Sport | 20:08 / 11.06.2021
28921
12 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2020, «o‘lim guruhi»: Chempionlar bir kvartetda

Yevropa chempionati ishtirokchilari bilan tanishuvni F guruhi yakunlab beradi.

FRANsIYa

  • FIFA reytingidagi o‘rni — 2
  • Yevro-2020ga yo‘l — 8 g‘alaba, 1 durang, 1 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 25-6
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Olive Jiru (6 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijalari — g‘alaba (1984, 2000)

Fransiya bosh murabbiyi

Dide Desham — Yevro-2020 ishtirokchilari orasida eng ko‘p maosh oluvchi ikkinchi murabbiy, u terma jamoani 2012 yildan buyon boshqarib kelmoqda. Terma jamoaga kelishidan oldin u 2010 yilda «Marsel» bilan Fransiya chempioni bo‘lgan. Desham boshqaruvida Fransiya jami 112 o‘yin o‘tkazdi va shundan 74tasida g‘alaba qozondi. JCh-2018 g‘olibi «Uchranglilar»ni 2016 yilgi Yevropa chempionati finaliga ham olib chiqqan, ammo o‘shanda Portugaliya tomonidan mag‘lub etilgandi. 2014 yilgi mundialda Desham jamoasi 1/4 final bosqichida bo‘lajak chempion Germaniyaga yutqazib, ishtirokini to‘xtatgandi.

Asosiy yulduzlar
Fransiya termasi yuqori saviyali yulduzlar bilan to‘lib-toshgan. Millionlab muxlislar bu jamoada birinchi navbatda Kilian Mbappening o‘yinlarini kuzatishadi. 22 yoshli fransuz — aftidan, keyingi 10 yillikning asosiy yulduz futbolchilaridan bo‘ladi. Mbappe xalqaro maydonlarda 2018 yilgi jahon chempionatidayoq o‘zini ko‘rsatib qo‘ygan. Argentinaga qarshi o‘yindagi kosmik harakatlari evaziga u turnirning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida taqdirlangandi. So‘nggi uch yilda Mbappe yanada xavfli va serqirra hujumchiga aylandi.

Tarkib
Fransuzlarning tarkibi har qanday murabbiyning havasini keltiradi — Lloris, Varan, Pavar, Kante, Pogba, Koman, Grizmann. Bolgariyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida Benzema jarohat olib, birinchi bo‘limdayoq almashtirildi, ammo Desham barchani tinchlantirdi: hech qanday qo‘rqinchli holat yo‘q, bu shunchaki kichik shikastlanish, ammo uni ehtiyotlash kerak edi. Agar Benzema turnir startini o‘tkazib yuborsa ham, uning o‘rnini Jiru egallashi mumkin.

Darvoqe, Jiru Bolgariya bilan o‘yinda o‘ziga pas berishmaganidan shikoyat qilgani terma jamoada kichik ziddiyatli holat keltirib chiqardi - undan hujumdagi sherigi Mbappe qattiq xafa bo‘lgan. Jiru jamoadoshlari bilan gaplashib, bu xabarlarga jurnalistlarning savoli sabab bo‘lganini, qolaversa, javobida Mbappeni emas, Pavar va Kante bilan bog‘liq vaziyatni nazarda tutganini aytgan. U xato qilganini tan olgan. Desham ikki futbolchi bilan ham alohida gaplashgan, keyin butun jamoa bilan suhbat o‘tkazgan. U nima bo‘lgan bo‘lsa barchasini ortda qoldirib, olg‘a harakatlanish kerakligini aytgan. So‘nggi mashg‘ulotlarda Jiru doimiy tarzda to‘pni Mbappega uzatgan, mashg‘ulotlar yakunida esa uni quchoqlab qo‘ygan.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Lloris – Varan, Kimpembe, Pavar, Ernandez – Kante, Pogba – Mbappe, Grizmann, Koman – Benzema.

Fransiya: Yevro-2020 uchun prognoz
Fransiya termasi, ayniqsa Karim Benzema qaytgani inobatga olinsa, uch yil oldingidan ham dahshatliroq ko‘rinadi. Desham jamoasi — turnirning mutlaq favoriti va g‘alabadan boshqa har qanday natija fanatlar tomonidan qabul qilinmaydi. Milliard yevrolik tarkib, amaldagi jahon chempioni maqomi, muhim futbolchilar yanada o‘sgani — «Uchranglilar»ni faqat tavqi la'nat yoki tasodifiy zarba to‘xtatishi mumkin. Xuddi Yevro-2016da Eder tomonidan berilgan zarba kabi.

