O‘zbekiston | 16:47 / 01.06.2021
14069
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l harakati sohasidagi muammolarni o‘rganish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzildi

Respublikada yo‘l harakati sohasidagi muammolarni kompleks o‘rganish va amaliy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi tuzildi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda respublikada transport vositalaridan foydalanish xavfsizligi qoidalarini qo‘pol ravishda buzish holatlari yuqoriligi, yo‘l infratuzilmasidagi jiddiy muammolar yo‘l-transport hodisalarini keltirib chiqarayotgani, oqibatda ko‘plab insonlarning tan jarohat olishi, eng achinarlisi, insonlarning bevaqt vafot etayotgani holatlari ko‘payib bormoqda.

“Shu bois, respublikada yo‘l harakati sohasidagi muammolarni kompleks o‘rganish va amaliy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi o‘z faoliyatini boshladi”, deyiladi xabarda.

Guruh tarkibiga hukumat, ichki ishlar, transport, moliya vazirliklari, avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va boshqa mutasaddi idoralar va tashkilotlarning rahbar va malakali mutaxassislari kiritilgan.

“Guruh tomonidan yo‘llarda harakat xavfsizligini ta'minlash va yo‘l-transport hodisalari barvaqt oldini olishning bugungi kundagi holati kompleks ravishda o‘rganilib, ilg‘or xorijiy tajribasi va ilmiy yondashuvlarni qo‘llash asosida normativ-huquqiy va manzilli tashkiliy-amaliy choralar ishlab chiqiladi.

Alohida e'tibor, yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq jiddiy muammolar – yo‘llar holati, piyodalar o‘tish joyi, yo‘l belgilari, tartibga solinmagan chorrahalar va boshqalarga qaratilib, ularni tubdan yaxshilash bo‘yicha har tomonlama choralar ko‘riladi”, deyiladi IIV ma'lumotida.

Ta'kidlanishicha, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha aholini qiynayotgan muammolar o‘rganilib, ko‘riladigan kompleks chora-tadbirlar haqida jamoatchilikka axborot beriladi hamda fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar sinchkovlik bilan o‘rganib chiqiladi.

Ma'lumot uchun, yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda jami 2242ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan, avariyalar natijasida 557 kishi halok bo‘lgan, yana 1684 kishi jarohatlangan.

Avariyalar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillar qatorida tezlikni oshirish — 32,4 foiz, piyodalar o‘tish yo‘laklari yo‘qligi sababli belgilanmagan joydan o‘tish — 16,2 foiz, ustuvor huquqqa ega transport vositasini o‘tkazib yubormaslik — 11,6 foiz, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish — 9,3 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, 4 foiz avariya yo‘l harakatini noto‘g‘ri tashkil etish va yo‘llardagi nosozliklar, yana 4,1 foizi esa veloyo‘laklar bo‘lmagan joylarda ularni urib yuborish kabi holatlarga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bilan birga, 4 oy davomida bolalar ishtirokidagi YTH soni 25,3, ularda halok bo‘lgan bolalar soni 64,5 foizga oshgan.

May oyida avariyalar soni keskin oshdi va kamida 5-6 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan bir necha yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.

Mavzuga oid