O‘zbekiston | 11:53 / 10.06.2021
11224
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga yana ikki partiya vaksina olib kelindi

O‘zbekistonda 5 400 000 dozalik vaksina zaxirasi shakllantirildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

10 iyunga o‘tar kechasi Toshkent xalqaro aeroportiga Rossiyadan «Sputnik V» vaksinasining navbatdagi 70 ming dozalik 2-komponenti, 10 iyun kuni ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1 million dozasi olib kelindi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Aprel oyida rossiyaliklar vaksinasidan 100 ming dozasi olib kelingandi (uning 50 ming dozasi 1-komponent, 50 ming dozasi 2-komponent). 1 iyun kuni «Sputnik V» vaksinasining navbatdagi 70 ming dozalik 1-komponenti O‘zbekistonga keltirilgan edi. 

Bugungi partiya xitoy-o‘zbek vaksinasining 5-partiyasi bo‘ldi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bungacha 27 mart (1 million doza), 27 aprel (1 million doza), 18 may (1 million doza) va 19 may kunlarida (500 ming doza) partiyalar keltirilgandi.

Shuningdek, O‘zbekistonga mart oyi oxirida AstraZeneca’ning 660 ming dozasi keltirilgan.

Shunday qilib, O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 5,4 million dozaga yetdi. Ayni paytga qadar shundan 2,4 million dozadan ortig‘i vaksinatsiya jarayonlarida qo‘llangandi.

SSV bergan so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 9 iyun kuni jami 44 440 kishi COVID-19’ga qarshi emlandi. Shulardan 19 971 nafari birinchi bosqichda, 17 658 nafar fuqaro ikkinchi bosqichda hamda 6811 nafar fuqaro esa uchinchi bosqichda emlangan.

Hozirgi kungacha O‘zbekistonda koronavirusga qarshi 2 477 974 doza vaksinadan foydalanildi, ularning 25 437 dozasi uchinchi va 920 856 dozasi ikkinchi bosqichda qo‘llanilgan. Shunga ko‘ra, mamlakatda jami emlanganlar soni 1 531 681 kishini tashkil etmoqda.

Mavzuga oid