GeRMANIYa

  • FIFA reytingidagi o‘rni — 12
  • Yevro-2020ga yo‘l — 7 g‘alaba, 0 durang, 1 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 30-7
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Serj Gnabri (8 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi — g‘alaba (1972, 1980, 1996)

Germaniya bosh murabbiyi

5480 kun — Yoaxim Lyov aynan shuncha vaqt mobaynida «Bundesmannshaft» boshqaruvida. Yevro-2020dan keyin u o‘z postini tark etishi ma'lum bo‘lib ulgurgan. 2014 yilgi mundial triumfatori an'anaga ko‘ra Rossiyadagi jahon chempionatida muvaffaqiyatsizlikka uchradi - nemislar Meksika, Shvetsiya va Janubiy Koreyadan tarkib topgan nisbatan oson guruhdan chiqa olishmadi. Hozirda Yevro-2020dagi eng ko‘p maosh oluvchi murabbiy bo‘lib turgan Lyov — katta g‘alabalar ta'midan yana bir bor bahramand bo‘lish va nemis futboli tarixidagi merosini yanada mustahkamlash imkoniga ega.

Asosiy yulduzlar
«Nemis mashinasi» tamg‘asi bejiz paydo bo‘lmagan. Germaniya terma jamoasida barcha futbolchilar qurilmaning bir elementi kabi ishlaydi. Ammo jamoani ortidan ergashtiruvchi asosiy yetakchini ajratib ko‘rsatish kerak bo‘lsa, bu Yozua Kimmihdir. Filipp Lamning vorisi ham o‘z o‘tmishdoshi kabi qaysi pozitsiyada o‘ynash bo‘yicha oddiy bo‘lmagan davrni boshdan kechirgan. «Bavariya»da Kimmih — maydon markazidagi muhim figura, terma jamoada esa ko‘proq himoyaning o‘ng qanotida foydalanilgan. Ammo, Kimmih qayerda o‘ynamasin, uning yetakchilik xususiyatlari jamoa sochilib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Tarkib
Germaniya termasida barcha pozitsiyachilarda kuchli ijrochilar bor. Darvozada Noyyer, himoya markazida Ryudiger, maydon markazida Kroos, Kimmix va Gundo‘g‘an, hujumda Sane, Myuller va Gnabri. Faqat chap qanotda muammo bo‘lishi mumkin, bu pozitsiyada nominal havbek bo‘lgan Emre Jan o‘ynab kelmoqda.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Noyyer – Ryudiger, Ginter, Emre Jan, Klostermann – Kroos, Kimmih, Gundo‘g‘an – Sane, Myuller, Gnabri.

Germaniya: Yevro-2020 uchun prognoz
Germaniya azaldan har qanday turnirda favoritlar qatorida bo‘lib keladi, ammo 2018 yilgi jahon chempionati va 2019 yilgi Millatlar ligasi ko‘rsatdiki, nemislar o‘z darajasiga qayta olmayapti. Yarimfinalga chiqish Lyov davrining munosib yakuni bo‘ladi. Hans-Diter Flik kelgach esa nemislar xalqaro arenalarda gegemonlik uchun qaytadan harakat boshlashi mumkin.

PORTUGALIYa

  • FIFA reytingidagi o‘rni — 5
  • Yevro-2020ga yo‘l — 5 g‘alaba, 2 durang, 1 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 22-6
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Krishtianu Ronaldu (11 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natija — g‘alaba (2016)

Portugaliya bosh murabbiyi

33 yillik murabbiylik faoliyatida Fernandu Santush faqat Gretsiya va Portugaliyadagi klublarda ishlagan. Keyin Gretsiya terma jamoasiga murabbiy bo‘lgan. 2014 yildan buyon Santush — «Yevropa brazillari» termasini boshqarib kelmoqda. Uning Yevro-2016 triumfiga qo‘shgan hissasi yetarlicha baholanmagan, shon-shuhrat Ronalduga ketgan, ammo aynan Santush Fransiyaga qarshi finalda Krishtianuning jarohatidan keyin jamoani vahimaga tushirmay o‘ynatgandi. Kuarejmani maydonga tashlab, murabbiy maydon markazidagi romb bilan 4-4-2 sxemasini saqlab qolgan, yakunda qo‘shimcha daqiqalarda Ederning goli bilan mukofotlangandi.

Asosiy yulduzlar
Brunu Fernandesh, Diogu Jota, Joau Felish, Bernardu Silva —ularning barchasi kelajakdagi asosiy yulduzlar bo‘lishi tayin. Ammo hozir haqiqiy yulduzlik maqomi hamon keksalik bilmas Krishtianu Ronalduda. 36 yoshida ham u galaktik darajada o‘ynashda davom etmoqda. Yakunlangan mavsumda Ronaldu A Seriyaning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi (29 gol). Yevro-2016 va Millatlar ligasi triumfatori hamon jahondagi eng yaxshi futbolchi ekanini isbotlash uchun 2022 yilgi jahon chempionatini kuta olmaydi.

