O‘zbekiston | 07:59 / 27.05.2021
7457
2 daqiqa o‘qiladi

Avtotransport vositalari bo‘yicha bojxona yig‘imlari so‘mda to‘lanishi belgilab qo‘yildi

Foto: autostat.ru

DBQ va IIVning qo‘shma qarori bilan Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Hujjat Vazirlar Mahkamasining 9.11.2020 yildagi “Bojxona yig‘imlari stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 700-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Birinchidan, bojxona bojlari va soliqlardan to‘liq ozod etilgan muddat o‘tgandan so‘ng xorijiy avtotransport vositasini bir kalendar yil davomida to‘qson kalendar kundan ortiq muddatga vaqtinchalik olib kirganlik uchun olib chiqib ketish muddatining o‘tkazib yuborilgan har kuni uchun transport vositasining har bir ot kuchidan BHMning 0,7 foizi miqdorida yig‘imni to‘lash sharti bilan yo‘l qo‘yiladi (ilgari - dvigatel hajmining har kub santimetridan - 0,01 dollar).

Ikkinchidan, yig‘im milliy valuta - so‘mda to‘lanadi. AQSh dollarida hisob-kitoblar to‘g‘risidagi xatboshi - chiqarib tashlandi.

Uchinchidan, Nizomga 1-3-ilovalar yangi tahrirda qabul qilindi. Bu - quyidagilarni qaytarib olib chiqish to‘g‘risida majburiyatnoma:

  • avtotransport vositasini;
  • yuk tortkichni;
  • tirkama yoki yarim tirkamani.

Boshqa o‘zgartirishlar ham kiritilgan.

Hujjat 24.05.2021 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid