib, yuqori sport formasiga kirdi. Uning «Roma»ga qarshi yarimfinal o‘yinlarining har birida dubl qayd etgani ham ko‘p narsadan dalolat qilib turibdi. Bu final urugvaylik futbolchining faoliyatidagi ilk yevrofinal bo‘ladi.

«Yunayted» ushbu transferga o‘xshash xaridni besh yil oldin ham amalga oshirgan, Zlatan Ibrahimovich Manchesterga kelib, Yevropa Ligasida g‘alaba qozongandi. Qizig‘i, bu sovrin Zlatan uchun ham yagona yevrokubok bo‘lib qoldi.

«Manchester Yunayted» atigi to‘rt yil oldin Yevropa Ligasida g‘olib chiqqan bo‘lsa-da, asosiy tarkib butunlay yangilanib ketgan. «Ayaks»ga qarshi finalda maydonga tushgan asosiy tarkibdan faqat Reshford va Pogba bugun ham asosiyda harakat qilishi mumkin, xolos. Shuningdek, Mata, Jons, De Xea va Shou to‘rt yil oldin ham jamoa safida bo‘lishgan. 

Mavzuga oid