Tarkib
JCh-2018dan keyin Yevropaning amaldagi chempionlari tarkibiga yosh yulduzlar jalb etildi, ammo 2016 yildagi jamoa o‘zagi saqlab qolingan. Fonte hamon o‘sha holatda, endi uning yonida, ehtimol dunyoning eng yaxshi markaziy himoyachisi — «Manchester Siti»dan Ruben Diash o‘ynaydi. Yarimhimoyada Brunu Fernandesh javlon uradi. Portugallarda oldingi chiziqda tanlov keng: Jota, Felish, Bernardu Silva. Agar Ronalduga nimadir bo‘lsa, uning o‘rniga «Ayntraxt» safida Bundesliganing yakunlangan mavsumida 28 gol urgan Andre Silva tushishi mumkin.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Antoni Lopesh – Ruben Diash, Fonte, Joau Kanselu, Rafael Gerreyru – Joau Moutino, Ruben Nevesh, Brunu Fernandesh – K. Ronaldu, Bernardu Silva, Andre Silva.

Portugaliya: Yevro-2020 uchun prognoz
Portugaliya tarkibi juda sifatli, Fernandu Santush katta tajribaga ega, ammo 2016 yilgi natija takrorlanishini kutish qiyin — Belgiya, Angliya va Fransiya nisbatan kuchliroq ko‘rinmoqda.

VeNGRIYa

  • FIFA reytingidagi o‘rni — 37
  • Yevro-2020ga yo‘l — 4 g‘alaba, 0 durang, 4 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 8-11, Pley-off: Bolgariya — 3:1, Islandiya — 2:1.
  • Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purari — Villi Orban (3 gol)
  • Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi — polufinal (1964)

Vengriya bosh murabbiyi

Marko Rossi vengrlarni 2018 yil iyundan buyon boshqarib kelmoqda. Unga qadar italiyalik mutaxassis murabbiylik faoliyatida katta muvaffaqiyatlarga erishmagan. Ammo uning boshqaruvida terma jamoa o‘tgan yil 6 sentyabridan buyon mag‘lubiyatga uchramay kelmoqda — o‘shanda vengrlar Millatlar ligasida Rossiyaga mag‘lub bo‘lishgandi (2:3). G‘alabasiz 10 o‘yindan iborat seriya (7 g‘alaba, 3 durang) qoyilmaqom natija. Rossi sxemalar bilan tajribalar o‘tkazib kelmoqda, ammo, ko‘p ehtimol bilan himoyaga ko‘proq urg‘u qaratgan holda 3-5-2 sxemasidan foydalanishi mumkin.

Asosiy yulduzlar
Vengriyalik futbol muxlislari va barcha chiroyli futbol ixlosmandlari uchun afsuslanarli hol, terma jamoaning asosiy yulduzi — «Leypsig» havbeki Dominik Soboslai — jarohat tufayli turnirda o‘ynay olmaydigan bo‘ldi. Uning yo‘qligini nemis klubidagi jamoadoshlari himoyachi Villi Orban va darvozabon Peter Gulachi yopishga harakat qilishadi. Vengrlar oldinda terma jamoa sardori Adam Soloiga tayanadi.

Tarkib
May oyida jarohat tufayli Sobosloidan ayrilgan Vengriya asosiy yulduzisiz qoldi. Ammo har bir chiziqda yaxshi ijrochilar bor: darvozabon Gulachi, markaziy himoyachi Orban, yarimhimoyachi Klyaynxaysler, vingbek Lovrenchich, baland bo‘yli forvard A. Soloi.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Gulachi – Orban, Botka, Attila Soloi – Shafer, Xolender, A.Nad, Klyaynhaysler, Lovrenchich – Adam Soloi, Roland Sholloi.

Vengriya: Yevro-2020 uchun prognoz
F guruhini shubhasiz «o‘lim guruhi» deb atash mumkin, ammo, format turniridan kelib chiqqan holda — pley-offga endi 3-o‘rinni olib ham chiqish mumkinligini hisobga olsak, — bu guruhda faqat vengrlar o‘ladi, deyish mumkin. Ular uchun bu turnir — asosan o‘z yulduzlarini namoyish etish imkoniyati, shuningdek, qaysidir o‘yinda sensatsiyaga harakat qilish. Qolaversa, muxlislar uchun ajoyib futbol atmosferasi, axir Vengriya termasi ikki o‘yinni Budapeshtda o‘tkazadi.

Yevro-2020: F guruhi taqvimi
15 iyun
2100 Vengriya — Portugaliya (Budapesht)
0000 Fransiya — Germaniya (Myunxen)

19 iyun
18.00 Vengriya — Fransiya (Budapesht)
2100 Portugaliya — Germaniya (Myunxen)

23 iyun
00:00 Germaniya — Vengriya (Myunxen)
00:00 Portugaliya — Fransiya (Budapesht)

Mavzuga oid