O‘zbekiston | 07:12 / 05.06.2021
3546
2 daqiqa o‘qiladi

Uchquduqda yangi mahalla tashkil etilmoqda   

Foto: KUN.UZ

Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida mahallalar soni bittaga ko‘paymoqda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga xalq deputatlari Uchquduq tumani kengashining hududda yangi mahalla tashkil etish haqidagi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qarorga muvofiq tumandagi Yo‘lchilar ovuli hamda Mustaqillik, Abay, Do‘stlik mahallalari hududida yangi mahalla fuqarolar yig‘inini tuzish ko‘zda tutilmoqda. Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligi ekspert komissiyasining xulosasiga asosan yangi tuzilayotgan mahallaga «Iftixor» nomi berilishi rejalashtirilgan.  

Qaror bilan tumandagi tegishli mas'ullarga yangi tashkil qilingan mahallalar hududida yashovchi aholining fuqarolik pasportlariga o‘zgartirish kiritish, yangidan tuzilgan mahalla fuqarolar yig‘inlariga nomi yozilgan ko‘rsatgich va belgilar, peshlavhalarni zamonaviy dizayn asosida o‘rnatish, ularni ma'muriy bino va kerakli jihozlar bilan ta'minlash vazifasi topshirilgan.  

Shuningdek, qaror ilovasiga ko‘ra, yangi tuzilayotgan mahallaning maydoni 115,8 gektar qilib belgilangan. Qaror muhokamasi 16 iyun kuni yakunlanadi.

Oldinroq viloyatning Karmana tumanida «Dehqonobod», «Buyuk ipak yo‘li», «Yangihayot» nomli yangi MFYlar tashkil etilgandi.

Mavzuga oid